Prezidentlikka nomzodlarni odamlar taniydimi?

Jamiyat

Joriy yilning 9 iyul kuni O‘zbekistonda muddatidan ilgari prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Saylovda mamlakatning 5 ta siyosiy partiyasidan jami 4 nafar nomzod ko‘rsatilgan. Prezidentlik saylovini o‘tkazish uchun esa davlat byudjetidan 174 mlrd so‘mdan oshiq mablag‘ sarflanadi. Bunda siyosiy partiyalarga jami 20 mlrd ga yaqin, har bir nomzodga esa saylov targ‘iboti uchun salkam 5 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Xo‘sh, xalqning bu puli nimaga ishlatilyapti? Odamlar o‘zlari bilishi kerak bo‘lgan nomzodlarni taniydimi? To‘g‘rirog‘i, nomzodlar o‘zini tanita olyaptimi? QALAMPIR.UZ mazkur savollar bilan aholi vakillariga yuzlanib, ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazdi.

QALAMPIR.UZ muxbiri mikrofon tutganlarning ko‘pchiligi prezidentlik saylovi qachon bo‘lishini bilmasligi, nomzodlarni ham tanimasligini aytgan.

Quyida javoblarning bir nechtasini keltiramiz:

  • “Saylov qachon ekanini bilmayman. Nomzodlarni ham tanimayman”;
  • “31 dekabrda bo‘lsa kerak, nomzodlarni ham bilmayman”;
  • “9 iyulda bo‘ladi. Nomzodlardan esa faqat Mirziyoyevni taniyman”;
  • “Yo‘q, saylov qachon bo‘lishini bilmayman. Menimcha, nomzod faqat Prezident Mirziyoyevning o‘zi bo‘lsa kerak, boshqa hech kimni tanimayman”

Tahririyatning Telegram messenjeridagi rasmiy sahifasidagi so‘rov natijalari esa tamomila boshqa.

Onlayn so‘rovnomada 22 mingdan ortiq ovoz beruvchi ishtirok etgan. Ishtirokchilarning katta qismi, ya’ni 85% prezidentlik saylovining joriy yil 9 iyulda bo‘lib o‘tishini to‘g‘ri topgan. 7% ovoz beruvchi esa saylovning 9 sentyabr kunida bo‘lib o‘tadi, deb hisoblaydi. Shuningdek, 4% fuqarolar saylovni 30 dekabr, yana 4% ishtirokchi esa 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi, degan fikrda.

Bundan tashqari, “Prezidentlikka nomzodlarning qaysi birini taniysiz?” degan savolga javob bergan 2 893 nafar fuqarolarning 75 foizi amaldagi Prezident Shavkat Mirziyoyevni, 11 foizi esa Ulug‘bek Inoyatov, 7 foizi Robaxon Mahmudova va yana 7 foizi esa Abdushukur Hamzayevni belgilagan.

So‘rovnomaning to‘liq shaklini QALAMPIR.UZ’ning Youtube sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

so'rovnoma prezidentlik saylovi Prezidentlikka nomzodlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing