Prezident yig‘ilish o‘tkazyapti. Karantin cheklovlari qaysi holatda qaytarilishi aytildi
Jamiyat
−
20 avgust 2020
31640Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tmoqda. Unda davlat rahbari pandemiyani jilovlash doirasida olib borilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib, Mustaqillik bayramini bunday sharoitda nishonlash yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
Jumladan, qayd etilishicha, bugunga kelib mamlakatda jami koronavirus yuqtirganlar soni 37,5 mingdan oshdi, shundan 33 mingdan ziyodi yoki 88 foizi sog‘aydi. 4 mingta bemorni davolash va oilasi bag‘riga qaytarish choralari ko‘rilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bunday natijalar mamlakat tibbiyot xodimlarining buyuk xizmati ekanini alohida aytib o‘tdi. Vaziyat ayniqsa, Toshkent shahrida ijobiy tomonga o‘zgarayotgani, yaqinda Rossiya, Germaniya va Xitoydan taklif etilgan shifokorlar hududlar o‘rtasida taqsimlangani, Germaniyadan yana mutaxassislar kelishi kutilayotgani qayd etildi.
“Xorijlik ekspertlar asosan og‘ir ahvoldagi kasallarni eng zamonaviy uslublar asosida, tizimli ravishda davolashga jalb etilmoqda”, deydi Prezident.
Davlat rahbari ta’kidlaganidek, ayni haftalar sinovli davr bo‘ladi. Ko‘rilayotgan choralar qanchalik natija berishi keyingi haftada ayon bo‘ladi.
Lekin, aholi tomonidan shifokorlar tavsiyalariga, ya’ni niqob taqish, ijtimoiy masofani saqlash, oilaviy marosimlarni ixchamlash kabi qat’iy ehtiyot choralariga rioya qilinmas ekan, davlat karantin cheklovlarini qaytadan tatbiq qilishga majbur bo‘lishi qayd etildi.
Shu munosabat bilan, har bir kishi pandemiya sharoitida yashash va ishlashga, epidemiologik talablarga so‘zsiz amal qilishga odatlanishi kerakligi yana bir bor ta’kidlandi.
Shu bois, hokimlar, sektor rahbarlari va vazirlarga doimiy ravishda vaziyatni tahlil qilib, COVID-19 tarqalishini qat’iy cheklash, bemorlarni samarali davolash va ehtiyojmandlarga yordam berish bo‘yicha barcha choralarni ko‘rib borish topshirig‘i berildi.
LiveBarchasi