Prezident yoshlar masalasi bilan ishlashni nega DXXga topshirganini aytdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan yoshlar bandligi va ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda. Prezident yig‘ilishda yoshlar masalasi bilan ishlashni bejiz DXXga topshirmaganini urg‘uladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda. 

Mirziyoyev shuncha vazifalar belgilab berilganiga qaramay, ayrim rahbarlarning yoshlar masalalariga e’tibori hali ham talab darajasida emasligini keskin tanqid qildi.

“Biz yil boshida yoshlar masalasini bejiz Davlat xavfsizlik xizmatiga topshirmagan edik. Bu boradagi o‘rganishlar joylarda saviya yo‘qligini ko‘rsatdi. Tuman, shahar hokimlari, hozirgi zamon talabiga mos ish qilolmayapti, rektorlar nomiga yuribdi. Nimaga rektor yoshlar bilan uchrashdi, 2-3 ta talabani ishli qildi, degan gapni eshitmaymiz? Yoki rektorlar nega talabalar turar joylariga borib san’at arboblari bilan uchrashuv o‘tkazmaydi, nimaga taklif bermaydi? Ota-onalar rektorlarga qarab turganda nega ular tashabbus bilan chiqmaydi? Chunki hech kim yomon ko‘ringisi kelmaydi, amalda hamma o‘ziga yaxshi bo‘lishini xohlaydi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari Prezidentning yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidovda talabchanlik yetishmayotganini, Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov foliyatida natija ko‘rinmayotganini tanqid qildi.

Yig‘ilishda joylardagi muammolar aniq misollar bilan aytib o‘tildi. Masalan, Andijon viloyatida 80 ming nafar ishsiz yoshdan birinchi chorakda 35 ming 600 nafarining bandligi ta’minlangan, shundan bor-yo‘g‘i 5 mingga yaqini doimiy ishlarga joylashtirilgan. Vaholanki, bugungi kunda viloyatda sanoat korxonalari va klasterlarda 7 mingta doimiy vakant ish o‘rinlari mavjud.

Jalaquduq, Paxtaobod tumanlari va Xonobod shahrida bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.

Xuddi shu kabi, ishsiz yoshlarni kasb va tadbirkorlikka o‘qitishda ham muammolar bor. Kosonsoyda 4,5 ming nafar ishsiz yoshlarning 31 nafari, Namangan tumanida 3,6 ming nafardan 47 nafari, Taxtako‘pirda 1,3 ming nafardan 45 nafari o‘qitilgan, xolos.

Shuningdek, yoshlarning o‘zini o‘zi band qilishi uchun Bandlik jamg‘armasidan 7 million so‘mgacha subsidiya ajratilishi belgilangan bo‘lsa-da, Qashqadaryoda bor-yo‘g‘i 5 nafar, Andijonda 11 nafar, Qoraqalpog‘istonda 76 nafar yoshlarga subsidiya ajratilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev DXX

Baholaganlar

424

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing