Prezident yangi qarorni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Qishloq xo‘jaligi mashinasozligini jadal rivojlantirish, agrar sektorni qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlashni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish sanoatini rivojlantirish, eksportga mo‘ljallangan tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish va turlarini kengaytirish, shuningdek, aholini mahalliy ishlab chiqarilgan texnikalar bilan ta’minlash bo‘yicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, mahalliy qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘rtasida kooperatsiya tizimi yo‘lga qo‘yilmaganligi, ishlab chiqarilayotgan texnikalarda import qismlari ulushining yuqoriligi, agrar sektorni texnika bilan ta’minlashning barqaror tizimi mavjud emasligi, texnikalarga servis xizmati ko‘rsatishning to‘liq yo‘lga qo‘yilmaganligi hamda ilm-fan bilan ishlab chiqarishning uyg‘unlashmaganligi ushbu sohaga alohida e’tibor qaratishni taqozo etmoqda.

Qishloq xo‘jaligi mashinasozligi tarmog‘ini yanada rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarish jarayonini to‘liq yo‘lga qo‘yish, agrar sektorni hududlarning tabiiy iqlim va tuproq sharoitlariga mos keladigan zamonaviy va arzon qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlash, shuningdek, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini joriy etish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish darajasini 2021 yilda 60 foizga yetkazish bo‘yicha ishlab chiqilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi uch oy muddatda investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun salohiyatli investorlarni jalb qilish va ushbu loyihalarni 2021 yil yakuniga qadar ishga tushirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

Ushbu qarorning 1-ilovasiga muvofiq tasdiqlanayotgan investitsiya loyihalari texnik iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishga, istisno tariqasida, tender o‘tkazmagan holda saralash tanlovi asosida loyiha institutlari va injiniring kompaniyalarini jalb qilishga ruxsat berilsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ, “Asaka” ATBning “Metall buyumlarni quyish zamonaviy sexini ishga tushirish” loyihasini amalga oshirishga xorijiy tijorat banklari kredit liniyalarini jalb qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

“O‘zagrotexsanoatxolding” AJ:

ikki oy muddatda mazkur loyihaning texnik iqtisodiy asoslari yetakchi loyiha institutlari va injiniring kompaniyalarini jalb qilgan holda ishlab chiqilishini;

loyihaning 2020 yil oktyabr oyiga qadar foydalanishga topshirilishini;

“Asaka” ATB bilan birgalikda mazkur loyihaning loyiha hujjatlari kompleks ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlasin.

3. Qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarish sanoati va boshqa sanoat tarmoqlari o‘rtasida kooperatsiyani amalga oshirish tavsiya etilayotgan mahsulotlar ro‘yxati 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga mazkur ro‘yxatga o‘zgartirish kiritish huquqi berilsin.

4. Quyidagilar:

2019-2020 yillarda qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi 3-ilovaga muvofiq;

Qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni jadallashtirish bo‘yicha ishchi guruhi (keyingi o‘rinlarda Ishchi guruhi deb yuritiladi) tarkibi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Ishchi guruhi (N.S.Otajonov):

mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning so‘zsiz bajarilishini muvofiqlashtirish va nazorat qilishni;

mazkur qaror ijrosi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning har 15 kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritib borilishini ta’minlasin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ bilan birgalikda uch oy muddatda yetakchi xorijiy konsalting kompaniyasini jalb etgan holda, jumladan, quyidagilarni nazarda tutuvchiqishloq xo‘jaligi mashinasozligi sohasini 2025 yilga qadar rivojlantirish dasturini ishlab chiqsin:

ishlab chiqarilayotgan mavjud texnika turlarini optimallashtirish va yangi turdagi qishloq xo‘jaligi texnikalarining byudjet modelini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish hamda respublikada ishlab chiqarilayotgan qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun yangi milliy “brend”ni yaratish;

bog‘dorchilik, meva-sabzavotchilik va chorvachilik yo‘nalishida texnika turlarini ishlab chiqarishni kengaytirish va umumiy ishlab chiqarish hajmini oshirish;

o‘rta va uzoq muddatga mo‘ljallangan eksport ulushini oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni tasdiqlash va tayyor mahsulot eksportini ishlab chiqarilgan mahsulotga nisbatan 2022 yilda 20 foizga, 2025 yilda esa 30 foizga yetkazish;

zamonaviy korporativ boshqarish usullarini, xususan “YeRP” avtomatlashtirilgan hisobga olish, “GMS” ishlab chiqarishni boshqarish va “BIQ” sifatni boshqarish tizimlarini joriy etish;

qishloq xo‘jaligi uchun kichik mexanizatsiya texnikalarini ishlab chiqarishni tashkil etish;

mashina-traktor parklarining mavjud texnikalari va bo‘sh turgan yer maydonlarini optimallashtirish hamda ularni asosan ta’mirlash va servis xizmatlari ko‘rsatishga ixtisoslashtirish.

6. Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi tartibi joriy etilsin:

2019-2021 yillarda qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan mahalliylashtirish darajasi 20 foizdan kam bo‘lmagan holda respublikada ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi texnikalari xarid qilinganida texnika narxining 15 foizi miqdorida subsidiya berish;

kombaynlarni xorijda xizmat ko‘rsatish (xizmatlar eksporti) uchun tashish transport xarajatlarining 80 foizini kompensatsiya qilish.

7. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bir oy muddatda mazkur qarorning 6-bandida nazarda tutilgan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshirish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. 

8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bir oy muddatda:

mahalliy qishloq xo‘jaligi texnikalari xaridlarini kreditlash va ularni lizingga berish tizimini takomillashtirish maqsadida milliy valyutada tijorat banklariga 50 million AQSH dollari ekvivalentida mablag‘larni joylashtirsin va samarali o‘zlashtirish choralarini ko‘rsin;

mazkur qarorning 6-bandida nazarda tutilgan tadbirlarni moliyalashtirish uchun 2019 yil uchun 60 milliard so‘m, keyingi yillarda esa talabga muvofiq zarur mablag‘larni yo‘naltirsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi:

2019-2020 yillarda imtiyozli kredit liniyalari hisobidan ekvivalenti 60 million AQSH dollari miqdoridagi milliy valyutaning tijorat banklari orasida ularning buyurtmanomalari asosida mahalliy qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilishni moliyalashtirish uchun ajratilishini;

ikki oy muddatda Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga zarur texnikalarni lizing orqali yetkazib berish tizimini takomillashtirish yuzasidan past foizli xorijiy kredit resurslarini jalb qilgan holda aniq chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqilishini ta’minlasin. Bunda barcha lizing korxonalari uchun teng raqobat muhiti yaratilishi ta’minlansin.

10. “Asaka” ATB va “Agrobank” ATBning mahalliy qishloq xo‘jaligi texnikalarini lizing va kreditga olishni moliyalashtirish uchun 60 million AQSH dollarimiqdorida xalqaro moliya institutlari va xorijiy tijorat banklarining imtiyozli kredit liniyalarini jalb etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

11. Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi hamda qishloq xo‘jaligi texnikalaridan foydalanish va texnik servisi yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga biriktiriladigan kasb-hunar kollejlari ro‘yxati 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilab qo‘yilsinki, mazkur kasb-hunar kollejlarida:

qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi hamda qishloq xo‘jaligi texnikalaridan foydalanish va texnik servisi yo‘nalishlari bo‘yicha xodimlar malakasini oshirish va qayta tayyorlash markazlari ish beruvchilarning buyurtmalari asosida O‘zbekiston Respublikasi Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hisobidan tashkil etiladi. Bunda xodim aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari yo‘llanmasi asosida ishga qabul qilingan bo‘lishi lozim;

kadrlar tayyorlash kasblar va mutaxassisliklarning murakkabligidan kelib chiqqan holda 2 yilgacha muddatda kunduzgi, kechki va sirtqi ta’lim shakllarida amalga oshiriladi;

mazkur qaror bilan kasb-hunar kollejlariga biriktirilgan oliy ta’lim muassasalari “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ tizim korxonalari bilan birgalikda tegishli kasb-hunar kollejlariga metodik yordam ko‘rsatilishini hamda kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari o‘rtasida kelgusi faoliyatini davom ettirish yuzasidan kasbga yo‘naltirish ishlarini tizimli ravishda tashkil etadi;

kadrlar tayyorlash bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan manfaatdor ish beruvchilar bilan birgalikda har yili 1 martga qadar qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi hamda qishloq xo‘jaligi texnikalaridan foydalanish va texnik servisi yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarni aniqlash orqali shakllantiradi.

12. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:

Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Toshkent davlat texnika universiteti, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti va Toshkent avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ekspluatatsiyasi institutining sohaga oid tegishli kafedralari filiallarini “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ tizim korxonalarida tashkil etish;

“O‘zagrotexsanoatxolding” AJ tizim korxonalarida kamida 5 yil ish stajiga ega bo‘lgan fuqarolarni qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi hamda qishloq xo‘jaligi texnikalaridan foydalanish va texnik servisi yo‘nalishlari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga sirtqi va kechki ta’lim shakllariga suhbat natijalariga ko‘ra tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish;

“O‘zagrotexsanoatxolding” AJ tizim korxonalarining rahbarlik lavozimlariga, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan tavsiya etiladigan xorijiy oliy ta’lim muassasasini tugatgan yoki ilmiy darajaga ega nomzodlar orasidan tanlov yo‘li bilan lavozimga tayinlash;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining tavsiyasiga muvofiq “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ tizimi korxonalarida lavozimga tayinlangan professor-o‘qituvchilarning oliy ta’lim muassasasidagi ish joyi va o‘rtacha oylik ish haqini 2 yil davomida saqlab qolish.

“O‘zagrotexsanoatxolding” AJ o‘zining tarkibiga kiruvchi korxonalarda talabalar dars mashg‘ulotlari hamda amaliyot o‘tkazish uchun auditoriyalarning tashkil etilishi va ularning darsdan bo‘sh vaqtlarida ishlashiga sharoit yaratilishini ta’minlasin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:

bir oy muddatda “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ bilan birgalikda qishloq xo‘jaligi mashinasozligi sohasida kadrlar buyurtmachilari takliflari va ilg‘or xorijiy tajriba asosida o‘quv reja va fan dasturlarini qayta ko‘rib chiqsin hamda tasdiqlasin;

2020/2021 o‘quv yilidan boshlab xorijiy davlatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan birgalikda ikki tomonlama diplom beriladigan qo‘shma dasturlar asosida qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi hamda qishloq xo‘jaligi texnikalaridan foydalanish va texnik servisi yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘ysin.

14. 2019 yil 1 sentyabrdan shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash, qishloq xo‘jaligi mashinasozligi hamda qishloq xo‘jaligi texnikalaridan foydalanish va texnik servisi yo‘nalishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha “El-yurt umidi” jamg‘armasi hisobidan:

magistr, doktorant, professor-o‘qituvchi, ilmiy xodim va soha muhandis texnik xodimlari yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalariga o‘qish va malaka oshirish uchun yuboriladi;

ikki tomonlama diplom beriladigan qo‘shma dastur asosida tahsil olayotgan iqtidorli bakalavr talabalarning xorijiy oliy ta’lim muassasasidagi o‘qish to‘lov kontrakti to‘lab beriladi.

15. Belgilansinki, “O‘zagrotexsanoatxolding” AJning ijro etuvchi apparati tuzilmasi va boshqaruv xodimlarining umumiy cheklangan soniga aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi qarori bilan o‘zgartirish kiritilishi mumkin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi “O‘zstandart” agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda import qilinadigan va yangi ishlab chiqariladigan qishloq xo‘jaligi texnikalari uchun o‘rnatilgan texnik talablarni respublikaning tuproq-iqlim sharoiti va xalqaro standartlar asosida takomillashtirish bo‘yicha takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

17. Mazkur qarorni amalga oshirish bo‘yicha batafsil amaliy tadbirlar rejasi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

18. “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ:

a) tadbirkorlik sub’ektlarini keng jalb qilgan holda:

2020 yil 1 martga qadar ichki va tashqi bozorlarda dilerlik tarmog‘ini kengaytirish;

mahalliy qishloq xo‘jaligi texnikalariga xizmat ko‘rsatuvchi zarur texnikalar bilan jihozlangan va ko‘chma xizmat ko‘rsatuvchi beshta mintaqaviy servis markazlarini 2019 yil oxirigacha, qolgan hududlarda 2021 yil 1 yanvarga qadar tashkil etsin;

b) 2020 yildan boshlab qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtiruvchilar hamda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarini keng jalb etgan holda “AgroMashExpo” qishloq xo‘jaligi texnikalari xalqaro ko‘rgazma-savdosini har yili ikki marotaba o‘tkazishamaliyotini joriy etsin;

v) “O‘zstandart” agentligi bilan birgalikda 2020 yil 1 martga qadar ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlarning xavfsizlik va sifat ko‘rsatkichlarini ta’minlaydigan namunaviy tajriba dasturlarini ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin;

g) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2019 yil 31 iyul


Maqola muallifi

Teglar

qaror agrar texnika

Baholaganlar

7

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing