Prezident reproduktiv salomatlikka oid Qonunni imzoladi
Jamiyat
−
12 mart 2019
5427O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha, 11 mart kuni “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanalida xabar berildi.
Mazkur Qonunning maqsadi, fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlashni tartibga solishdan iborat.
Qonunga muvofiq, fuqarolar kontratsepsiya usullarini tanlash, ulardan foydalanish, shuningdek ularni rad etish huquqiga ega.
Fuqarolarga sog‘lig‘ining holati, yoshi va individual xususiyatlari hisobga olingan hamda nomaqbul oqibatlar haqida ogohlantirgan holda kontratsepsiya usullarini yakka tartibda tanlash bo‘yicha tibbiy yordam ko‘rsatiladi.
Kontratsepsiyaning jarrohlik usuli voyaga yetganlarning yoki er-xotinning yoxud muomalaga layoqatsizlar vasiylarining roziligi bilan amalga oshiriladi.
Qonunga ko‘ra, homiladorlikni sun’iy tushirish quyidagi holatlarda amalga oshiriladi:
• homiladorlikning o‘n ikki haftasigacha ayolning xohishiga ko‘ra;
• homiladorning hayotiga xavf soluvchi tibbiy ko‘rsatmalar bo‘lganida homiladorlikning istalgan muddatida.
Qonunga ko‘ra yordamchi reproduktiv texnologiyalar qo‘llanilishi haqidagi, shuningdek ularning ishtirokchilari haqidagi ma’lumotlar shifokorlik siri sifatida qo‘riqlanadi.