Prezidentlik saylovlarida Tramp yetakchilik qilmoqda
Olam
−
06 noyabr
7228AQSHdagi prezidentlik saylovlarida Tramp Jorjiya va Shimoliy Karolinada, Harris Michigan va Pensilvaniyada yetakchilik qilmoqda. Bu haqda AP nashri xabar berdi.
Nashr prognozlariga ko‘ra, Jorjiyada Toshkent vaqti bilan soat 7:00 holatiga ko‘ra, Donald Trampga 55,2 foiz, Kamola Harrisga 47,2 foiz saylovchilar ovoz bergan. Shimoliy Karolinada – Tramp uchun 53,9 foiz, Harris uchun 45,1 foiz. Pensilvaniyada 67,3 foiz saylovchilar Harrisni, 31,9 foizi Trampni, Michiganda 54,8 foizi Harrisni, 43,2 foizi Trampni qo‘llab-quvvatlagan.
2024 yilgi prezidentlik poygasida yettita ikkilanayotgan shtat bor: Arizona, Nevada, Viskonsin, Jorjiya, Shimoliy Karolina, Pensilvaniya va Michigan. U yerdagi saylovchilarning ovozlari butun prezidentlik poygasi natijalariga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Respublikachi Donald Trampning Indiana, Kentukki, G‘arbiy Virjiniya, Oklaxoma, Florida, Tennessi, Janubiy Karolina, Missisipi, Alabama va Arkanzas shtatlarida yetakchilik qilishi taxmin qilinmoqda.
Kamola Harris esa Konnektikut, Massachusets, Vermont, Merilend, Rod-Aylend va Delaverda g‘alaba qozonyapti.
Ma’lumot uchun, AQSH prezidenti saylovchilar kollegiyasi tomonidan saylanadi. Amerikaning 50 shtatlarining har birida, shuningdek, Kolumbiya okrugida ma’lum miqdordagi saylovchilar kollegiyasi bor. Ularning soni aholi soniga bog‘liq. Nomzod xalq ovozini yo‘qotib qo‘yishi va Saylov kollegiyasining ko‘pchilik ovozini qo‘lga kiritishi va prezident bo‘lishi mumkin. Bu AQSH tarixida besh marta, jumladan, Donald Trampning 2016 yildagi g‘alabasida ham sodir bo‘lgan.
Ko‘pgina hollarda, shtatda eng ko‘p ovoz to‘plagan nomzod avtomatik ravishda barcha saylovchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Ammo ikkita istisno mavjud: Nebraska va Men. Nebraska respublikachilarga ko‘p ovoz beradi, ammo demokratik nomzod, vitse-prezident Kamola Harris u yerda kamida bitta saylovchilar kollegiyasi ovozini olish imkoniyatiga ega. Bu ikkala shtatda ham saylovda ovozlar bo‘linishi mumkin.
Saylovda g‘alaba qozonish uchun mutlaq ko‘pchilik — kamida 270 saylovchilar ovozi kerak. Agar nomzodlarning hech biri kerakli songa yetmasa, prezident AQSH Kongressi Vakillar palatasi tomonidan, vitse-prezident esa Senat tomonidan saylanadi.
Hozirda AQSHda mamlakatning 47-prezidenti saylanmoqda. Respublikachi Donald Tramp va demokrat Kamola Harris davlat rahbari lavozimiga da’vogarlik qilmoqda.