Prezident Saida Rametova, Karim Mirhodiyev va Tohir Sayidovni ham mukofotladi

Madaniyat-san’at

image

O‘zbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi a’zosi, kino va teatr aktyori Karim Mirhodiyev, O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktyori Saida Rametova hamda O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktyori Tohir Saidov “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Bu haqdagi farmonga bugun, 23 avgust kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev imzo chekdi.

Qayd etilishicha, ular O‘zbekiston mustaqilligini mustahkamlash, o‘zining yorqin iste’dodi, keng qamrovli ilmiy-ijodiy va amaliy faoliyati bilan xalqning intellektual salohiyati va ma’naviyatini yuksaltirishga qo‘shgan hissasi uchun taqdirlangan.

Ma’lumot uchun, Saida Rametova mashhur o‘zbek aktrisalardan biri bo‘lib, u ko‘plab kino va seriallarda ishtirok etgan. U 1995 yilda “Bomba” filmida Jamila – militsioner Ortiqning xotini sifatida epizodik rol o‘ynagan. 2004 yilda “Sarvinoz” filmida Maryam opa obrazida paydo bo‘lgan. 2008 yilda suratga olingan mashhur “Superkuyov” filmida esa Munira opa – Sardorning onasi roli bilan katta e’tibor qozongan. Keyingi yillarda ham u ko‘plab filmlarda asosiy rollarni ijro etgan, masalan, 2010 yilda “Uchar qiz” filmida bosh rolni ijro etgan, “Majruh” filmida Faruxning onasi sifatida ekranga chiqqan. “Farishta” filmida Saida opa rolini o‘ynagan. U 2021 yilda xalqaro loyiha “Mendirman Jaloliddin” serialida ham ishtirok etgan. Umuman olganda, Saida Rametova 80 dan ortiq kino va seriallarda turli obrazlarni yaratib, o‘zbek kinosining eng sevimli aktrisalaridan biriga aylangan.

Karim Mirhodiyev 1954 yil 29 iyulda Buxoroda tug‘ilgan. U Toshkentdagi Ostrovskiy nomidagi Davlat teatr-va rassomlik institutida o‘qigan, keyinchalik Abror Hidoyatov nomidagi teatrda (sobiq Yosh gvardiya teatri) xizmat qilgan va 60 dan ortiq teatr rollarini ijro etgan. 2001 yilda unga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” unvoni berilgan.

Tohir Saidov 1965 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan. U o‘zbek teatr va kino aktyori. U o‘z faoliyatini 1991 yilda O‘zbek milliy akademik drama teatrida boshlaydi va oltmishdan oshiq spektakllarda turli obrazlarni ijro etadi. Tohir Saidovni xalqqa tanitgan roli bu “Ko‘ngil ko‘chalari“ serialidagi “gadoy” obrazi bo‘lgan. Ushbu serialdan tashqari aktyor yana “Shaytanat” va “Sardor” kabi serialida, shuningdek “So‘g‘diyona”, “Chavandoz” hamda “18 Kvadrat” kabi 20 dan oshiq filmlarda ham rol ijro etgan. Tohir Saidov o‘zining san’at sohasidagi uzoq yillik faoliyati orqali 2005 yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist“ unvoni bilan mukofotlangan.

 


Maqola muallifi

Teglar

Saida Rametova Karim Mirhodiev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing