Prezident “snos”ga oid farmoyishni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining mulk huquqi kafolatlanishini so‘zsiz ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoyishni imzoladi. 

Farmoyishga ko‘ra, 2019 yil 5 avgustdan boshlab, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining yer uchastkalarini olib qo‘yish hamda ko‘chmas mulk ob’ektlarini buzish ishlari quyidagicha 3 bosqichda amalga oshiriladi:

•    hokimlar tomonidan buzilishi rejalashtirilgan hudud bo‘yicha materiallar to‘plami Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi;
•    Vazirlar Mahkamasida shaharsozlik talablari bo‘yicha va moliyaviy hisob-kitoblar bo‘yicha xulosalar tayyorlanadi;
•    xulosa Bosh vazirga ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun kiritiladi. 

Shuningdek, Farmoyish bilan:

•    yer uchastkalari olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga yetkazilgan zarar miqdorini xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha respublika muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhi va hududiy ishchi guruhlar tarkibi;
•    xatlovdan o‘tkazishga ko‘maklashish uchun hududlarga biriktiriladigan mas’ullar ro‘yxati;
•    xatlovdan o‘tkazish hamda ularni qoplashda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Xatlovdan o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhga:

•    fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga yetkazilgan zararlarni joylarga chiqqan holda xatlovdan o‘tkazib, ularning qonunchilikka muvofiq bozor qiymati asosida haqqoniy va adolatli miqdorini belgilash;
•    yetkazilgan zararlarni qoplashning aniq manbalari belgilanish, agar zarar mansabdor shaxsning noqonuniy qarori qabul qilinishi oqibatida yetkazilgan bo‘lsa – mazkur mansabdor shaxslardan regress tartibida undirib olish;
•    aybdor mansabdor shaxslarga javobgarlik choralari ko‘rish hamda qonun hujjatlari normalarini yanada takomillashtirish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqilish vazifasi topshirildi.

Hukumat tomonidan bir oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror qabul qilinadi:

•    davlat dasturlari, yirik investitsiya va boshqa loyihalarni hududdagi ko‘pchilik aholining fikrini inobatga olgan holda amalga oshirish;
•    yer uchastkalari olib qo‘yilishida ularda joylashgan ko‘chmas mulk ob’ektlarining mulkdorlari bilan ochiq muhokamalar o‘tkazgan holda, birinchi navbatda, eskirgan va avariya holatidagi uy-joy fondi ob’ektlari, shu jumladan foydalanilmayotgan ob’ektlar bilan band bo‘lgan yer uchastkalarini tanlab olish;
•    hokimlar tomonidan yer uchastkalarini olib qo‘yish haqida qaror qabul qilish uchun ushbu hududda joylashgan turar va noturar ko‘chmas mulk ob’ektlari mulkdorlarining roziligini olish hamda yer uchastkasi olib qo‘yilishi oqibatida yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha yozma kelishuv tuzish.

Yer uchastkalari noqonuniy olib qo‘yilganligi munosabati bilan mulkdorlarga zarar yetkazilganligi uchun mansabdor shaxslarning javobgarligini kuchaytirish yuzasidan Qonun loyihasi ishlab chiqiladi.

Mazkur tartib farmoyishda ko‘rsatilgan yer uchastkalarini olib qo‘yish va mulkdorlarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibini belgilovchi Hukumat qarori qabul qilinguniga qadar amal qiladi.
 


Maqola muallifi

Teglar

snos Prezident farmoyishi

Baholaganlar

65

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing