Prezident poytaxtdagi yangi loyihalar bilan tanishmoqda
Jamiyat
−
20 noyabr 2020
7988O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 20 noyabr kuni Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari, sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishmoqda.
Birinchi ob’ekt Yashnobod tumanidagi Texnopark bo‘ldi. Davlat rahbarining 2019 yil 1 maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida ushbu innovatsiya texnoparki tashkil etilgan edi. O‘tgan qisqa vaqtda bu yerda zamonaviy industriya yo‘lga qo‘yildi.
Masalan, Toshkent aviatsiya zavodi ishlab turgan 2010 yilda 50 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarilib, 30 million dollarlik eksport qilingan bo‘lsa, Texnoparkdagi barcha loyihalar natijasida 2021 yilda 520 million dollarlik mahsulot tayyorlanadi va 105 million dollarlik eksport qilinadi.
Shuningdek, ilgari 3 mingdan ziyod ish joylari bo‘lgan, Texnoparkda 6 ming 700 ga yaqin bo‘ladi. Ya’ni, mahsulot ishlab chiqarish 10 barobar, eksport 3,5 barobar, ish joylari 1,7 barobar ko‘payadi.
Texnopark 7 ta blokdan iborat. Bu yerda umumiy qiymati 365 million dollarlik 17 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
Joriy yil fevralda elektron gaz hisoblagichlar korxonasi, avgustda maishiy sovutgichlar zavodi ishga tushirilgan edi. Boshqa loyihalar ham birin-ketin foydalanishga topshirilmoqda.
Prezident shunday yangi quvvatlar – lift va eskalatorlar, forma va qoliplar, suv nasoslari, sanoat konditsionerlari va sovitish tarmoqlari korxonalarida ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi.
Lift korxonasida davlat rahbari mahsulotlarning lokalizatsiya darajasi bilan qiziqdi. Hozirda bu ko‘rsatkich 32 foiz.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent va boshqa shaharlardagi ko‘p qavatli uylarda eng katta muammo liftlar bilan bog‘liqligini aytib, mahalliylashtirish darajasini oshirish evaziga tannarxni tushirish, eski liftlarni almashtirib, yangilariga sifatli xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Zamonaviy liftlarni ekspluatatsiya qilish bo‘yicha kadrlar tayyorlash kerakligi qayd etildi.
Davlat rahbari forma va qoliplar korxonasida yosh xodimlar ishini kuzatdi.
“Bunday korxonalar bir emas, bir nechta juda muhim iqtisodiy-ijtimoiy masalalarni hal qiladi. Odamlarni, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlaydi. Eng asosiysi, bugungi yutug‘imiz – sanoatda yuqori texnologiyalarni amalda ishlata oladigan zamonaviy milliy kadrlarning yangi avlodi yetishib chiqyapti”, deydi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev mahsulotlar sifatini ilg‘or mutaxassislar ta’minlashini, shu bois yoshlarni bunday korxonalarda ishlashga tayyorlash uchun o‘quv markazi tashkil etish zarurligini ta’kidladi.
Kelgusi yili Texnoparkda sovituvchi vitrinalar, isitish radiatorlari, oshxona texnikalari, furnitura va aksessuarlar, mis quvurlar, izolyatsiya materiallari kabi bozorbop mahsulotlar ishlab chiqaruvchi 9 ta korxona ishga tushiriladi.
LiveBarchasi