Erdo‘g‘anning odami Mirziyoyev qabulida bo‘ldi

Jamiyat

image

Bugun, 28 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan mamlakatda bo‘lib turgan Turkiya ichki ishlar vaziri Sulaymon Soyluni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi. 

Qayd etilishicha, uchrashuvda oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida huquqni muhofaza qilish va jamoat xavfsizligini ta’minlash sohalarida amaliy hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Uchrashuv avvalida vazir Sulaymon Soylu Shavkat Mirziyoyevga Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan.

Turkiya tomoni sa’y-harakatlarni samarali muvofiqlashtirish va xavfsizlikka tahdid solayotgan zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi kurashish maqsadida tizimli idoralararo sheriklikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekani qayd etilgan.

Suhbatda faol muloqotlarni, axborot almashishni va ilg‘or tajribani o‘rganishni davom ettirish, uyushgan, shu jumladan kibermakondagi jinoyatchilik, terrorizm, diniy ekstremizm, narkotrafik va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha qo‘shma tadbirlar o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 28 iyul kuni Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi a’zosi, Tashqi ishlar vaziri Van Ini qabul qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Turkiya Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

117

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing