Prezident soliq va bojxona imtiyozlari berishga doir farmonni imzoladi
Jamiyat
−
28 iyun 2019
6662O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Soliq va bojxona imtiyozlari berilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni imzolandi. Quyida farmonning to‘liq matni bilan tanishing.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Mamlakatimizda raqobatbardosh ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, tadbirkorlikni va sog‘lom raqobat muhitini qo‘llab-quvvatlash, mamlakatning eksport salohiyatini kengaytirish va rag‘batlantirish hamda ichki bozorni sifatli iste’mol tovarlari bilan ta’minlashga yo‘naltirilgan soliqqa tortish va bojxona-tarif tizimini tartibga solish samarali tizimini shakllantirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, iqtisodiyotning ayrim sektorlarida tadbirkorlik sub’ektlariga sezilarli miqdorda imtiyoz va preferensiyalar berilganini hisobga olgan holda qo‘shilgan qiymat solig‘ini hisoblash va to‘lashning amaldagi tartibidagi mavjud bo‘lgan nomutanosibliklar barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun teng sharoitlarni ta’minlashda qo‘shilgan qiymat solig‘ining to‘laqonli zanjirini yaratish va iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish imkoniyatini bermayapti.
Mamlakatimizning investitsiyaviy muhitini yanada yaxshilash, adolatli raqobat tamoyillarini joriy etishni ta’minlash hamda soliqlar va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berish amaliyotini tartibga solish maqsadida:
1. 2019 yil 1 avgustdan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
yagona yer solig‘i to‘lovchisi hisoblangan qishloq xo‘jaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilari ixtiyoriy ravishda qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tishi mumkin;
kalendar yili davomida xizmatlarni realizatsiya qilishdan olgan tushumi 100 million so‘mdan oshgan, biroq bir milliard so‘mdan ko‘p bo‘lmagan telekommunikatsiyalar operatorlari va (yoki) provayderlariga vositachilik xizmatlarini ko‘rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar xizmat haqi summasidan 25 foiz stavkada yagona soliq to‘lovini to‘lashga o‘tadi.
2. Belgilansinki, 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab:
a) benzin, dizel yoqilg‘isi va gazni yoqilg‘i quyish stansiyalari orqali oxirgi iste’molchilariga sotadigan yuridik shaxslar, ushbu tovarlarni sotishdan tushumning miqdoridan qat’iy nazar, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari hisoblanadi;
b) tovarlarni import qiluvchi tadbirkorlik sub’ektlari, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotishdan tushum miqdoridan qat’iy nazar, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari hisoblanadilar. Bunda tovarlarni birinchi marta import qiluvchi tadbirkorlik sub’ektlari import shartnomasi tuzilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida hisobga turishi shart;
v) quyidagilar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘idan, shu jumladan, import qilinganda ham imtiyozlar bekor qilinadi:
asbest, ko‘mir, yog‘och materiallari, yog‘och va undan tayyorlangan buyumlar, uglevodorod xomashyosi;
soya danagi, kungaboqar va kunjut urug‘lari, moyli xomashyo va shakar xomashyosi;
qishloq xo‘jaligi texnikasi, avtotransport vositalari, avtotransport vositalarini ishlab chiqarishda foydalaniladigan butlovchi buyumlar, materiallar va texnologik asbob-uskunalar;
g) yuridik shaxslarning tijorat banklariga joylashtirgan mablag‘laridan foiz ko‘rinishida olingan to‘lov manbaini foyda solig‘idan ozod qilish bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinadi.
3. Qo‘shilgan qiymat solig‘ining to‘laqonli zanjirini yaratish va barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar uchun teng sharoitlarni ta’minlash maqsadida belgilansinki:
2019 yil 1 oktyabrdan boshlab o‘zi ishlab chiqargan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga va O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlariga nisbatan belgilangan qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyozlar bekor qilinadi;
2019 yil yanvar oyidan sentyabr oyigacha 1 milliard so‘mdan ortiq pul aylanmasi (tushumi)ga ega bo‘lgan yoki 50 gektardan ortiq qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlariga ega bo‘lgan yagona yer solig‘i to‘lovchilari qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilari hisoblanadilar va belgilangan tartibda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi sifatida ro‘yxatdan o‘tishlari shart. Bunda 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab belgilangan pul aylanmasi (tushumi) chegaraviy darajasiga yetgan yagona yer solig‘i to‘lovchilar ushbu darajaga erishilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tadi;
paxta xomashyosini ishlab chiqaruvchilar 2019 yil hosilidan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashga o‘tadilar. Bunda ularga 2018 yilning 1 oktyabridan ilgari bo‘lmagan vaqtda haqiqatda olingan va paxta xomashyosini yetishtirish uchun ishlatilgan tovarlar (ish, xizmatlar) uchun to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisobga olish huquqi beriladi.
O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlari qismi bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘idan imtiyozga ega bo‘lgan yuridik shaxslarga imtiyozdan voz kechish to‘g‘risida xabarnoma berish asosida, ushbu xabarnoma berilgan oydan keyingi oyning 1 sanasidan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash huquqi berilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan fermer xo‘jaliklariga buxgalteriya hisobini yuritish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun maxsus dasturiy mahsulot ishlab chiqilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini hisoblash va hisobga olish imkoniyatlarini nazarda tutgan holda dasturiy mahsulotni qayta ishlab chiqsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda qo‘shilgan qiymat solig‘ining kiritilishi munosabati bilan paxta xomashyosining 2019 yil hosili uchun yangi xarid narxlarini tasdiqlasin.
6. Mahalliy davlat hokimiyati organlariga, yuridik shaxslarining mol-mulkiga solinadigan soliq, yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va yagona yer solig‘ining to‘lov muddatini 24 oygacha muddatga kechiktirish vakolati ularning mazkur soliqlar bo‘yicha imtiyoz berish huquqini bekor qilgan holda berilsin.
Soliq to‘lovlari muddatini kechiktirish, soliq qarzdorligi bo‘yicha belgilangan penya miqdoridagi foizlarni undirish sharti bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda berilishi nazarda tutilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan yuridik shaxslarga beriladigan soliqlar to‘lash muddatini kechiktirish tartibini tasdiqlasin.
7. Belgilansinki, 2019 yil 1 avgustdan boshlab jismoniy shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi hududida sug‘urta faoliyatini amalga oshirishga litsenziyasi bo‘lgan yuridik shaxslarga hayotini uzoq muddatli sug‘urtalash (barcha toifadagi hayot sug‘urtasi sohasi) bo‘yicha sug‘urta shartnomasining har bir amaldagi yili uchun sug‘urta mukofotini to‘lashga yo‘naltiriladigan ish haqi va boshqa daromadlari soliqqa tortilmaydi. Bunda sug‘urtalangan shaxsning hayoti uchun sug‘urta to‘lovlari shartnoma bo‘yicha sug‘urta muddati boshlangan kundan boshlab kamida o‘n ikki oydan keyin amalga oshirilishi shart.
Uzoq muddatli hayotni sug‘urtalash shartnomasi muddatidan oldin bekor qilingan va sug‘urtalovchi tomonidan sug‘urtalangan shaxsga sug‘urta mukofoti qisman yoki to‘la qaytarilgan taqdirda, qaytarilgan sug‘urta mukofotining summasi jismoniy shaxsning soliqqa tortiladigan jami daromadiga kiritiladi. Bunda to‘lov manbaidan jismoniy shaxslarning daromad solig‘ini ushlab qolish va byudjetga o‘tkazib berish majburiyati sug‘urtalovchiga yuklatiladi.
8. Belgilansinki, tadbirkorlik sub’ektlariga nisbatan asbob-uskunalar va (yoki) butlovchi buyumlar yetkazib berish bo‘yicha import shartnomalari yuzasidan muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun, agarda asbob-uskunalar va (yoki) butlovchi buyumlarni yetkazib berish muddati ularning texnik xususiyatlari va o‘ziga xosligidan kelib chiqqan holda 180 kundan ortiq bo‘lsa, moliyaviy jazo choralari qo‘llanilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi bir oy muddatda asbob-uskunalar va (yoki) butlovchi buyumlar yetkazib berish bo‘yicha import shartnomalari yuzasidan muddati o‘tgan debitor qarzdorlik uchun tadbirkorlik sub’ektlariga moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibini belgilash to‘g‘risida takliflar kiritsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda 2019 yil 1 oktyabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga qo‘shilgan qiymat solig‘ining hisobga olingan summasining uni hisoblanganidan oshgan summasini majburiy qoplab berish tartibini joriy etish bo‘yicha takliflar kiritsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat bojxona qo‘mitasi boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda xalqaro moliya institutlari konsultantlari va mustaqil ekspertlarni jalb qilgan holda 2019 yil 1 avgustga qadar bojxona imtiyozlarini berish tartibini tubdan qayta ko‘rib chiqish, shuningdek, ilgari berilgan imtiyozlarni bekor qilish bo‘yicha quyidagilarga alohida e’tibor qaratgan holda takliflar kiritsin:
qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga tovarlarni olib kirganda, shuningdek, ish (xizmat)larni import qilganda import qilingan tovarlar (ish, xizmatlar) uchun qo‘shilgan qiymat solig‘idan imtiyoz o‘rniga 120 kungacha bo‘lgan muddatga qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashni kechiktirish mexanizmlaridan foydalanishni;
texnologik asbob-uskunalar uchun bojxona imtiyozlarini berish mexanizmini takomillashtirish va optimallashtirishni.
11. 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – moliya vaziri J.A.Qo‘chqorov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari G.K.Saidova zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Toshkent shahri,
2019 yil 27 iyun
LiveBarchasi