Samarqandda koronavirus haqida mish-mish tarqatgan shaxs qamaldi
Jamiyat
−
04 aprel 2020
11407Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqandda ham koronavirus aniqlanibdi, mazmunidagi ovozli xabar tarqalgandi. Samarqand viloyatini Ichki ishlar boshqarmasining ma’lum qilishicha, ushbu xabarni tarqatgan shaxs aniqlandi va axborot yolg‘on ekani o‘rganildi.
Qayd etilishicha, samarqandlik Shavkat Ibrohimov Telegram`dagi “To‘xtabozor” guruhiga ovozli xabar yo‘llab, unda Samarqand shahri O‘zbek trakt ko‘chasida yashovchi tanishi koronavirusga chalingani, uning o‘zi va oila a’zolari bir guruh shaxslar olib ketganini, bu odam yashagan ko‘cha maxsus mashinalarda dezinfeksiya qilinganini xabar qilgan. Ovozli xabar davomida fuqaro virus yuqtirgan odam yana bir necha kishi bilan muloqotda bo‘lgani, koronavirus Samarqandda ham tarqalganini aytib o‘tgan.
Mazkur holat yuzasidan Samarqand viloyat IIB hamda DXX Samarqand viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan tegishli ishlar olib borilib, xabar tarqatgan odam Shavkat Ibrohimov ekani aniqlangan. U “O‘zbekiston 24” telekanali efirida qilgan aybini tan olib, xabarni do‘stlaridan eshitgan ma’lumot asosida tarqatganini aytgan.
Samarqandda koronavirus tarqalgani xaqida xabar tarqatgan Shavkat Ibrohimovga nisbatan Samarqand viloyat IIB xodimlari tomonidan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 194 va 195-moddalari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib qonuniy qaror qabul qilish uchun sudga yuborilgan. Oqdaryo tuman ma’muriy ishlar bo‘yicha sudi tomonidan Ibrohimovga 12 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.
LiveBarchasi