Prezident shaxmatchilarni tabrikladi

Sport

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Vengriyaning Budapesht shahrida o‘tkazilgan 45-Butunjahon shaxmat Olimpiadasida munosib ishtirok etgan o‘zbekistonlik shaxmatchilarni tabrikladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

“G‘oyat keskin va murosasiz musobaqalarda sizlar yuksak aql-zakovat, mustahkam iroda va matonat fazilatlarini namoyon etib, Xitoy, Serbiya, Armaniston, Germaniya, Ozarbayjon, Sloveniya, Ispaniya kabi manaman degan davlatlarning jamoalarini ortda qoldirganingiz ulkan tahsin va tasannolarga sazovordir. Ushbu musobaqada yuksak intellektual salohiyatini namoyish etgan Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Shamsiddin Vohidov, Nodirbek Yoqubboyev, Jahongir Vohidov kabi o‘g‘lonlarimiz erishgan natijalar biz uchun juda qadrlidir. Ayniqsa, taxtalar kesimida Shamsiddin Vohidov oltin medalni, Nodirbek Abdusattorov kumush medalni qo‘lga kiritib, naqadar katta mahorat egasi ekanlarini yana bir bor isbotlaganlarini alohida ta’kidlash lozim”, deydi Prezident.

Shuningdek, davlat rahbari shaxmat Olimpiadasida O‘zbekiston ayollar terma jamoasining ham ishtirokiga to‘xtaldi.

“Mard va jasur o‘g‘lonlarimiz qatorida Afruza Hamdamova, Nilufar Yoqubboyeva, Umida Omonova, Marjona Malikova, Nodira Nodirjonova singari azmu shijoatli shaxmatchi qizlarimiz ham musobaqalarda munosib ishtirok etib, bor kuch-g‘ayrati va mahorati bilan Vatanimiz sharafini himoya qildilar. Ular o‘tgan Olimpiadada ko‘rsatgan natijalarini yaxshilab, 170 mamlakat o‘rtasida 12-o‘rinni egallaganlari albatta e’tiborga molikdir. Matonatli qizimiz Nodira Nodirjonova taxtalar kesimida faxrli 2-o‘rinni egallab, kumush medal bilan taqdirlangani ayniqsa quvonchlidir. Ularning barchasini samimiy qutlab, kelgusi musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni zabt etishlarini tilayman”, deydi Prezident.

Ma’lumot uchun, shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bugun, 24 sentyabr kuni Toshkent xalqaro aeroportida kutib olinadi. Ular o‘rin olgan samolyot Toshkent vaqti bilan 12:30 da Islom Karimov nomidagi aeroportga qo‘nishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident Shavkat Mirziyoev shaxmat Nodirbek Abdusattorov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing