Prezident topshirig‘i – O‘zbekistonda 1 dekabrgacha 85 million tup ko‘chat ekiladi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida joriy yilning 25 oktyabrdan 1 dekabrgacha 85 million tup ko‘chat ekishga topshiriq berdi. U bu haqda bugun, 11 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida turizm va madaniyat maskanlari imkoniyatlarini to‘liq ishga solish hamda "Yashil makon" kuzgi mavsumini samarali tashkil etish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida aytildi.

Yig‘ilishda, bu yilgi “kuzgi daraxt ekish mavsumi”da barcha darajadagi rahbarlar, vazirlar, hokimlar, mahalla faollari, jamoat arboblari, nuroniylar, san’atkor va sportchilar, mashhur blogerlar o‘rnak ko‘rsatishlari muhimligi ta’kidlandi. 

Buning uchun Respublika shtabi tashkil qilinadi. Fanlar akademiyasi, Tuproqshunoslik, O‘rmonchilik institutlari, o‘rmon xo‘jaliklari rahbarlari ham shtabga a’zo bo‘ladi. Shtab tuproq tahlili, iqlim sharoiti asosida qayerga, qachon, qaysi ko‘chat turini qancha ekishni belgilab beradi.

Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan 2 yilda uy-joy massivlarida 1 ming 200 gektardan ortiq yashil bog‘ va jamoat parklari, 1 million gektardan ziyod yashil hudud va qoplamalar barpo etildi.

Shavkat Mirziyoyev avval ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi ishlarini o‘z holiga tashlab qo‘ygan rahbarlarni tanqid qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyda O‘zbekiston Respublikasi Tabiat Resurslari vaziri Aziz Abduhakimov Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yalpi majlisida “Yashil makon” loyihasi doirasida 2 milliondan ortiq ekilmagan ko‘chat hisobotga qo‘shib yozilganini aytgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Navoiyda 959 ming, Toshkent viloyatida 564 ming, Farg‘onada 465 ming va Qashqadaryo viloyatida 227 ming tup ko‘chatni qo‘shib yozish holatlari aniqlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Aziz Abduhakimov Yashil makon

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing