Prezident Sariosiyoda yangi GES qurilishiga start berdi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida To‘palang daryosida ishga tushirilishi rejalashtirilgan “Zarchob-3” kichik gidro elektr stansiyasi qurilishiga start berdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi

Unga ko‘ra, bugun, 16 noyabr kuni Mirziyoyev rahbarligida “Zarchob-3” kichik gidro elektr stansiyasining qurilishiga tamal toshi qo‘yilgan. 

Quvvati 16 megavatt bo‘lgan “Zarchob-3” GES ishga tushirilganidan so‘ng, yiliga 70 million kilovatt/soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqara boshlaydi. Shuningdek, boshqa quvvatlar asosan kunduz kuni ishlab chiqarilgani bois, bu yo‘nalish energetika tizimida rostlovchi vazifasini ham o‘taydi. Olinadigan elektr tannarxi ham boshqa manbalarga nisbatan ancha arzon hisoblanadi. 

Hozirgi tizim bo‘yicha, daryo suvi maxsus bosim ostida avval To‘palang GESiga yo‘llanadi. Undan keyin bir biridan uncha uzoq bo‘lmagan Zarchob stansiyalaridagi parraklarni aylantiradi.

Shu bilan birga, xususiy sektor tomonidan mikro GESlar barpo etishga ham keng imkoniyat berilmoqda. Buning uchun huquqiy, iqtisodiy sharoitlar yaratilgan. Jumladan, kichik va mikro GESlarni qurish istagidagi tadbirkorlarga yerlarni 20 yil muddatga ijaraga berish, ular ishlab chiqargan elektrni davlat tomonidan kafolatli sotib olish tizimi joriy qilingan.

Ma’lumot uchun, Prezidentning 2017 yil 17 oktyabrdagi qaroriga muvofiq, To‘palang daryosida kichik elektr stansiyalari ham qurilgan. Xususan, 2020 yil dekabrda 37 megavattli “Zarchob-1” hamda 2021 yil sentyabrda 38 megavattli “Zarchob-2” GESlari ishga tushirilgan. Bugungi kunda ularda 48 mingta xonadonga yetadigan elektr energiyasi hosil qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatidagi To‘palang gidroelektr stansiyasiga borib, modernizatsiya ishlarini ko‘zdan kechirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Surxondaryo Shavkat Mirziyoev GES Zarchob-3 To'palang daryosi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing