Prezident telekanallardagi xorijiy seriallarni tanqid qildi
Jamiyat
−
22 dekabr 2023 30911 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatdagi telekanallar eng ko‘rimli vaqt – praym-taym vaqtida xorijiy seriallarni efirga uzatayotganini tanqid qildi. Bu haqda u bugun, 22 dekabr kuni bo‘lib o‘tayotgan Respublika ma’naviyat va ma’rifat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida gapirdi.
“Savol tug‘iladi: xalqimiz televizorni eng ko‘p ko‘radigan paytlarda, ya’ni, “praym-taym” vaqtida xorijiy seriallarga katta o‘rin berayotganimiz qanchalik to‘g‘ri?
Bu oldimizga kechiktirib bo‘lmaydigan dolzarb vazifalarni qo‘ymoqda. Jumladan, milliy seriallar ishlab chiqarish bo‘yicha mavjud tizimni tubdan isloh etish, bu yo‘nalishda ijodkorlarimizni qo‘llab-quvvatlash lozim”, deydi davlat rahbari.
Yig‘ilishda milliy seriallarni g‘oyaviy-badiiy va texnik jihatdan jozibali, hamma qiziqib ko‘radigan darajaga yetkazish zarurligi ta’kidlandi.
Shu maqsadda “Milliy seriallar ishlab chiqarish konsepsiyasi” ishlab chiqiladi. Unda, avvalambor, mahalliy ijodkorlarga, xususan, ijrochi san’atkorlar, dramaturg va rejissyorlar uchun zamonaviy sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratiladi.
Buning uchun erkin iqtisodiy zona – “Cinema Park” tashkil qilish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Vazirlar Mahkamasiga “Cinema Park” uchun davlat-xususiy sheriklik asosida Toshkent viloyati hududidan 50 gektar yer maydoni ajratish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.
Buxoro, Samarqand, Toshkent viloyatlari hokimlariga o‘z viloyatlarida “erkin iqtisodiy kinohududlar” barpo etish bo‘yicha loyihalarni boshlash topshirildi.
Buyuk ajdodlarimizning ibratli hayot yo‘li haqida ko‘p qismli animatsion filmlar yaratishni ham nazarda tutish lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.
Live
Barchasi