SSSRdan meros vagonlar
Tahlil
−
26 iyul
17004Odamlar fikricha, uzoq yo‘lga chiqish uchun eng xavfsiz transport bu poyezd. Chunki unda avtomobillar kabi har kuni halokatlar yuz bermaydi. Tirbandlikda qolib ketmaydi, hojatxonadan muammo bo‘lmaydi. Bir qarashda poyezdda uzoq yo‘lga safar qilish qulay va xavfsizdek ko‘rinadi, ammo…
Yaqin-yaqinga qadar poyezdlar orqali safarga otlanish arzon va xavfsizdek tuyulgan bo‘lsa, bugun aslo unday emas. To‘g‘ri, halokatga uchrash foizlari kam, lekin vagonlardagi jiddiy kamchiliklar yo‘lovchi ta’bini xira qilishi bor gap.
Tarmoqlarda poyezdlarning narxi oshib, sifati o‘zgarmagani tanqid qilinishi bilan “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ bir necha yo‘nalishdagi poyezdlar eskirganini aytib chiqdi. Xo‘sh, o‘zi O‘zbekiston qachondan poyezd xizmatlaridan foydalanishni boshlagan?
Ma’lumotlarga qaraganda ilk temiryo‘l 1888 yil Amudaryo orqali 30 ta ko‘prikning qurilishi bilan Samarqandgacha yetib kelgan. O‘tgan asr boshlarida poyezdlardan tijorat maqsadida foydalanishgan bo‘lsa, vaqt o‘tishi bilan ulardan faqat tijorat emas, yo‘lovchi tashish uchun ham foydalanishni boshlashdi. Odamlarning ham poyezdlarga bo‘lgan talabi ortdi, albatta. Ko‘plab yo‘lovchilar yengil avtomobillar hali ko‘p bo‘lmagan bir paytda poyezdlar orqali bir shahardan ikkinchisiga borishgan. Ular uchun poyezdda safar qilish arzon va qulay variant bo‘lgan. O‘z davrida yetarli sharoitlarga ega bo‘lgan poyezd vagonlari oradan I asr o‘tibdi ham-ki yo‘lovchilariga xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Orangizda “nima uchun I asr oldingi vagonlardan voz kechilmaydi, yo temiryo‘lni rivojlantirishga mablag‘ yo‘qmi?” deydiganlar ham topiladi. Aslida pul bor…
2023 yilda davlat byudjetidan aynan Transport vazirligiga 5 trln 195 mlrd so‘m miqdorida pul ajratilgan. 2024 yilda bu summa 20 foizga oshib, 6 trln 185 mlrd 909,4 mln so‘m pul ajratilgan. Yuqorida keltirilgan summaning qanchasi aynan temiryo‘llarga berilgani bizga qorong‘i.
Bundan tashqari, har 6 oyda 7 milliondan ziyod aholi temiryo‘llar xizmatidan foydalanishini hisobga olsak, bu soha o‘zini to‘liq bo‘lmasa ham qisman boqa oladi. Yiliga 14 mln foydalanuvchisi bor bo‘lgan “O‘zbekiston temiryo‘llari” ning bir yillik daromadini taxminan hisoblasak: bir kishi uchun 1 dona chipta narxini o‘rtacha 250 ming so‘m deb olib, 250 mingni 14 millionga ko‘paytiramiz. Umumiy summa 3 trln 500 milliardga yaqin bo‘ladi. Bu degani temiryo‘llar yillik o‘rtacha 4 trln so‘mga yaqin daromad qiladi. Bundan tashqari, yiliga kamida bir marta chipta narxlari oshadi.
Masalan: 2022 yilda Toshkent-Qo‘ng‘irot yo‘nalishida Buxorogacha borish chipta narxlari plastkart vagonlari uchun 120 ming so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, 2024 yilda Toshkent-Qo‘ng‘irot yo‘nalishida Buxoro viloyatiga borish 165 ming 760 so‘mni tashkil qilmoqda. Bu degani ikki yilda bir yo‘nalish narxi 38 foizga oshgan.
2023 yilda Toshkent Shimoliy vokzalidan Buxoro yo‘nalishida harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezdining bilet narxi 173 ming so‘m bo‘lgan bo‘lsa, uning hozirgi qiymati 403 ming so‘m.
Toshkent Shimoliy vokzalidan Navoiyga boradigan “Sharq” yo‘lovchi poyezdi uchun yo‘l haqi 132 ming 180 so‘m bo‘lgan, ilgari uning narxi 92 ming so‘m edi.
Yuqorida keltirilgan narxlar faqatgina plaskart vagon uchun. Bundan tashqari, poyezdlarning yo‘nalishi va rusumiga qarab, VIP, biznes, ekonom klasslar va o‘rindiqli, kupe, SV klassdagi vagonlar ham bor. Narxlar ham shunga yarasha, albatta.
Yilda ikki bor bo‘ladimi yo bir marta, chipta narxining ko‘tarilishi, afsuski, sifatga zarracha ta’sir qilmaydi. Buni biz emas, yiliga kamida 4 bor temiryo‘l xizmatidan foydalanadiganlar aytmoqda. Ismi sir bo‘lib qolishini istagan yo‘lovchi poyezdlardan ko‘p foydalanadi.
“Men o‘qiydigan universitet poytaxtda bo‘lgani uchun poyezddan ko‘p foydalanaman. Yaqinda to‘yim bo‘ldi, turmush o‘rtog‘im Buxoroda ishlaganlari sabab har 2 haftada Toshkentdan Buxoroga borib kelaman. Hozir havo issiq, bundan tashqari, biz manzilga cho‘llardan o‘tib boramiz, poyezd sovutgichi ishlamaydi. Vagon ichida nafas olib bo‘lmaydi. Xodimlarga shikoyat qilsak, hozir yoqamiz, konditsioner ozgina “damini olsin” deyishadi. Har yili shu ahvol, nega muammolarga yoz kelishidan oldin chora ko‘rishmaydi. Yoshi katta odamlar issiqda mazasi bo‘lmaydi, bir amallab keldik. Sharoitlar juda yomon, chipta narxi ko‘p oshadi, ammo sharoitlar yaxshilanmaydi.
“Afrosiyob” poyezdi tez yuradi, deb unga chiqib ko‘rdim, sharoitlari yaxshiku-ya, ammo chipta topish qiyin, topganimizda ham narxlari juda qimmat. O‘zi 517 ming stipendiya olaman, chipta narxlari esa bir oylik stipendiyamdan ham qimmat”, deydi talaba kelin.
Yana bir talaba Setora Jafarova ham 6 yildir-ki poyezd xizmatlaridan doimiy foydalanadi. Uning gaplariga qaraganda, poyezdlarda o‘zgarish bo‘lishini kutish “xo‘rozdan tuxum kutgandek gap”.
“Doim biletlarni onlayn xarid qilaman. Xarid qilganda konditsionerli bilet uchun to‘lov qilaman. Poyezd yurgandan keyin esa konditsioner ishlamaydi, to‘lagan pulimga kuyib qolaman. Bugungi kun talablariga vagonlar umuman javob bermaydi. Shunday vaziyatda yana bilet narxlari kun ora oshadi. Oshganiga yarasha qaniydi vaziyat ham yaxshilansa. Menimcha, “O‘zbekiston temiryo‘llari” iste’molchilar huquqlarini buzyapti. Ularga nisbatan chora ko‘rish vaqti keldi, deb o‘ylayman”, deydi yo‘lovchi.
Temiryo‘llardagi sharoit yaxshi emasligini nafaqat talabalar, balki san’atkorlar ham aytyapti. Ijtimoiy tarmoqlarda bir nechta san’atkorlar poyezd vagonlarida ahvol achinarli ekanligi haqida gapirib chiqqaniga ko‘zingiz tushgan bo‘lsa kerak. Videoda aytilishicha, poyezd biletlari xarid qilinayotganda ularga “vagonda konditsioner bor”, deb aytilgan. Afsuski, kupeda konditsioner ishlamagan! O‘zimizni qora ko‘zlarni qo‘ying, poyezdlarning eskiligi-yu tartibsizligining dovrug‘i Erongacha yetib bordi.
Eronlik mashhur sayohatchi bloger Muizin Miratvariy O‘zbekistonga kelib temiryo‘llar xizmatidan foydalangan va u shunday izoh qoldirgan:
“Vagonlar 19 asrlardagi Eronni eslatadi, vagonlarda havo yetishmaydi, juda issiq va tartibsiz, sassiq hidga chidab bo‘lmaydi. “Afrosiyob” poyezdiga bilet topish qiyin. Chipta narxi 480 ming so‘m, ya’ni 40 dollarga yaqin. Bu pulga Erondan boshqa davlatga samolyotda uchish mumkin”, degan eronlik bloger.
Albatta, tarmoqlardagi e’tirozlarga “O‘zbekiston temiryo‘llari” jim turmaydi. Tashkilot “dejurniy” bayonot bilan qutuladi. AJ doimgidek foydalanilayotgan ayrim vagonlar ishlab chiqarilganiga 30 yildan oshgani, texnik shartlariga ko‘ra, tashqi havo harorati 40 darajadan yuqorilab ketganda, tizimning sovitish samaradorligi yo‘qolishi haqida aytib, aravani quruq olib qochdi.
Vagonlar eskirgani, o‘tgan asrdan qolganini bilamiz, buni uning ko‘rinishi ham, ichidagi sharoitlari ham aytib turadi. Yo‘lovchilarni qiziqtiradigan savol shu: vaziyat qachon butunlay yaxshilanadi? Biz aytayotgan muammolar bugunning muammosi emas! Yillar davomida aytilib kelinayotgan va hanuzgacha yechimini topmayotgan muammolardan biri aslida.
Butun dunyoda har sohada rivojlanish bo‘lgani kabi poyezdlar ham kun sayin yangilanib, zamonaviylashib bormoqda. Bugungi kun poyezdlari samolyotlardek juda tez harakatlanyapti. Shaharlar va davlatlarni bir-biriga bog‘laydigan maxsus tezyurar poyezdlar ishlab chiqarilib, foydalanishga topshirilyapti. Zamonaviy talablar asosida jihozlanyapti, sovitkichlar, televizorlar va hatto internet tarmoqlari bilan ta’minlanyapti. Xitoy va Yaponiyada 300 km masofani atigi 1 soatda bosib o‘tadigan poyezdlar odamlarga xizmat ko‘rsatib kelayotgani dunyo davlatlari qanchalik rivojlanib ulgurganidan darak beradi.
Ayrim davlatlar bunday vagonlardagi muammolarga yechimni o‘tgan asrda topib bo‘lgan, bu tizimning yangilanadigan payti ham allaqachon kelib bo‘lgan.
"O‘zbekiston temir yo‘llari" bir necha martalab tanqid qilingan bo‘lishiga qaramay, sohada haligacha biror qarmoqqa ilingulik ijobiy o‘zgarishlar ko‘rinmaydi. Poyezdlardan haqli shikoyat qiladigan yo‘lovchilar ko‘p, chunki ular chiptalar uchun yaxshigina pul to‘lashyapti, biroq sharoitlar puliga yarasha emas. Yozda issiq, qishda sovuq sabab muammolar kelib chiqadigan bo‘lsa, nega ularga oldindan tayyorgarlik ko‘rilmaydi? Bu savolga javob esa mavhumligicha qolmoqda.
Zumrad Zaripova
LiveBarchasi