Prezident Surxondaryoga obi hayot yo‘lini ochdi

Jamiyat

image

Bugun, 16 noyabr kuni Surxondaryo viloyatini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash loyihasining birinchi bosqichi ishga tushirildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi

Ma’lum qilinishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyev “To‘palang” suv omboridan Surxondaryo aholisi uchun toza ichimlik suvi yetkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihaning dastlabki bosqichiga start bergan. Mazkur loyihaning ishga tushirish marosimi bugun, 16 noyabr kuni Sariosiyo tumanining “Bog‘iston” mahallasida bo‘lib o‘tgan. Davlat rahbari unda ramziy tugmani bosish orqali ushbu hududga obi hayot yo‘lini ochib bergan.

Mazkur bosqichda suv Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi va Qumqo‘rg‘on tumanlariga yetib borgan.  Bu orqali viloyat aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 70 foizga yetgan. 

Qayd etilishicha, suv o‘z oqimi bilan tushishi tufayli 8,6 million kilovatt/soat elektr energiyasi iqtisod qilinadi. 

Loyihaning ikkinchi bosqichida markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanish darajasi 90 foizga yetkaziladi. Bundan Sariosiyo, Denov, Sho‘rchi, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor, Muzrabot, Termiz tumanlari va Termiz shahridagi 2 millionga yaqin aholi bahramand bo‘ladi. Loyihani 2024 yilda nihoyasiga yetkazish mo‘ljallangan.

Eslatib o‘tamiz,  Shavkat Mirziyoyev 2021 yilda Termizda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Surxondaryo viloyatida ichimlik suvi bilan bog‘liq muammoga alohida to‘xtalgan edi. O‘sha paytda hududda markazlashgan tarmoqlar orqali ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 60 foiz atrofida edi.

Prezident bu borada “To‘palang” suv ombori ulkan va toza manba ekanini ta’kidlab, uni aholiga yetkazish bo‘yicha loyiha tayyorlash vazifasini qo‘ygandi.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident Surxondaryo To'palang suv ombori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing