Prezident tadbirkorlarning 2 trln qarzidan kechishni taklif qildi
Jamiyat
−
22 avgust 2022
9383Tadbirkorlarning oshirilgan soliq stavkalari bo‘yicha hisoblangan 2 trillion so‘mlik qarzlari bekor qilinishi mumkin. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 22 avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti chog‘ida shunday taklif bildirdi.
Qayd etish kerakki, joriy yil 1 iyuldan boshlab bo‘sh bino, foydalanilmayotgan yer uchastkasiga nisbatan mol-mulk va yer soliqlarining oshirilgan stavkalarini qo‘llash bekor qilingan edi.
Lekin 19 ming tadbirkorni avval oshirib hisoblangan soliqlar nima bo‘ladi, degan savol bezovta qila boshlagan va bu bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushgan.
“Shularni inobatga olib, tadbirkorlarning oshirilgan soliq stavkalari bo‘yicha hisoblangan 2 trillion so‘mlik qarzlaridan butunlay voz kechsak, nima deysizlar?”, deya tadbirkorlarga murojaat qildi Shavkat Mirziyoyev.
Prezident uchrashuvda tadbirkorlarimiz faoliyatini kengaytirish, yangi loyihalarni amalga oshirish uchun qulay moliyalashtirish tizimini yaratish tashabbusini ham ilgari surdi. Bu borada kichik biznes loyihalariga 20 trillion so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Uchinchi yo‘nalish haqida so‘z yuritar ekan, Prezident kredit berish masalaning faqatgina bir tomoni ekani, biznes yurib ketishi uchun yetarli shart-sharoit, infratuzilma va kafolatli bozor kerakligini alohida qayd etdi. Shu sababli, eng avvalo, tuman va shaharlarning sharoitidan kelib chiqib biznes uchun alohida yondashuvlar joriy etiladi.
LiveBarchasi