Harobadan chiqqan “futbolchi” – Sadio Mane

Sport

image

Dunyo tanigan ko‘plab futbolchilar borki, ularning yoshlik davri o‘ta og‘ir va mashaqqatli kechgan. Ba’zilari esa hayot qiyinchiliklari sabab bolalik zavqini his qilmagan ham. Ana shunday futbolchilardan biri Angliyaning “Liverpul” jamoasi o‘yinchisi Sadio Manedir.

Mersisaydning “Liverpul” klubi hujumchisi Sadio Mane futboldagi hayoti, bolalik davridanturli qiyinchiliklar kechirgani, oilasida hech kim futbolni yoqtirmagani, o‘g‘irlik qilgani, do‘stidan qarz olgani, onasi uni futbolchi bo‘lishiga qarshi chiqqani, futbol o‘ynash uchun butsasi bo‘lmagani va uyidan Dakarga qochib ketgani haqida haqida so‘zlab berdi.

17 yil oldin...

2002 yilda men 10 yoshda edim. Janubiy Koreya va Yaponiyada bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida Senegal - Fransiya (1:0) terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvni hech qachon yodimdan chiqarmayman. Hozirgi kunga qadar o‘sha o‘yin kunini kechagiday eslay olaman. Bu voqea 2002 yilning 31 martida bo‘lgandi. Maktabda o‘qishning so‘nggi kuni edi.

O‘shanda Senegal - Fransiya terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yinni tomosha qilishimiz uchun, o‘qituvchimiz uyimizga barvaqt borishimizga ruxsat berdi. Men uyga ham bormadim, sumkamni akalarimdan biriga berdim va oq-qora rangdagi televizor oldida futbolni tomosha qilish uchun qishloqqa yugurdim. 

O‘sha o‘yinning barcha lavhalarini hali ham eslayman. 2002 yilgi jahon chempionatida Senegal terma jamoasi chorak finalga qadar yetib borgan. 1/4 finalda Turkiya terma jamoasiga kichik hisobda mag‘lubiyatga uchragan.

Shu o‘yindan so‘ng ta’sirlanib ketganman. O‘shanda, albatta, futbolchi bo‘laman va Vatanim terma jamoasining yuqori natijalarni qo‘lga kiritishida o‘z hissamni qo‘shaman, deb o‘zimga-o‘zim va’da berganman.

O‘sha kunlarda mening hayotim, qishloqdagi boshqa bolalar kabi quvonchli emas edi. Shunday bo‘lsa ham orzuimni amalga oshira oldim.

Amalga oshishi qiyin bo‘lgan orzu

Oilamizda hech kim futbolni yoqtirmagan. Onam har safar maydonda futbol o‘ynayotganimni ko‘rib qolsa, barcha itlarni orqamdan qo‘yib yuborishga tayyor turardi. Hayotim mana shunday qiyin bo‘lgan, o‘zimni oilamda yolg‘iz his qilganman. Nima uchun ularning barchasi menga qarshi chiqqanini tushunmaganman.

Lekin futbolchi bo‘lishimni aniq bilganman. Butun oilam menga qarshi bo‘lsa ham, qishlog‘imdan hech kim (Bambali, Dakardan 300 km uzoqlikda) professional futbolchi bo‘lmasa ham, bu meni to‘xtata olmagan. Haqiqiy futbol Dakarda, u esa qishlog‘imdan ancha uzoqda edi.

Uydan qochish

Uydan qochib ketish uchun puxta tayyorgarlik ko‘rdim. Lekin menda pul yo‘q edi. Hech kim shubhalanmasligi uchun, barcha narsalarim bilan sport sumkamni ko‘chaga berkitib qo‘ygandim. Ertasi kuni tongi soat 6:00 da dush qabul qilmadim, faqat yuzimni va tishimni yuvdim. Uydan qochib ketishimni hech kimga aytmaganman, bu haqda faqat eng yaqin do‘stim bilgan xolos.

Uydan ko‘chaga chiqqach, Dakarga qadar avtobusda yetib olishim uchun do‘stimning uyiga qarz olish uchun borganman. Shu tariqa Dakarga yetib keldim va u yerda avval bilmagan oilada qo‘nim topdim.Shundan so‘ng har xil jamoalarda mashg‘ulot o‘tashni boshladim. Bu vaqtda ota-onam meni hamma joydan qidirishga tushgan. Ular qayerda ekanligimni do‘stim bilishiga ishonchi komil edi. Ammo u so‘zida turdi va ota-onamga hech nima aytmadi.

Oilamdagilar va do‘stimning ota-onasi unga bosim o‘tkazdi va u barchasini aytishga majbur bo‘ldi. O‘shanda ota-onam menga qo‘ng‘iroq qilib, zudlik bilan ortga qaytishimni aytishdi. Men qaytib borishni xohlamadim. Lekin ota-onam o‘qish yakunlangach meni qo‘yib yuborishga va’da berishganidan so‘ng, qishlog‘imga qaytishga majbur bo‘ldim.

Futbol akademiyalaridan takliflar

Dakarga qaytishni xohlaganman. U yerdagi har xil futbol akademiyalardan har doim taklif olganman. Lekin shartnomada ko‘rsatilgan maosh menga to‘g‘ri kelmagan. Esimda, Dakardagi bitta futbol akademiyasidan taklif bo‘lgan. O‘shanda menga yiliga 150 ming frank (taxminan 230 yevro) maosh ko‘rsatilgan shartnoma taklif qilishgan.

Bu oilamiz uchun juda katta pul edi. Tog‘amning maoshiga butun oilamiz bilan yashar edik. Bu shunchaki imkonsiz edi. Oilamizga oziq-ovqat yetishmayotgan bir paytda futbol haqida o‘ylash ahmoqlikdan boshqa narsa emasdi.

Qiziqarli voqea

Bu uzoq tarix. Maktabda yaxshi o‘qiganman. 3-sinfda eng yaxshi o‘quvchi bo‘lganman. Ammo bora-bora o‘qishim sustlasha boshlagan. Ehtimol, yaqinlarimga o‘qish men uchun emasligini, boshqa ish qilishni xohlayotganimni tushintirish uchun bu ajoyib usul bo‘lgandir. Va nihoyat, onam va tog‘am meni tushundi. Men birinchi divizionda o‘ynaydigan "Kaza Spor" (Ziginshor shahri klubi) jamoasining ko‘rigiga bordim.

Ko‘rik paytida to‘pig‘imni qayirib oldim va bir oy vaqtimni jarohatimni davolashbilan o‘tkazdim. Shunday qilib "Kaza Spor" ko‘rigidan o‘tolmadim. Jarohatimdan forig‘ bo‘lgach, Bambalidan 25 kilometr uzoqda joylashgan Koji klubiga bordim. O‘shanda Sengor ismli qariyani uchratib qoldim. Bu haqida hech qachon gapirmaganman.

Koji qishlog‘ini yaxshi bilardim, chunki u yerga yong‘oq olish uchun borardik. Qariya Sengor u yerda qo‘riqchilik qilardi va yong‘oq olmasligimiz uchun bizni haydab yuborardi.

Kojiga kelishim bilan Sengorni velosipedda ketayotganini ko‘rdim. U meni ko‘rdi va men tarafga kela boshladi. U yana koyib bersa kerak, deb o‘yladim va undan berkinishga harakat qildim. U esa oldimga kelib "Sadio, qo‘rqma. Sen bilan futbol haqida gaplashmoqchiman. Futbolni zo‘r o‘ynashing haqida menga aytib berishdi. Mbure shahrida (Dakardan 80 km uzoqlikda) akamning futbol jamoasi bor, senga yordam berishim mumkin", dedi qariya Sengor.

Shundan so‘ng, uyga qaytib bordim, bu haqida onamga hech nima demadim. Chunki Sengorning gaplariga unchalik ishonmadim. Ular va’da berib, keyin esa yo‘q bo‘lib qoladigan holatlar hayotimda ko‘p bo‘lgan. Ammo bu Sengor to‘satdan uyimizga kirib kelib, onam bilan suhbatlashdi va o‘qishimni davom ettirishimga va’da berib, gaplariga ishontirdi.

Kojidagi jamoa o‘rtamiyona edi. Ammo ular taniqli klublar skautlari tashrif buyurgan turli xil musobaqalarga mezbonlik qilgan. 2005 yil oxirida bir insonning taklifi bilan "Jenerason Fut" jamoasi ko‘rigiga bordim. 

O‘shanda 200 yoki 300 nafardan ko‘proq bola jamoa ko‘rigiga kelgandi. Men o‘zimni tanishtirganimda, avvaliga unchalik yaxshi boshlanmadi. Ular menga qandaydir beparvolik bilan qarashdi. Butsamning yon tarafi yirtilib ketgandi. Men uni iloji boricha qalin ip bilan tikdim. Ular mendan, "Haqiqatan ham futbolchi bo‘lishni xohlayapsanmi?", deb so‘rashdi. Ammo oxirida ular men haqimda bir xilda fikrlay boshladi. Hammasi shundan boshlandi. 

“Mets” jamoasi

2005 yildan 2010 yilga qadar "Jenerason Fut" bolalar jamoasida faoliyat olib borganman. 2011 yili Fransiyaning “Mets” klubi skautlari menga qiziqib qoldi. 17 yoshimda "Mets" jamoasining asosiy to‘purari bo‘lganman. Kelasi mavsumda klubning asosiy tarkibiga taklif qilishgan.Professional futboldagi rasmiy debyut o‘yinimni 2012 yilning 14 yanvar kuni 2-ligadagi“Basti” jamoasiga qarshi o‘tkazganman.

2-liga musobaqasida "Mets" jamoasi tarkibida 22 uchrashuvda maydonga tushganman va raqiblar darvozasini 2 marotaba ishg‘ol qilganman. Shundan so‘ng Senegal terma jamoasiga chaqiruv olganman. 

"Red Bull Zalsburg"

2012 yilgi transfer oynasining so‘nggi kunida Fransiya chempionatini tark etib, Avstriyaning "Red Bull Zalsburg" klubiga ko‘chib o‘tganman. Avstriya jamoasi bilan 4 yillik shartnomaga imzo chekdim. O‘shanda "Red Bull Zalsburg" meni 4 million yevroga sotib olgandi. 2012 yilning 15 sentyabr kuni Avstriya chempionatida "Rida"ga qarshi o‘yinda debyut uchrashuvimni o‘tkazdim.

30 sentyabr kuni esa "Shturma" jamoasiga qarshi bahs olib bordik. O‘shanda raqiblar darvozasini 2 marotaba ishg‘ol qilganman. Bu –professional faoliyatimdagi ilk dubl edi. Oradan roppa-rosa bir oy vaqt o‘tgach, Avstriya kubogida "Kalsdorf"ga qarshi uchrashuvda xet-trik qayd etdim. Shunday qilib Avstriya jamoasi safida barcha musobaqalarda 63 marotaba maydonga tushib, raqiblar darvozasini 31 bor ishg‘ol qilganman.

"Sautgempton"

2014 yilning 2 sentyabr kuni Angliyaning "Sautgempton" jamoasi bilan 3 yillik shartnoma imzoladim. 23 sentyabr kuni Liga kubogida "Arsenal"ga qarshi o‘yinda debyut qildim. Oradan 4 kun o‘tgach Premer-liga doirasida KPR (“Kuinz Park Reynjers”) jamoasiga qarshi ilk marotaba maydonga tushdim. "Sautgempton" tarkibida 67 uchrashuv o‘tkazib, 22 marotaba raqib darvozasini ishg‘ol etdim.

“Liverpul”

2016 yilning 28 iyun kuni hayotimda ulkan o‘zgarish ro‘y berdi. Shu kuni Mersisaydning "Liverpul" jamoasi bilan uzoq muddatli shartnoma imzoladim. O‘shanda klub meni 40,7 million yevro evaziga "Sautgempton"dan sotib olgandi. To‘g‘risini aytaman, u paytda Yurgen Kloppni "Liverpul"da ko‘rishni chin dildan xohlaganman.

2016 yil, 14 avgust kuni APL doirasida "Liverpul" tarkibida "Arsenal"ga qarshi debyut uchrashuvimni o‘tkazdim. Ushbu bahsda raqib darvozasini ishg‘ol qilganman. Buni so‘z bilan ta’riflab berish juda ham qiyin. Shu kuni mendan baxtli inson bo‘lmagan bo‘lsa kerak.

Boylikka munosabat...

O‘nta ferrari, yigirmata tilla soat va ikkita samolyot menga nima uchun kerak? Bu narsalar men uchun, dunyo uchun nima qiladi? Men och qolgan paytlarim bo‘lgan, dalada ishlaganman, urushda omon qolganman, yalangoyoq futbol o‘ynaganman, maktabga bormaganman. Bugun men odamlarga yordam berish imkoniyatiga egaman.

Biz o‘zim tug‘ilib o‘sgan qishloqda maktablar va stadionlar qurdik. O‘ta qashshoqlikda yashayotgan odamlarni kiyim-kechak, poyabzal, oziq-ovqat bilan ta’minladik. Menga shuni o‘zi yetadi. Boshqa hech narsa kerak emas.

So‘nggi 10 yil ichida Bambaledagi bolakaydan nima qoldi?

Men o‘zgarmaganman, qaysarman, maqsadimga yetishmaguncha tinch turmayman. Agar biror narsani xohlasam, uni, albatta, amalga oshiraman. Qayerda tavallud topganimni hech qachon unutmayman. Hech narsadan uyalmayman. Bu mening asosiy qurolim. Men hayotni tezda anglab yetdim va hayot saboqlaridan dars oldim.

Agar siz haqiqatan ham biror narsani xohlasaniz va taslim bo‘lmasangiz, hammasi yaxshi bo‘ladi. Faqat sabr qilish kerak. Masalan, erta tongda 10 kilometr yugurish uchun barvaqt uyg‘onardim. Bularning barchasi men uchun foydali ekanligini o‘zimga-o‘zim aytganman. Mashg‘ulotga bir soat oldin boraman. Men mehnatkashman va o‘ylaymanki bizning kasbda aynan mana shunday bo‘lish kerak. Bu yerda mayda narsaning o‘zi yo‘q. O‘sishni xohlasam jiddiy tarzda ishlashim kerak.

Rostini aytaman, uzoq vaqtdan beri o‘zimni bunchalik erkin his qilmaganman. Men Senegaldan farqli o‘laroq, mutlaqo boshqa dunyoga tushib qoldim. Bolalikda kattalar kamtar bo‘lishim kerakligini o‘rgatishgan. Bu yerda har kim o‘zi uchun yashaydi. Men alohida yashayman. Ijtimoiy tarmoqlarda o‘tirmayman. Oilam va qishloqdoshlarimdan uzoqlashmaslik uchun imkon qadar tez-tez qishlog‘imga borib turishga harakat qilaman. Men oddiy bir futbolchiman, yulduz emasman. Eng muhimi odamlarni yaxshi ko‘raman.

El-Xaji Diuf futboldagi kumirim

Birinchi navbatda, u futbolchi sifatida yoqardi. Unga o‘xshashni juda ham istardim. El-Xaji Diuf to‘p bilan qanday muomala qilganini ko‘rganman. Dribling va fintlarini ko‘rib, unga o‘xshashni istaganman.

Kompyuter o‘yinlari

Dunyoda PlayStation nima ekanligini bilmaydigan professional futbolchi men bo‘lsam kerak. Kompyuter o‘yinlarini hech qachon o‘ynamaganman. Videoo‘yinlarni o‘ynashni ham istamayman. Klubdagi va terma jamoadagi jamoadoshlarimning barchasi u bilan vaqtini o‘tkazsa ham menga qiziq emas. Joystikdan qanday qilib foydalanishni ham bilmayman.
 


Maqola muallifi

Teglar

Futbol Liverpul' Sadio Mane

Baholaganlar

300

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing