Prezident suv ta’minotini takomillashtirishga doir qaror imzoladi
Jamiyat
−
27 noyabr 2019
5105O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “ Respublika suv ta’minoti tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Quyida qarorning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 26 noyabrdagi “Aholining ichimlik suvi bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish va uning sifatini yaxshilash uchun O‘zbekiston Respublikasining suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–5883-son Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tizimiga kiruvchi suv ta’minoti davlat unitar korxonalari negizida ushbu korxonalarni mas’uliyati cheklangan jamiyatlar sifatida qayta tuzish orqali “O‘zsuvta’minot” AJ tashkil etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Suv ta’minoti tizimini takomillashtirish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirish, sohaga chet el investitsiyalarini jalb etish va mamlakatning ichimlik suv ta’minoti va suv chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida:
1. Belgilansinki:
tashkil etilayotgan mas’uliyati cheklangan jamiyatlar qayta tuzilayotgan tegishli davlat unitar korxonalarining shartnomalari, huquqlari (2019 yilning 1 oktyabr holatiga ko‘ra 381,7 milliard so‘m debitor qarzdorlik) va majburiyatlari (2019 yilning 1 oktyabr holatiga ko‘ra 499,8 milliard so‘m kreditor qarzdorlik) bo‘yicha huquqiy vorislari hisoblanadi;
tashkil etilayotgan mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning ustav kapitallari qayta tashkil etilayotgan davlat unitar korxonalarining mol-mulkini qoldiq qiymati bo‘yicha topshirish hisobiga shakllantiriladi;
“O‘zsuvta’minot” AJ ustav kapitalini shakllantirish uchun tashkil etilayotgan mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning davlat ulushini topshirish nominal qiymati bo‘yicha amalga oshiriladi;
“O‘zsuvta’minot” AJ ustav kapitalidagi aksiyalarning davlat paketi bo‘yicha aksiyador funksiyalari O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan amalga oshiriladi;
O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi (keyingi o‘rinlarda – Vazirlik) davlat unitar korxonalarini qayta tashkil etish yakunlangunga qadar ularning mol-mulki saqlanishini ta’minlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda har bir tadbir o‘tkazilishining aniq muddatlari va mas’ul shaxslarni, jumladan, qayta tashkil etilayotgan davlat unitar korxonalarining aktivlari va majburiyatlari xatlovdan o‘tkazilishini ko‘zda tutgan holda 2020 yil 1 mayga qadar davlat unitar korxonalarini qayta tashkil etish tartib-taomillarining tugatilishini nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini tasdiqlasin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi belgilangan tartibda quyidagilarni ta’minlasin:
ushbu qarorning 1-bandida ko‘rsatilgan davlat unitar korxonalarini mas’uliyati cheklangan jamiyatlar sifatida qayta tashkil etish;
“O‘zsuvta’minot” AJning ustav kapitalini shakllantirish va uning ta’sis hujjatlarini tasdiqlash;
Vazirlik bilan birgalikda zarur tajriba va amaliy ko‘nikmalarga ega yuqori malakali, xususan, xorijiy mutaxassislarni, shu jumladan, rahbarlik lavozimlariga jalb qilishda “O‘zsuvta’minot” AJga ko‘maklashish.
3. “O‘zsuvta’minot” AJ:
emission qimmatli qog‘ozlar chiqarilishini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va qimmatli qog‘ozlar chiqarilishi to‘g‘risidagi hujjatlarni ko‘rib chiqish yig‘imlaridan;
qayta tashkil etilayotgan davlat unitar korxonalarining avtotransport vositalari topshirilishini qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda avtotransport yig‘imlarini to‘lashdan ozod etilsin.
“O‘zsuvta’minot” AJga yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni ishga qabul qilishga va jamiyat mablag‘lari hisobidan ularga erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada ish haqi va boshqa to‘lovlarning miqdorini belgilashga ruxsat etilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining birinchi o‘rinbosari zimmasiga suv ta’minoti va suv chiqarish tizimlarini samarali ekspluatatsiya qilish, rivojlantirish, modernizatsiyalashni, shuningdek, ularni boshqarishga, jumladan, barcha ish jarayonlarini avtomatlashtirishni nazarda tutuvchi innovatsiyalar va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilishni ta’minlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
5. Quyidagilar:
2020 yilda respublikaning ichimlik suv ta’minoti va suv chiqarish ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha manzilli dasturi 1-ilovaga muvofiq;
2020-2021 yillarda ichimlik suvini ishlab chiqarish va taqsimlash bo‘yicha inshootlarda o‘lchov asboblari (sarf o‘lchagichlar)ni o‘rnatish grafigi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Suv ta’minoti va suv chiqarish sohasidagi Loyihalar tayyorlanishini moliyalashtirish jamg‘armasini shakllantirish, shuningdek, loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqishni keyinchalik moliyalashtirish uchun Osiyo taraqqiyot banki bilan 15 million AQSH dollari miqdorida qarz mablag‘lari ajratilishi to‘g‘risida kelishuvga erishilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Vazirlik:
2020 yil 1 mayga qadar Loyihalar tayyorlanishini moliyalashtirish jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan suv ta’minoti va suv chiqarish sohasida hisob yuritilishi va monitoringini, ichimlik suvini ishlab chiqarish va taqsimlash bo‘yicha inshootlarning zamonaviy o‘lchov asboblari (sarf o‘lchagichlari) bilan jihozlanishini ta’minlovchi zamonaviy axborot va resurs tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha loyihaning texnik-iqtisodiy asosi ishlab chiqilishini;
2020 yil 15 iyulga qadar Loyihalar tayyorlanishini moliyalashtirish jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan o‘lchov asboblari (sarf o‘lchagichlar)ni xarid qilish va ichimlik suvini ishlab chiqarish va taqsimlash bo‘yicha inshootlarni ular bilan ta’minlash yuzasidan loyiha-smeta va tender hujjatlarining ishlab chiqilishini ta’minlasin.
7. Vazirlik, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasining suv ta’minoti korxonalarining 2019 yil 1 oktyabr holatiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari, shuningdek, elektr energiyasini yetkazib beruvchilar oldidagi, jumladan, muddati o‘tgan qarzdorligini to‘lovlarni 5 yil muddatga, shu muddatdan, keyingi 5 yil mobaynida har oy bir me’yorda so‘ndirgan holda kechiktirish hamda o‘z vaqtida amalga oshirilmagan to‘lov uchun hisoblangan penyalarni 3-ilovaga muvofiq hisobdan chiqarish yo‘li bilan restrukturizatsiya qilish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
8. Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Energetika vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 yanvarga qadar respublikada ekspluatatsiya qilinayotgan suv ta’minoti va suv chiqarish tizimi ob’ektlari uchun uskuna, butlovchi qismlar, ehtiyot qismlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni yanada kengaytirish dasturini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi 2020 yil 1 martga qadar qishloq aholi punktlarini sifatli ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmati bilan ta’minlash uchun xalqaro va xorijiy moliyaviy (grant) va texnik ko‘mak loyihalarini jalb qilishga doir aniq takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Vazirlik markaziy apparati, uning tashkiliy tuzilmasiga kiruvchi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan hududiy bo‘linmalari va tashkilotlarining xodimlariga qonunchilikda nazarda tutilgan ustama va qo‘shimcha to‘lovlardan tashqari Uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mehnatda yuqori natijalarga erishganligi uchun xodimlar faoliyatini baholashning reyting tizimiga muvofiq belgilanadigan rag‘batlantiruvchi to‘lovlar to‘lanishi belgilansin.
Vazirlik bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishgan holda ushbu bandga muvofiq Vazirlik xodimlariga rag‘batlantiruvchi to‘lovlarni amalga oshirish tartibi to‘g‘risidagi taklifni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgarishlarga muvofiq:
tijorat banklari bilan birgalikda davlat unitar korxonalarining investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun jalb qilingan kredit majburiyatlarining qayta rasmiylashtirilishini ta’minlasin;
davlat unitar korxonalarining majburiyatlari bo‘yicha ilgari berilgan davlat kafolatlariga o‘zgartirishlar kiritsin.
12. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Vazirlik bilan birgalikda bir oy muddatda:
ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari bilan ta’minlangan va ta’minlanmagan barcha aholi punktlarini xatlovdan o‘tkazsin;
2020–2030 yillar davrida tegishli hudud aholisini ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari bilan ta’minlashning aniq maqsadli ko‘rsatkichlarini ko‘rsatgan holda suv ta’minoti va suv chiqarish ob’ektlarini kengaytirish sxemalari va manzilli dasturini tasdiqlasin;
suv ta’minoti va suv chiqarish tizimlari davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tadbirkorlik sub’ektlariga hamda tegishli aholi punktlarining aholisi tomonidan tuziladigan markazlashmagan suv ta’minoti tashkilotlariga topshirilishi lozim bo‘lgan aholi punktlari ro‘yxatini shakllantirsin.
13. Vazirlik bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gulyamov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2019 yil 26 noyabr
LiveBarchasi