Prezident transport va turizm ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlashga oid qarorni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Transport va turizm ob’ektlarida jamoat xavfsizligini ta’minlashning samarali tizimini joriy etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori

O‘tgan davr mobaynida respublikaning turistik salohiyatini yuksaltirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi, turistlar uchun qulay sharoitlar yaratish hamda tashrif uchun xavfsiz mamlakat sifatida O‘zbekistonning obro‘sini shakllantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ko‘rildi.

Xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘yicha yaratilgan tizim turistik joylarda hamda turistlar tomonidan respublika bo‘ylab harakatlanish uchun faol foydalanilayotgan temir yo‘l va havo-transport infratuzilmasi ob’ektlarida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish chora-tadbirlarini o‘zida birlashtirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5611-sonli hamda 2019 yil 1 fevraldagi “Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5647-sonli farmonlariga muvofiq, shuningdek transport va turizm ob’ektlarida jamoat xavfsizligini samarali ta’minlashning sifat jihatidan yangi bosqichiga o‘tish maqsadida: 

1. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining:

Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarida joriy etilayotgan Xavfsiz turizmni ta’minlash konsepsiyasini (keyingi o‘rinlarda – Konsepsiya) Toshkent shahri, Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida tatbiq etish va bosqichma-bosqich amalga oshirish;

ichki ishlar organlarining belgilangan shtatlar soni doirasida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi, Toshkent va Surxondaryo viloyatlari ichki ishlar boshqarmalarining xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmalarini (keyingi o‘rinlarda – boshqarmalar) tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin. 

Boshqarmalar faoliyatining asosiy yo‘nalishlari quyidagilar belgilansin:

bevosita turistik namoyishi ob’ektlari va infratuzilmasi hududlarida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurash sohasida ichki ishlar organlari xizmatini samarali tashkil qilish;

ichki ishlar organlarining xavfsiz turizmni ta’minlash borasidagi faoliyatini axborot-texnik jihatdan ko‘maklashish, ular o‘rtasidagi o‘zaro muvofiqlashtirilgan hamkorlik ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish;

turistik namoyishi ob’ektlari va infratuzilmasi hududlarida kriminogen vaziyatni tizimli tahlil qilish, turistlarga nisbatan sodir etiladigan huquqbuzarliklar sabablari va sharoitlarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish.

2. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash boshqarmasi, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Toshkent metropolitenida ichki ishlar boshqarmasi hamda Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasi transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘limi negizida vazirlikning Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi (keyingi o‘rinlarda – Bosh boshqarma) tashkil etilsin.

Bosh boshqarmaning asosiy vazifalari quyidagilar belgilansin:

metropoliten, temir yo‘l va havo-transport infratuzilmasi ob’ektlarida (keyingi o‘rinlarda – transport ob’ektlari) jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurash borasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish;

yo‘lovchilarning harakatlanish xavfsizligini, temir yo‘l va havo transportida tashiladigan tovar-moddiy boyliklarning butligi va qo‘riqlanishini samarali ta’minlash;

transport ob’ektlarida terroristik tahdidlarni, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar va ularning prekursorlari, o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, portlovchi, radioktiv, zaharli, kuchli ta’sir qiluvchi va zaharlovchi moddalarning noqonuniy aylanmasi bilan bog‘liq holatlarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishni tashkil qilish;

zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda transport ob’ektlari va ularga tutash hududlarda jamoat xavfsizligini ta’minlashning markazlashgan muvofiqlashtirilgan boshqaruvini amalga oshirish.

3. 2019 yil 1 apreldan boshlab shunday tartib joriy etilsinki, unga ko‘ra:

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Xavfsiz turizmni ta’minlashni muvofiqlashtirish boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalariga (keyingi o‘rinlarda – xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari) shartnoma asosida turistlar va turistik guruhlarni, shu jumladan avtotransportda harakatlanish vaqtida kuzatib borish hamda moddiy madaniy meros ob’ektlarida jamoat tartibini saqlash bo‘yicha pulli xizmatlar ko‘rsatish huquqiga ega;

transport ob’ektlarida, birinchi navbatda turistik yo‘nalishdagi poyezdlarda xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘yicha funksiyalar transportda xavfsizlikni ta’minlash bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi;

transport ob’ektlarida sodir etilgan jinoyat va hodisalar haqidagi xabar va arizalarni hisobga olish va qayd etish markazlashgan tartibda transportda jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘linmalarining navbatchilik qismlari tomonidan amalga oshiriladi;

transport ob’ektlari va ularga tutash hududlarda sodir etilgan jinoyatlar bilan bog‘liq bahsli materiallarni ko‘rib chiqishga doir qaror qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining transport va turizm ob’ektlarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Transport prokuraturasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi;

turistik yo‘nalishdagi temir yo‘l transportida harakatlanish davomida sodir etilgan, tegishliligi bo‘yicha ichki ishlar organlariga taalluqli bo‘lgan ma’muriy huququzarliklarni ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish ularda jamoat tartibini samarali ta’minlash uchun kuzatuvchi profilaktika inspektorlari lavozimlarini bosqichma-bosqich joriy etish orqali bevosita poyezdlarning o‘zida amalga oshiriladi;

temir yo‘l vokzallari va aeroportlar atrofida yo‘l harakati xavfsizligi qoidalari buzilishining oldini olish va chek qo‘yish hududiy ichki ishlar organlari bilan birgalikda transportda xavfsizlikni ta’minlash bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi.

4. Belgilansinki:

xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari joylarda Konsepsiyaning amalga oshirilishi uchun mas’ul bo‘lgan ishchi organ sifatida faoliyat olib boradi;

xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari o‘z xizmat faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri tomonidan tasdiqlanadigan alohida farqlovchi belgilar, avtotransport vositalarida yagona svetografik sxemalar hamda emblemadan foydalanishlari mumkin;

boshqarma boshliqlari bir vaqtning o‘zida tegishlicha Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi, Toshkent va Surxondaryo viloyatlari ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining o‘rinbosarlari hisoblanadi;

boshqarmalarga Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand va Xorazm viloyatlari ichki ishlar organlarining turdosh bo‘linmalari uchun qonunchilikda belgilangan kadrlarni tanlash va mehnatga haq to‘lash shartlari tatbiq etiladi;

Toshkent shahar, Toshkent va Surxondaryo viloyatlari hokimlari tegishli vazirlik va idoralarning hududiy bo‘linmalarining Konsepsiyani amalga oshirish bo‘yicha faoliyati ustidan tizimli nazoratni ta’minlaydilar va ularning yaqin va samarali hamkorligini tashkil etish bo‘yicha shaxsan javobgar hisoblanadilar;

ichki ishlar organlari respublikada xavfsiz turizmni ta’minlash ahvolini tizimli monitoring qiladi hamda turistlar oqimi va yuzaga kelayotgan tezkor vaziyat tahlili asosida mazkur yo‘nalishdagi ish samaradorligini oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga davriy ravishda takliflar kiritib boradi;

transportda xavfsizlikni ta’minlash bo‘linmalari faoliyatni kundalik tartibga solish masalalari bo‘yicha tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi ichki ishlar vaziri va viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari boshliqlariga, xizmat va tezkor faoliyatni tashkil etish masalalari bo‘yicha bevosita Bosh boshqarmaga bo‘ysunadi.

5. 2019 yil 1 apreldan boshlab yuridik shaxs tashkil etmagan holda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzurida Xavfsiz turizmni ta’minlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil etilsin hamda uni shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizm sohasini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga tushumlarning 10 foizi;

xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari xodimlari tomonidan tegishliligiga ko‘ra ularga taalluqli ma’muriy huquqbuzarliklarga doir ishlar bo‘yicha undirilgan jarimalar mablag‘lari;

mazkur qarorga muvofiq xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun kelib tushadigan mablag‘lar;

xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari hamda qonunchilik bilan ta’qiqlanmagan boshqa manbalar.

O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziriga Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan:

xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari xodimlarining qo‘shimcha shtat birliklarini joriy qilish hamda turistik namoyishi va infratuzilmasi ob’ektlarining soni hamda o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda ushbu sohaga fuqarolarni shartnoma asosida jalb qilish;

xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari xodimlari uchun, qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa qo‘shimcha haqlardan qat’iy nazar, lavozim maoshining 100 foizigacha bo‘lgan miqdorda rag‘batlantiruvchi ustamalar joriy etish huquqi berilsin.

Belgilansinki, Jamg‘arma mablag‘lari faqat quyidagilar uchun sarflanadi:

xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalarining xodimlarini rag‘batlantirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash;

xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari xodimlarining kasbiy tayyorgarligini oshirish, ular tomonidan ilg‘or xorijiy tajribani, shu jumladan xorijiy mamlakatlarga chiqish orqali o‘rganish bilan bog‘liq tadbirlarni tashkil etish;

xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalari xodimlarining qo‘shimcha joriy etilgan va byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmaydigan shtat birliklarini hamda shartnoma asosida jalb qilingan fuqarolarni moliyalashtirish;

xavfsiz turizmni ta’minlash sohasida ko‘rgazma va yarmarkalarni o‘tkazish, loyiha, dastur va boshqa tadbirlarni amalga oshirish.

8. 2019 yilda O‘zbekiston Respublikasida xavfsiz turizmni ta’minlash samaradorligini oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirlik va idoralar rahbarlariga “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida, sifatli va samarali amalga oshirilishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.

9. O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziriga:

shartnoma asosida “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ mablag‘lari hisobidan turistik yo‘nalishlar bo‘yicha temir yo‘l poyezdlarida profilaktika inspektorlarining qo‘shimcha shtat birliklarini joriy etish;

transport ob’ektlarida huquqbuzarliklarni aniqlash va o‘z vaqtida chek qo‘yish hamda favqulodda holatlarda harakatlanish maqsadida idoraviy vertolyot texnikasi imkoniyatlaridan foydalanish tartibini belgilash huquqi berilsin.

10. Viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari turistik ob’ektlar va infratuzilmasi hududida jamoat xavfsizligini ta’minlash faoliyatini moddiy-texnik mustahkamlash maqsadida uch oy muddatda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘linmalariga mamlakatimizda ishlab chiqarilgan 3 tadan yengil avtomobil, 5 tadan skuter va 5 tadan mototsikllarni bir martalik xarid qilish va ajratish choralarini ko‘rsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Ichki ishlar vazirligi Transport vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati bilan birgalikda:

ikki oy muddatda mazkur qaror talablaridan kelib chiqqan holda, Bosh boshqarma tuzilmasida transport ob’ektlari va ularga tutash hududlarda jamoat xavfsizligini ta’minlashning markazlashgan muvofiqlashtirilgan boshqaruvini amalga oshirish imkonini beruvchi situatsion-tahliliy markazni tuzish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;

transport ob’ektlarida, shu jumladan “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ va “Uzbekistan airports” AJ mablag‘lari hisobidan intellektual videokuzatuv tizimini joriy etishni hamda uni “Xavfsiz shahar” apparat-dasturiy kompleksiga bosqichma-bosqich integratsiya qilishni ta’minlasin. 

12. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi Transport vazirligi va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda transport va turizm ob’ektlarida jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida politsiya tuzilmalari va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan, shu jumladan ishchi safarlarni tashkil etgan holda uchrashuv va muzokaralarni nazarda tutuvchi ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish dasturini tasdiqlasin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi:

bir oy muddatda mazkur qaror talablaridan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Xavfsiz turizmni ta’minlash jamg‘armasi to‘g‘risida nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

yangidan tashkil etilayotgan bo‘linmalarning to‘laqonli faoliyatini ta’minlash maqsadida ikki oy muddatda, faoliyatining o‘ziga xos jihatlarini hisobga olgan holda ularni joylashtirish, jihozlash, malakali mataxassislar bilan jamlash hamda boshqa tashkiliy masalalarni hal etish chora-tadbirlarini ko‘rsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Belgilansinki, mazkur qarorda nazarda tutilgan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq sarf-xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining asoslangan hisob-kitoblari bo‘yicha har yili ajratiladigan byudjet mablag‘lari, Ichki ishlar vazirligining byudjetdan tashqari mablag‘lari, Jamg‘arma, mahalliy byudjetlar mablag‘lari hamda qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.

15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 6-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari B.M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 
Shavkat Mirziyoyev


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qarori turizm transport

Baholaganlar

14

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing