Prezident va oilasini tanqid qilgan jurnalist ozodlikka chiqdi
Olam
−
04 mart 2019
31542Avvalroq, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va uning rafiqasi – mamlakat vitse-prezidenti Mehribon Aliyeva, qolaversa, ko‘plab amaldorlar faoliyatini hazilomuz tanqid ostiga olgan bloger Mehmon Huseynov hibsda saqlanayotgani va 2018 yil oxirida unga yangi ayblov qo‘yilgani, bunga javoban Huseynov ochlik e’lon qilgani, mamlakat poytaxtida esa Huseynov ozodligini so‘rab namoyish o‘tkazilgani haqida xabarlar bergan edik.
Joriy yilning 2 mart kuni bloger Mehmon Huseynov ozodlikka chiqdi. Bu haqda mahalliy OAV xabar bermoqda. Uni qamoqxona ostonasida yaqinlari, oila a’zolari va bir qator jurnalistlar qarshilagan.
U qamoqxonadan chiqiboq, o‘z onasi qabri boshiga borgan. So‘ng ozarbayjonlik marhum jurnalist Elmar Huseynovning qabrini ham ziyorat qilgan.
“Bu men uchun juda muhim edi. Men yana to‘g‘ri yo‘ldaman”, deydi Huseynov.
Ma’lum qilinishicha, bugun, 4 mart kuni Mehmon Huseynov OAV vakillari bilan uchrashib, matbuot anjumani o‘tkazadi.
Eslatib o‘tamiz, Mehmon Huseynov atrofidagi mashmashalar 2017 yilning yanvar oyida boshlangan edi. Avvaliga bloger Bakuning markaziy ko‘chalaridan birida politsiyaga qarshilik ko‘rsatgani uchun hibslandi. Sud unga 200 manat (120 AQSH dollari) jarima tayinladi. Jarimani to‘lash uchun Mehmon Huseynov aksiya tashkil etib, odamlardan tangalarni yig‘a boshladi.
Oradan ko‘p o‘tmay unga politsiya bilan bo‘lgan kelishmovchilik vaqtida huquq xodimini haqoratlagan degan tamg‘a qo‘yilib, 2017 yilning mart oyida ikki yil ozodlikdan mahrum etildi. 2019 yilning mart oyida u qamoqdan chiqishi kerak edi. Biroq, 2018 yilning 28 dekabr kuni Huseynovning qamoqxona nazoratchisini do‘pposlagani iddao qilindi va yangi ayblov qo‘yildi. Ushbu ayblov ortidan u 5 yildan 7 yilgacha hibslanishi mumkin. Bunga javoban Mehmon Huseynov ochlik e’lon qilgandi.
LiveBarchasi