Prezident tadbirkorlik va aholi bandligi masalasida yig‘ilish o‘tkazmoqda

Jamiyat

image

Ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Kun tartibiga ikkita masala – hududlarda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi hamda xizmatlar sohasini rivojlantirishga doir kelgusi vazifalar muhokamasi kiritilgan.

Joriy yil boshida har bir viloyat, tuman va shahar hokimi xalqqa murojaat qilib, tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq rejalarini belgilab olgan edi. Ularni amalga oshirish maqsadida, bu yilgi murakkab sinovlarga qaramasdan, biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun yetarli resurslar ajratib, barcha zarur sharoitlar yaratildi.

Yig‘ilishda, avvalo, hokimlar va sektor rahbarlarining asosiy vazifasi va zimmasiga olgan majburiyati – yangi ish o‘rinlari yaratib, ehtiyojmand oilalarni “temir daftar”dan chiqarish borasidagi ishlar natijadorligi ko‘rib chiqilmoqda. 

Masalan, Sirdaryo viloyatida 10 oyda 12 mingta doimiy ish o‘rni tashkil etilgan. Natijada “temir daftar”ga kiritilgan ishsiz fuqarolarning qariyb 90 foizi bandligi ta’minlangan.

Xuddi shunday, Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahri va Kitob tumani, Navoiy viloyatining Qiziltepa, Uchquduq, Navbahor tumanlari va Zarafshon shahrida ko‘p ish o‘rni yaratilgani qayd etildi. Shu bilan birga, bu borada ahvol qoniqarsiz bo‘lgan tumanlardagi sustkashliklar ko‘rsatib o‘tildi.

“Har bir hududda tadbirkorlikni rivojlantirishning katta resurslari bor. Faqat uni ishga solish  kerak. Hudud rahbarlari har kuni bu haqda o‘ylashi va izlanishi lozim”, deydi davlat rahbari.

Mazkur yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida jami 4 trillion so‘m ajratish belgilangan edi. Lekin yil davomida qo‘shimcha mablag‘lar ham yo‘naltirilgan, aholi va tadbirkorlarga jami 5,2 trillion so‘m imtiyozli kreditlar berilgan.

Yig‘ilishda ushbu mablag‘larning samaradorligi tahlil qilindi. Misol uchun, Shovot tumanida 26 milliard so‘m oilaviy kredit ajratilib, bir yarim mingta ish joyi yaratilgan. Ya’ni, 1 milliard so‘m kreditga 56 ta yangi ish o‘rni to‘g‘ri kelgan.

Bu ko‘rsatkich Qo‘shrabotda 57 ta, Muzrabotda 49 tani tashkil etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

122

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing