Prezident Samarqandni rivojlantirishning 5 ta asosiy yo‘nalishini ko‘rsatdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyati faollari va soha rahbarlari ishtirokidagi yig‘ilishda hududning foydalanilmagan imkoniyatlarini ishga solish uchun 5 ta drayver sohani ko‘rsatib o‘tdi.

Bular – sanoat, transport logistikasi, yirik industrial issiqxonalar, xizmat ko‘rsatish va turizm. Ushbu sohalarda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan chora-tadbirlar aytib o‘tilib, mas’ullar belgilandi.

2021-2022 yillarda Samarqand viloyatida sanoat, xizmat ko‘rsatish va qishloq xo‘jaligi sohalarida qiymati 30 trillion 415 milliard so‘mlik 1 ming 279 ta investitsiya loyihasi rejalashtirilgani ta’kidlandi. Xususan, 12 trillion so‘mlik 1 ming 184 ta hududiy, 18 trillion so‘mlikdan ziyod 95 ta tarmoq loyihalari amalga oshiriladi. 1,8 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar o‘zlashtiriladi va 26 mingta doimiy ish o‘rni tashkil etiladi.

Xususan, energetika sohasida 974 million dollarlik 8 ta yirik loyiha amalga oshirilib, yiliga 6 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi, natijada 1,8 milliard kub metr tabiiy gaz tejaladi. Shuningdek, Fransiyaning “Total Eren” kompaniyasining 100 million dollar sarmoyasi hisobiga shu yil dekabrda Nurobod tumanida quvvati 100 Mega-vatt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushiriladi.

Prezident Urgut tumanini to‘liq erkin iqtisodiy zonaga aylantirish, viloyatning barcha hududlarida ushbu iqtisodiy zonaning filiallarini tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Shuningdek, “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi negizida xolding kompaniya tuziladi.

Qo‘shrabot, Ishtixon va Urgut tumanlarida 8 ming gektarda intensiv bog‘ va uzumzorlar barpo etib, 4 mingdan ziyod kishini ish bilan ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Chorvachilikda yana 4 ming, pillachilik va  ipak mahsulotlari tayyorlashda 12 ming ish o‘rni yaratish mumkinligi qayd etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Samarqand

Baholaganlar

77

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing