Prezident to‘lovi 100 ming AQSH dollari bo‘lgan xalqaro mukofot ta’sis etadi
Jamiyat
−
18 mart 2020
17991Matematika amaliyotdagi muayyan muammoning yechimini taklif etgan olimlarni mukofotlash maqsadida Prezidentning Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofoti ta’sis etiladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston Respublikasida matematika sohasidagi ta’lim sifatini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy qilishni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasida qayd qilingan.
Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Fanlar akademiyasining matematikasi sohasidagi ilmiy izlanishlari natijalariga ko‘ra amaliyotdagi muayyan muammoning yechimini taklif etgan olimlarni mukofotlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofotini ta’sis etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi.
Unga ko‘ra, quyidagilar belgilanadi:
• Mukofot bilan O‘zbekiston Respublikasi va chet el fuqarolari taqdirlanadi;
• Mukofot bilan taqdirlash bo‘yicha harajatlar bir martalik to‘lov shaklida 100 ming AQSH dollari miqdorida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;
• Mukofot taqdirlash O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan har yili O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika fan va texnologiyalar kengashining taqdimnomasiga ko‘ra beriladi;
• Kengashda nomzodlarni ko‘rib chiqish O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tegishli davlat yoki xo‘jalik boshqaruvi organining xulosasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadigan takliflariga ko‘ra amalga oshiriladi;
• taqdirlash uchun nomzodlar bo‘yicha takliflar Matematika jamiyati tomonidan o‘tkaziladigan doimiy kuzatuvlar asosida shakllantiriladi va ekspert tavsiyanomasi shaklida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligiga taqdim etiladi.