Prezidentni ham tashvishga solayotgan semizlik qanchalik xavfli?
Salomatlik
−
03 noyabr 2020
12055Sayyoramizdagi COVID-19 pandemiyasi sabab joriy etilgan karantin davlatlar o‘rtasidagi tengsizlikni yanada kuchaytirdi. Dunyoning qaysidir burchagida odamlar ochlikdan qiynalayotgan bo‘lsa, boshqa tomonda semizlik muammosi avj olmoqda. Semizlik nima? Bu qanday kasallik? Davolash yo‘llari bormi? Bugungi mulohazalarimiz shu haqida.
Semizlik – vaznning ortishi, tanadagi yog‘ to‘qimalarining to‘planib qolishi bilan o‘lchanadigan kasallik. Semizlik ortiqcha kaloriyali ovqatlar iste’mol qilish va harakatsizlik natijasida kelib chiqadi. Kasallikning asosiy belgisi – normadagi tana vazni 20 foizdan oshib ketadi. Kasallikka uglevodga boy, tez tayyor bo‘ladigan ovqatlarni ko‘p iste’mol qilish, miyaning gormonlar ishlab chiqarish funksiyasining buzilishi va organizmdagi bezlar faoliyatining o‘zgarishi sabab bo‘lishi mumkin.
Rivojlangan mamlakatlarda kafe, bar, oshxona kabi umumiy ovqatlanish shoxobchalari yil sayin ortib bormoqda. Odamlar ham tez tayyor bo‘ladigan ovqatlarni ma’qul ko‘rishi sir emas. Qolaversa, global iqlim o‘zgarishi tabiiy mahsulotlar sifatiga ham ta’sir ko‘rsatyapti. Bu ham o‘z-o‘zidan salomatlik bilan bog‘liq muammolarni kuchayishiga olib kelmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining hisob-kitoblariga ko‘ra, yaqin bir necha o‘n yillikda ortiqcha vazn muammosi inson salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. 2030 yilga borib dunyo aholisining 45 foizi semirib ketishi ehtimoli bor. Semizlik faqatgina yoshi kattalarga emas, balki bolalar va o‘smirlar sog‘ligiga ham xavf soladi. Achinarli jihati shundaki, 1975 yildan buyon dunyodagi semiz odamlar soni uch baravarga oshgan. 5 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan 340 milliondan ziyod bolalar ushbu xastalikka uchragan.
Shunchaki, vaznimiz og‘ir bo‘lishi nimani o‘zgartiradi deyishingiz mumkin. Bu yog‘ini eshiting. Semizlik oqibatida metabolik sindrom, qandli diabed, yurak ishemik kasalligi, miokart infarkti, insult, gipertoniya kasalligi, surunkali vena qon-tomirlarining yetishmovchiligi, xoletsistit va o‘t-tosh kasalligi, artrit, osteoxondroz va osteoartroz, umurtqa pog‘onasi churralari, jigarning yog‘li distrofiyasi hamda onkologik kasalliklar vujudga kelishi mumkin. Haliyam semizlikdan qo‘rqmayman deysizmi? Unda davom etamiz. Yurak qon-tomir kasalliklariga yer yuzida o‘limning asosiy sababi deb qaraydigan bo‘lsak, uning ham rivojlanishiga aynan semizlik “yordamlashadi”.
Bundan tashqari, bugungi kunda butun dunyoga tarqalib ulgurgan koronavirus infeksiyasi ham aynan ortiqcha vazni bor insonlarda og‘ir keyapti va ko‘p hollarda o‘lim bilan yakunlanyapti.
Xavotir olmang bu xastalikning oldini olish yo‘llari ham bor: Sog‘lom ovqatlanish, jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanish, tamaki va alkogol mahsulotlaridan voz kechish kifoya qiladi. Piyoda yurish orqali qon-tomir kasalliklari, insult xavfli o‘smalar, nafas olish a’zolarining surunkali kasalliklari va qandli diabet kabi yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldi olinadi.
Ko‘rinib turibdiki, inson salomatligi tananing vazniga har tomonlama bog‘liq. O‘zbekistonda ham sog‘lom turmush tarziga o‘tishga harakat boshlab yuborilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilingan “Sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmon ham ayni masalaga bag‘ishlangan. Ayniqsa bu borada amaldorlar xalqqa o‘rnak bo‘lishi kerak. Har oy eng ko‘p piyoda yurgan fuqarolarga esa pul mukofoti beriladigan bo‘ldi.
“The Economist” nashri 2017 yilda qiziq bir maqolani e’lon qilgan edi. Maqolada Sobiq SSSR tarkibidagi respublikalarda vazni og‘ir amaldorlarning ko‘pligi o‘sha mamlakatdagi korrupsion vaziyat bilan bog‘liqligi aytiladi.
Mazkur indeksga ko‘ra, Boltiq bo‘yidagi 3 ta davlat – Estoniya, Latviya va Litva, shuningdek Gruziya sobiq SSSRga tarkibida bo‘lgan mamlakatlar orasida eng korrupsiyadan holi davlatlar hisoblanadi. Shuningdek, ushbu davlatlar vazn jihatdan eng ixcham vazirlari bilan ham maqtana olar ekan.
Aksincha, korrupsiya indeksida eng quyi o‘rinlarda turadigan O‘zbekiston va Turkmanistonda, shuningdek Ukrainada ortiqcha vaznga ega vazirlar soni ko‘p ekan.
Ana shunaqa gaplar. Xullas, tongda yuguring, to‘g‘ri ovqatlaning. Shunda hech kim sizni semizlikda ham, poraxo‘rlikda ham ayblolmaydi.
Karim Zaripov
LiveBarchasi