Prezident tug‘ilgan kuni bilan tabriklaganlarga minnatdorlik bildirdi

Jamiyat

image

Kecha, 24 iyul kuni 69 yoshni qarshi olgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tug‘ilgan kuni bilan tabriklagan barchaga minnatdorlik bildirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“Tavallud kunim munosabati bilan chin dildan tabriklab, samimiy qutlovlar va ezgu tilaklarini yo‘llagan davlat va hukumat boshliqlariga, xorijiy siyosat va jamoat arboblari, ishbilarmon doiralar vakillariga, xalqaro tashkilotlar rahbarlariga, yurtimizdagi mahallalar va mehnat jamoalariga, nuroniylar, yoshlar, xotin-qizlar va tadbirkorlarga, turli kasb egalari bo‘lgan barcha vatandoshlarimizga chuqur minnatdorlik izhor etaman”, deydi O‘zbekiston yetakchisi.

Shuningdek, Prezident o‘z sha’niga bildirilgan bu tabrik va tilaklarni, avvalo, ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi va davlatiga yuksak hurmat va ehtirom ifodasi, Yangi O‘zbekistonning dunyo miqyosida ortib borayotgan obro‘-e’tibori va nufuzining e’tirofi sifatida qabul qilishini bildirgan.

“Fursatdan foydalanib, bag‘rikeng va oliyjanob xalqimizga yana bir bor chin dildan o‘zimning cheksiz mehrim va hurmatimni bildiraman.

Jonajon Vatanimizda erkin va farovon, obod hayot qurishga qaratilgan islohotlarimizni qo‘llab-quvvatlab, ularda faol ishtirok etayotgan ko‘pmillatli xalqimizning aql-zakovati va fidokorona mehnati bilan oldimizga qo‘ygan yuksak va sharafli maqsadlarga albatta erishamiz, deb ishonaman”, deydi O‘zbekiston Prezidenti.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyevning tavallud kuni munosabati bilan xorijiy davlatlar, hukumatlar va parlamentlar, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, moliyaviy institutlar, yetakchi xorijiy kompaniyalar rahbarlari, taniqli jamoat va din arboblaridan samimiy qutlovlar kelayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing