Prezident yarim kechasi Al-Xorazmiy shaharchasi loyihasi bilan tanishdi
Jamiyat
−
31 mart 2022
11528Kecha, 30 mart kuni Turkiya Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi yakunlanganidan so‘ng, Preziden Shavkat Mirziyoyev Xorazmda rejalashtirilgan bunyodkorlik loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.
Qayd etilishicha, Prezident tashabbusi bilan Urganchda Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishi rejalashtirilgan. Buning uchun aeroport yaqinidan 110 gektar yer ajratilgan.
Joriy yil 7 fevral kuni o‘tkazilgan taqdimotda shaharchaning umumiy konsepsiyasi tasdiqlangan edi. Bu gal undagi har bir inshootning ichki mazmuni muhokama qilindi.
Loyihaga ko‘ra, bu yerda universitet, IT park, uylar, maktab va bog‘cha, madaniyat va sport majmualari barpo etiladi. Shaharcha markazida Muhammad al-Xorazmiy sayilgohi bo‘lib, buyuk allomaning yangi haykali o‘rnatiladi.
Taqidmotda Shavkat Mirziyoyev qurilish ishlarini boshqarish bo‘yicha komissiya tuzishga ko‘rsatma bergan.
“Bu yer shahar ichidagi shahar bo‘ladi. Universitet, innovatsion markaz va maktablar ilm va ta’lim klasterini tashkil etadi. Bu yerda ishlovchilar uchun uy-joylar, ilmga asoslangan sanoat zonasi ham bo‘ladi. Bu shaharchani shunga munosib qilib, sifatli qurish kerak”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Urganchdagi San’at muzeyi binosini rekonstruksiya qilib, ko‘rgazma maydonini kengaytirish, Xivadagi Qo‘g‘irchoq teatrini zamonaviy binoga ko‘chirish ham mo‘ljallangan. Prezidentimiz yangi binolardan samarali foydalanish, ularda qo‘shimcha xizmatlarni yo‘lga qo‘yib, daromad topishiga sharoit yaratish muhimligini ta’kidlagan.
Kommunal sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tuzilmasini takomillashtirib, quyi tizimda samarali ishlatish vazifasi qo‘yilgan.