Prezident O‘zbekistonda qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlardan qoniqmadi
Jamiyat
−
06 mart 2020
5824Bugun, 6 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev atrof-muhitni asrash va chiqindilarni boshqarish tartibini takomillashtirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar bermoqda.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi hamda 2019-2028 yillarda O‘zbekiston Respublikasida qattiq maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi ijrosi qoniqarsiz deb topildi.
Xususan, atrof-muhitga salbiy ta’sirlar saqlanib qolmoqda. Atmosferaga katta miqdorda ifloslantiruvchi moddalar chiqarilmoqda. Fauna va floraga xavf ortib boryapti.
Maishiy chiqindi hajmi yiliga 7 million tonnadan ziyod bo‘lib, uning atigi 19 foizi qayta ishlanmoqda. Bu borada xususiy sektor ulushi past. Sanitar tozalash xizmatlari hamma mahallalarda ham mavjud emas. Qurilishlar va sanoat rivoji natijasida chiqindilar hajmi ortmoqda.
Yig‘ilishda aholiga sanitar xizmat ko‘rsatish qamrovini 2021 yilda 100 foizga yetkazish, 221 ta chiqindi poligonini sanitariya-ekologiya talabiga muvofiqlashtirish zarurligi belgilandi.
Qurilish vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga joriy yilda Toshkent, Samarqand va Andijon viloyatlarida, keyinchalik boshqa hududlarda ham qurilish chiqindisi poligonlari hamda chiqindini qayta ishlash loyihalarini ishga tushirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar maydonini kengaytirish, Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni ovlaganlik uchun jazoni kuchaytirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Ma’lumki, Prezidentimiz farmoniga muvofiq, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy joriy qilingan edi. Lekin joylardagi rahbarlarning e’tiborsizligi oqibatida ayrim hollarda o‘simlik dunyosiga zarar yetkazildi. Bosh prokuraturaga ushbu masala bo‘yicha hokimlar faoliyatini qat’iy nazoratga olib, javobgarlik muqarrarligini ta’minlash topshirildi.
Ishlab chiqarish jarayonida ekologik normalarga rioya etish masalalari ham tahlil qilindi.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi laboratoriyalarida jihozlarning 65 foizi eskirgani ko‘rsatib o‘tildi. Havoga ifloslantiruvchi moddalar chiqarish hajmining 60 foizi yoqilg‘i-energetika, 20 foizi tog‘-kon va metallurgiya sohasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Shu bois tabiatni muhofaza qiluvchi texnologiyalarni qo‘llagan sanoat korxonalarini rag‘batlantirish, chang-gaz tozalash uskunalari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Sohada kadrlar siyosati keskin tanqid qilindi. Jumladan, malakali mutaxassislar, ilmiy-tadqiqot ishlari yetishmasligi, birorta oliy o‘quv yurtida ekologiya bo‘yicha maxsus fakultet yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi. Tadqiqotlarga grantlar ajratish, xorijda ilmiy xodimlar malakasini oshirish, sohaga innovatsion texnologiya va g‘oyalarni jalb qilish muhimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.