Prezident tanqididan so‘ng hokim konteyner uyga ko‘chib o‘tdi

Jamiyat

image

Namangan viloyatining Norin tumani hokimi Jo‘rabek Nurmatov Prezident Shavkat Mirziyoyevning Sho‘rariq (Yangi Namangan) mahallasiga tashrifi vaqtida mas’ullarga qarata bildirilgan tanqidlardan so‘ng ushbu mahallaga o‘rnatilgan konteyner uyga ko‘chib o‘tdi. Bu haqda Namangan viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi. 

Viloyat hokimligining yozishicha, Prezidentning 16-17 sentyabr kunlari viloyatga tashrifi tom ma’noda Namanganda 2-uyg‘onish davrini boshlab bergan. 

Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov boshchiligida tegishli o‘rinbosarlar va mutasaddilar ishtirokida Prezident tomonidan belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Norin tumanidagi Sho‘rariq mahallasini Yangi Namangan mahallasiga aylantirish jarayoniga jadal kirishilgan.

Dastlab, mahalla ahli, nuroniylar bilan uchrashuvda Prezident tashabbusi bilan mahalla qiyofasini tubdan o‘zgartirish, bo‘sh turgan eski binolar o‘rnida sanoat zonasi tashkil etish, infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha rejalashtirilgan ishlar haqida axborot berilgan. 

Shuningdek, Yangi Namangan va uning atrofidagi 6 ta mahallani jadal rivojlantirish bo‘yicha master reja ishlab chiqish yuzasidan mutaxassislar, aholi vakillarining takliflari tinglangan. Shu yerda barcha ishlarni muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat shtabi tashkil etilgan va faoliyati izchil yo‘lga qo‘yilgan. 

Norin tumani hokimi mahallani obod maskanga aylantirish uchun islohotlarni tezlashtirish, mavjud muammolarni joyida bartaraf etish maqsadida shu mahalla hududiga o‘rnatilgan konteyner uyga ko‘chib o‘tgan.  

Prezidentning kutilmagan tashrifi 

16 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida Norin tumanidagi Sho‘rariq mahallasiga kutilmaganda kirib borgandi. Rejalashtirilmagan tashrif mahallaning og‘ir ahvolda ekanini yaqqol ko‘rsatdi. Mahallada 5 mingdan ziyod aholi yashaydi. Ular orasida 62 ta kambag‘al oila, 118 nafar ishsiz mavjud va 157 nafar fuqaro mehnat migratsiyasi maqsadida xorijda ishlayapti. Prezident mahallaning chang bosib, bo‘sh turgan xonalarini ko‘zdan kechirish bilan bir vaqtda, hududdagi muammolar bo‘yicha aholi fikrlarini eshitdi. Qolaversa, mutasaddilarga mahallani namunaga aylantirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Aholi bilan suhbat chog‘ida davlat rahbari mahallaning nomi ham, qiyofasini ham o‘zgarishini aytgan. Mutassadilarga topshiriqlar berish jarayonida Mirziyoyev “tuman hokimi kerak bo‘lsa shu yerda yotib qolishi” zarurligini urg‘ulagandi.


Maqola muallifi

Teglar

konteyner Shavkatjon Abdurazzoqov Yangi Namangan Jo'rabek Nurmatov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing