Islom sivilizatsiyasi markazi Ginnessga kirdi (video)

Jamiyat

image

Bugun, 13 aprel kuni Toshkent shahridagi Islom sivilizatsiyasi markazi “Ginnessning rekordlar kitobi”ga kiritildi. Bu haqda ushbu rekordni e’lon qilishga bag‘ishlangan tadbirda qatnashayotgan QALAMPIR.UZ muxbiri xabar berdi.

Qayd etilishicha, markaz muzeyi “Eng yirik islom sivilizatsiyasi muzeyi” deb tan olingan. Inshoot Toshkentning mashhur Hazrati Imom majmuasi hududidagi 10 gektar maydonda barpo etilgan. Bino uch qavatdan iborat bo‘lib, uzunligi 161 metr, eni 118 metrni tashkil etadi. Gumbazining balandligi 65 metr, umumiy foydalanish hududi esa 42 ming kvadrat metrdan ziyod. Aynan shu noyob ko‘rsatkichlar uni “Ginnessning rekordlar kitobi”ga kiritish uchun asos bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, markaz qadimiy va milliy me’morchilik an’analari asosida qurilgan bo‘lib, unga to‘rt tomondan – to‘rt asosiy portal orqali kirish mumkin. Ushbu portallar va binoning tashqi ravoqlari ilm-ma’rifat, bag‘rikenglik, insoniylik va ota-onaga hurmat mazmunidagi Qur’on oyatlari hamda hadislar bilan bezatilgan. Birinchi qavatdan qariyb 8 ming 350 kvadrat metrlik ko‘rgazma zaliga ega muzey va 550 o‘rinli anjumanlar zali o‘rin olgan. Ikkinchi qavatda esa qo‘lyozma va toshbosma manbalar, bosma va elektron adabiyotlar fondiga ega kutubxona, o‘quv zallari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ilmiy muassasalar uchun sharoit yaratilgan. Gumbaz ostida maxsus mepping gologrammasi yaratilgan bo‘lib, unda avval koinot tasviri namoyon bo‘ladi, osmondagi yulduzlar jilolanadi. Gumbaz ostidagi yulduzlar kompozitsiyasi Toshkent osmonida tunda ko‘rinadigan yulduzlar xaritasi asosida shakllantirilgan. Ularni ifoda etish uchun 90 dona “svarovskiy” toshi va 650 dan ortiq chiroqlardan foydalanilgani mazkur zalga alohida ulug‘vorlik bag‘ishlagan.

U yerda Usmon Mushafi bilan bir qatorda O‘zbekistonga tegishli bo‘lgan, turli sulolalar davrida yaratilgan 114 ta nodir Qur’on qo‘lyozmasi jamlangan. Ular orasida somoniylar, qoraxoniylar, g‘aznaviylar, temuriylar, shayboniylar va boshqa davrlarga mansub noyob nusxalar bor. Markaz Fransiyaning Avitsenna mukofotiga sazovor bo‘lgan, AQSHdagi Smitson institutining “Smithsonian Magazine” nashri talqiniga ko‘ra, 2026 yilda dunyoda eng katta qiziqish bilan kutilgan 10 ta muzeydan biri sifatida e’tirof etilgan. Shuningdek, “Condé Nast Traveler” nashri uni 2026 yil iyun oyida tashrif buyurish mumkin bo‘lgan muzeylar ro‘yxatiga kiritgan, BBC Travel esa dunyodagi eng ko‘p kutilgan muzeylar qatoriga qo‘shgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17 mart kuni Shavkat Mirziyoyev jamoatchilik vakillari bilan birgalikda Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Islom tsivilizatsiyasi markazi Ginnessning rekordlar kitobi eng katta muzey

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing