Prezident tergov organlariga oid qarorni imzoladi
Jamiyat
−
30 yanvar 2022
15385O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ishni sudga qadar yuritishda yagona idoralararo elektron hamkorlik tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, surishtiruv va dastlabki tergov organlari faoliyatini raqamlashtirish hamda ishni sudga qadar yuritish masalalari bo‘yicha “Elektron surishtiruv va dastlabki tergov” yagona axborot tizimi (Yagona tergov axborot tizimi) joriy etiladi.
Yagona tergov axborot tizimi orqali ishni sudga qadar yuritish masalalarida elektron hujjat almashish quyidagilar tomonidan amalga oshiriladi:
• Ichki ishlar vazirligi;
• Bosh prokuratura;
• Davlat xavfsizlik xizmati;
• Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Majburiy ijro byurosi;
• Davlat bojxona qo‘mitasi;
• Milliy gvardiyaning surishtiruv va tergov organlari.
Yagona tergov axborot tizimining boshqa axborot tizimlari bilan integratsiyalashuvi, uning uzluksiz ishlashi, axborot xavfsizligi ta’minlanishi uchun Bosh prokuratura mas’ul hisoblanadi.
Qaror bilan Yagona tergov axborot tizimi doirasida surishtiruv va tergov organlari bilan elektron hamkorlikni amalga oshiruvchi davlat organlari hamda tashkilotlar ro‘yxati tasdiqlandi.
Shunga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslar haqidagi mavjud ma’lumotlar surishtiruv va tergov organlarining elektron so‘rovi bo‘yicha bepul asosda taqdim etiladi.
Qarorga muvofiq, Majburiy ijro byurosining 2022 yil 1 maydan Yagona tergov axborot tizimi sinov versiyasi, 2022 yil 1 avgustdan to‘liq versiyasi ishga tushiriladi.
Surishtiruv va tergov organlari xodimlarining raqamli savodxonligini va malakasini oshirish, ularni axborot texnologiyalari va axborot xavfsizligi bo‘yicha o‘qitish Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallari negizida tashkil etiladi.
LiveBarchasi