Prezident sudlar to‘g‘risida yana bir qarorni imzoladi
Jamiyat
−
04 Sentabr 2020
10095O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Quyida qarorning to‘liq matni bilan tanishishingiz mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
So‘nggi yillarda sudlar faoliyatida zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha amalga oshirilgan tadbirlar fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga o‘z huquqlari va manfaatlarini himoya qilish uchun sudga murojaat qilishni erkinlashtirish, umuman odil sudlovga erishishni oshirish hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash imkonini berdi.
Shu bilan birga, bugungi kunda sudlarda ishlarni ko‘rishda ko‘pgina vazirlik va idoralar bilan ma’lumot almashinuvi ularning axborot tizimlari o‘zaro integratsiya qilinmaganligi sababli asosan qog‘oz shaklida amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, sudlar tomonidan fuqarolar va tadbirkorlarga ko‘rsatiladigan interaktiv xizmatlar turini kengaytirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish talab etiladi.
Sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish, sudlar va boshqa idoralar o‘rtasida ma’lumot almashinuvini yaxshilash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 iyuldagi “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–6034-son Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 avgustdagi PQ–3250-son qarori bilan tasdiqlangan 2017-2020 yillarda Sudlar faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish dasturining ijrosi natijasida sudlarga masofadan turib murojaat qilish, sud majlislarida videokonferensaloqa tizimidan foydalanib ishtirok etish, sudyalar o‘rtasida ishlarni avtomatik tarzda taqsimlash, sud qarorlarini Internet tarmog‘ida e’lon qilish, ijro hujjatlarini elektron shaklda majburiy ijroga yuborish tizimlari joriy etilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirishning keyingi bosqichdagi vazifalari etib belgilansin:
fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatiladigan interaktiv elektron xizmatlar turlarini kengaytirish, har bir murojaatni ko‘rib chiqish jarayonining onlayn kuzatib borilishini ta’minlash, sud binolarida interaktiv xizmatlardan erkin foydalanish imkoniyatini yaratish;
sudlarda odil sudlovni amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarning tezkorlik bilan olinishini ta’minlash uchun vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar bilan elektron ma’lumotlar almashinuvini yanada kengaytirish;
maxsus axborot dasturlarini joriy etish orqali sudyalar hamjamiyati organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash;
sud majlislarida masofadan turib, jumladan, mobil qurilmalar va elektron hamkorlikning boshqa shakllari orqali ishtirok etish imkoniyatini kengaytirish, shuningdek, ish bo‘yicha taraflar uchun sud qarorlarini onlayn tarzda olish imkoniyatini yaratish;
sudning axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari va boshqa dasturiy mahsulotlari axborot va kiberxavfsizligini ta’minlash, xizmat axborotlari va ma’lumotlarini kompleks himoya qilish bo‘yicha choralarni kuchaytirish.
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi 2020-2023 yillarda sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
2021 yil 1 yanvardan boshlab barcha sudlarda sud majlislarini ish bo‘yicha taraflarning iltimosnomasi va raislik qiluvchining roziligi bilan audioyozuvdan foydalangan holda qayd etib borish hamda sud majlislari bayonnomalarini ushbu tizimdan foydalangan holda shakllantirish;
2021 yil 1 iyuldan boshlab apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ishlarni sudyalar o‘rtasida avtomatik ravishda taqsimlash;
2021 yil 1 oktyabrdan boshlab barcha ishtirokchilarni sud majlislarining vaqti va joyi haqida “SMS” xabar orqali bepul asosda xabardor qilish;
2022 yil 1 yanvardan boshlab sud qarorlarini ish bo‘yicha taraflarga onlayn tarzda, ularning iltimosnomasi bo‘yicha esa qog‘oz shaklida taqdim etish;
2022 yil 1 iyulga qadar sud hokimiyati organlari faoliyatida, shu jumladan, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga odil sudlovga erishishda qulaylik yaratish maqsadida 10 ga yaqin interaktiv xizmatlar ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish;
2023 yil 1 yanvardan boshlab sud ishlarini davlat arxiviga elektron shaklda topshirish va qabul qilish;
sudlar, Sudyalar oliy kengashi hamda Sudyalar oliy maktabida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari infratuzilmasini yanada yaxshilash.
4. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Sudlarning axborot tizimlarini davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” (keyingi o‘rinlarda – “Yo‘l xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
28 ta davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari axborot tizimlarini Oliy sudning axborot tizimiga bosqichma-bosqich ulash;
sudlar tomonidan davlat organlari va tashkilotlariga taqdim etiladigan ma’lumotlarni elektron shaklda yuborish;
muayyan ishni ko‘rish jarayonida zarur bo‘lgan ma’lumotlar va hujjatlarni fuqarolarni ovora qilmagan holda sudlar tomonidan bevosita davlat organlari va tashkilotlaridan elektron shaklda olish;
sudlar tomonidan jarimalarni kamaytirish yoki ularni qo‘llamaslik masalalarini ko‘rib chiqishda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” va boshqa axborot tizimlarining integratsiyasi orqali fuqaroning mulkiy holati va ijtimoiy ahvoli haqidagi ishonchli ma’lumotlar bilan tanishish;
sudlar tomonidan aliment miqdorini belgilashda tumanlar kesimida o‘rtacha oylik ish haqlari to‘g‘risida ma’lumotlarni axborot tizimi orqali elektron shaklda olish.
Belgilansinki, Oliy sud axborot tizimi bilan davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlarini integratsiya qilish orqali jismoniy va yuridik shaxslar haqidagi mavjud ma’lumotlar sudlarning elektron so‘rovi bo‘yicha bepul asosda taqdim etiladi.
5. 2022 yil 1 yanvardan boshlab sudlar faoliyatiga quyidagi imkoniyatlarni beruvchi “Adolat” axborot tizimlari kompleksi joriy etilsin:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, advokatlar tomonidan sudlarga da’vo, ariza va shikoyatlarni faqat elektron shaklda taqdim etish;
manfaatdor shaxslar tomonidan da’vo, ariza va shikoyatlarni ko‘rib chiqish jarayonini onlayn tarzda kuzatib borish;
sud majlisi ishtirokchilari tomonidan ma’lumotlar va hujjatlarni elektron shaklda yuborish;
sud hujjatlarini sudlar faoliyatiga joriy etilgan axborot tizimidan foydalangan holda avtomatlashtirilgan ravishda shakllantirish.
6. Oliy sud 2020 yil yakuniga qadar:
sud majlislarida videokonferensaloqa rejimida ishtirok etish imkonini beruvchi mobil dasturni ishlab chiqsin va uni amaliyotga joriy etsin;
Ichki ishlar vazirligi bilan birgalikda jazoni ijro etish muassasalarida maxsus xonalarni mahbuslarning sud majlislarida va sud rahbariyati qabullarida videokonferensaloqa rejimida ishtirok etishlari imkonini beruvchi uskunalar bilan jihozlash choralarini ko‘rsin.
7. Sudyalar oliy kengashi va Oliy sudning 2022 yil 1 yanvardan boshlab quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
Sudyalar oliy kengashiga sudyalar, sudyalik lavozimlariga nomzodlar tomonidan elektron murojaat qilish, suhbat jarayonida beriladigan savollar va vazifalarni axborot tizimi yordamida avtomatlashtirilgan holda tanlash;
Sudyalar oliy maktabiga uning rasmiy veb-sayti orqali ariza va murojaatlarni yo‘llash, professor-o‘qituvchilar va tinglovchilarning reyting ko‘rsatkichlarini elektron tarzda shakllantirish, sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish kurslari tinglovchilarining o‘quv jarayonini onlayn tarzda nazorat qilish tartibini o‘rnatish.
8. “UNICON.UZ” fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi” davlat unitar korxonasi hamda uning tashkiliy tuzilmasidagi korxonalar zimmasiga sud hokimiyati organlari faoliyatiga joriy etilishi rejalashtirilgan axborot tizimlarini ishlab chiqish hamda ularning axborot va kiberxavfsizligini ta’minlash vazifalari yuklatilsin.
Belgilansinki, axborot tizimlarini ishlab chiqish Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi, Sudyalar oliy maktabining buyurtmasi asosida doimiy ravishda “UNICON.UZ” fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi” davlat unitar korxonasi hamda uning tashkiliy tuzilmasidagi korxonalar tomonidan amalga oshiriladi, ularni ishlab chiqish uchun shartnomalar belgilangan tartibda tuziladi hamda shartnoma narxi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan belgilangan o‘rtacha bozor narxi asosida shakllantiriladi.
9. Hududlarda sudyalar hamda sudlar apparati xodimlarining raqamli savodxonligini va malakasini oshirish, ularni axborot texnologiyalari va axborot xavfsizligi bo‘yicha o‘qitish uchun Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallari biriktirilsin.
Oliy sud Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallari bilan birgalikda har yili 1 dekabrga qadar keyingi yil uchun sudyalar hamda sudlar apparati xodimlarining raqamli savodxonligini va malakasini oshirish, ularni axborot texnologiyalari va axborot xavfsizligi bo‘yicha o‘qitish yuzasidan hududlar kesimida tarmoq jadvallarini tasdiqlasin.
10. Sudyalar oliy maktabi bir oy muddatda sudyalik lavozimiga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish bo‘yicha tashkil etilgan ta’lim yo‘nalishlarining o‘quv dasturlariga sudlar faoliyatiga joriy etilgan axborot tizimlaridan foydalanish bo‘yicha alohida o‘quv modulini kiritsin.
11. Belgilansinki:
sud tizimi uchun dasturiy ta’minotlarni ishlab chiqish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi, Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasi, xalqaro grant, donor tashkilotlar va xorijiy hamkorlarning mablag‘lari;
sudlar faoliyatini raqamlashtirishda zarur kompyuter, server va boshqa uskunalarni xarid qilish bilan bog‘liq tadbirlarni moliyalashtirish Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar doirasida, Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasi, xalqaro grant, donor tashkilotlar va xorijiy hamkorlarning mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
12. Mazkur qarorning samarali ijro etilishini ta’minlash maqsadida:
Oliy sud raisi (K.Kamilov) va Sudyalar oliy kengashi raisi (X.Yodgorov) Oliy sud Plenumining navbatdan tashqari yig‘ilishida hamda xalqaro anjumanlarda sud hokimiyati organlari faoliyatiga joriy etiladigan axborot tizimlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirishdagi ahamiyatini muhokama qilsin, shuningdek, sudyalar va sudlar apparati xodimlarining raqamli savodxonligini va malakasini oshirish choralarini ko‘rsin;
Oliy sud raisi (K.Kamilov), axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri (Sh.Sadikov) Dastur va “Yo‘l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda moliyalashtirilishini ta’minlasin;
investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari (L.Qudratov) Oliy sud raisi (K.Kamilov) bilan birgalikda sud hokimiyati organlari faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha qarorda belgilangan loyihalar va tadbirlar ijrosini ta’minlash uchun xalqaro grant, donor tashkilotlar va xorijiy hamkorlar mablag‘larini jalb qilish choralarini ko‘rsin;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi – IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i (O.Umarov) Dastur va “Yo‘l xaritasi”da nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishiga ko‘maklashsin;
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori (A.Xodjayev) Milliy axborot agentligi, Milliy teleradiokompaniya va “Dunyo” axborot agentligi bilan birgalikda aholi, mahalliy va xorijiy ekspertlar hamjamiyati orasida sud hokimiyati organlari faoliyatiga joriy etilgan axborot tizimlari hamda ushbu qarorda belgilangan chora-tadbirlar haqida keng targ‘ibot ishlarini, shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida ijtimoiy roliklarni muntazam ravishda joylashtirish choralarini amalga oshirsin.
13. Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlar ijrosi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga har chorakda axborot berib borsin.
14. Oliy sud manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri, 2020 yil 3 sentyabr