Prezidentlar ishtirokida “Kelajak merosi” sovrindorlari taqdirlandi
Jamiyat
−
15 noyabr 2025 3443 2 daqiqa
Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif davomida Markaziy Osiyo davlatlari Prezidentlari va Ozarbayjon yetakchisi “Kelajak merosi” xalqaro mukofoti sovrindorlarini taqdirlash marosimida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan ta’sis etilgan xalqaro mukofot adabiyot, madaniyat, san’at, fan, ta’lim va raqamli texnologiyalar sohalarida katta yutuqlarga erishgan milliy va xorijiy ijodkorlarni rag‘batlantirishga qaratilgan.

Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon vakillari: Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) bosh kotibi, Qirg‘iziston xalq yozuvchisi Sulton Rayev “Adabiyot” nominatsiyasida, Tojikiston xalq shoiri Davlat Safarzoda “Madaniyat” nominatsiyasida, M.Avezov nomidagi Qozog‘iston Milliy drama teatri aktyori Yerkebulan Dayirov “Teatr va kino” yo‘nalishida, Ozarbayjon xalq artisti Alim Gasimov “Musiqa va raqs” nominatsiyasida, Turkmaniston xalq artisti Babasari Annamiradov “Tasviriy va amaliy san’at” yo‘nalishida, O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi xalqaro markaz direktori o‘rinbosari, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori Dilfuza Egamberdiyeva “Fan, ta’lim va raqamli texnologiyalar” nominatsiyasida tanlovning ilk g‘oliblari bo‘lgan.


Yetakchilar huzurida laureatlarga mukofot statuetkasi, diplom hamda 10 ming dollarlik pul mukofoti topshirilgan. Davlat rahbarlari sovrindorlar bilan suratga tushgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan mintaqa mamlakatlari Prezidentlari va Ozarbayjon yetakchisi O‘zbekiston Prezidenti bilan birgalikda Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi