Prezident oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bo‘yicha qarorni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Quyida qarorning to‘liq matni bilan tanishing.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Respublikaning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasidagi salohiyatini yanada oshirish, olib borilayotgan islohotlar va zamon talabiga to‘liq javob beradigan ishlab chiqarish, qayta ishlash, standartlash hamda agrobiznes yo‘nalishida konsalting, marketing xizmatlarini rivojlantirish va ilmiy tadqiqotlarga asoslangan intensiv agrosanoat tizimini tashkil qilish, oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish, sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish va agrar sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, “O‘zstandart” agentligi va “O‘zbekoziqovqatxolding” XK tomonidan O‘zbekiston Respublikasida 2019-2021 yillarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan:

•    qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining asosiy turlarini qayta ishlash va eksport qilishning prognoz ko‘rsatkichlari 1-ilovaga muvofiq;

•    xorijiy kredit liniyalari hisobidan yirik agrologistika komplekslarini tashkil etish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi 2-ilovaga muvofiq;

•    zamonaviy agrologistika markazlarini tashkil etish bo‘yicha investitsiya loyihalarni amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi 3-ilovaga muvofiq;

•    qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha investitsiya loyihalarni amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi 4-ilovaga muvofiq;

•    import o‘rnini bosuvchi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi 5-ilovaga muvofiq;

•    meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlardagi samarasiz bog‘lar o‘rnida intensiv bog‘lar tashkil etishning maqsadli parametrlari 6-ilovaga muvofiq;

•    respublika hamda hududiy sinov va sertifikatlashtirish markazlari huzuridagi sinov laboratoriyalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi 7-ilovaga muvofiq;

•    qabul qilinadigan oziq-ovqat sanoati sohasidagi xalqaro standartlar ro‘yxati 8-ilovaga muvofiq;

•    qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” (bundan buyon – “Yo‘l xaritasi”) 9-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi,Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki, “O‘zsanoatqurilishbank” ATB va “Asaka” ATB hamda boshqa tijorat banklari bilan birgalikda jalb etilayotgan quyidagi manbalar hisobidan:

a) mazkur qarorning 2-5-ilovalariga muvofiq amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari va chora-tadbirlarga tegishliligi bo‘yicha:

•    O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari qo‘shma investitsiya kompaniyasi mablag‘lari;

•    Jahon bankining qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish va raqobatbardoshlikni oshirish uchun 200,0 million AQSH dollari hamda qishloq xo‘jaligida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun200,0 million AQSH dollari miqdoridagi kredit mablag‘lari;

•    Osiyo taraqqiyot bankining yirik zamonaviy agrologistika komplekslarini tashkil etish uchun 347,0 million AQSH dollari va chorvachilikni rivojlantirish uchun 150,0 million AQSH dollari miqdoridagi kredit mablag‘lari;

•    Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining meva-sabzavotchilikni rivojlantirish uchun 200,0 million AQSH dollari miqdoridagi kredit mablag‘lari;

•    Fransiya rivojlanish agentligining chorvachilikni rivojlantirish uchun 170,0 million AQSH dollari miqdoridagi kredit mablag‘lari;

•    Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasining qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya va modernizatsiya qilish uchun 46,6 million AQSH dollari miqdoridagi kredit mablag‘lari;

b) mazkur qarorning 7-ilovasida nazarda tutilgan sinov laboratoriyalarini modernizatsiya qilishga Jahon bankining 6,2 million AQSH dollari miqdoridagi kredit mablag‘larining yo‘naltirilishini ta’minlasin.

3. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Meva-sabzavotchilik tarmog‘ida qo‘shilgan qiymat zanjiri infratuzilmasini rivojlantirish”loyihasini amalga oshirish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror qabul qilsin:

•    loyihaning umumiy qiymati 244,75 million AQSH dollari, shu jumladan, Osiyo taraqqiyot bankining qarz mablag‘lari 197,0 million AQSH dollari, O‘zbekiston Respublikasining ulushi soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berish, investitsiya davrida moliyaviy xarajatlarni to‘lash va boshqa sarf-xarajatlarni investitsiya davrida moliyalashtirish evaziga jami 47,75 millionAQSH dollari ekvivalentini tashkil etishi;

•    Qishloq xo‘jaligi vazirligini loyihaning buyurtmachisi hamda Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligini esa uning ijro etuvchi organi etib belgilash;

•    Osiyo taraqqiyot banki bilan imzolangan qarz bitimi va loyihaning texnik-iqtisodiy asoslanishiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish huquqini berish hamda loyihaning amalga oshirilishini tezlashtirish.

4. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi bilan Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida imzolanadigan moliyalashtirish to‘g‘risidagi qarz bitimi yuzasidan belgilangan tartibda yuridik xulosa bersin.

5. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlashni rivojlantirish bo‘yicha ishchi guruhi (bundan buyon – Ishchi guruh) 10-ilovaga muvofiq tarkibda tuzilsin va unga mazkur qarorning 2-9-ilovalarida nazarda tutilgan investitsiya loyihalari va tadbirlarni amalga oshirishni tashkil etish, loyiha tashabbuskorlari bilan birma-bir uchrashib, loyihalarni amalga oshirish jarayonida yuzaga kelgan muammolarni hal etishga ko‘maklashish hamda ularning muddatida va sifatli amalga oshirilishini monitoring qilishvazifasi yuklatilsin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari mazkur qaror ilovalariga muvofiq amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari uchun zarur yer maydonlari va bo‘sh binolar ajratilishini hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish masalalarini hal etsin.

Ishchi guruhi (B.Xodjayev) mazkur qaror ijrosining borishi yuzasidan har oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin.

6. Belgilab qo‘yilsinki:

a) O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi:

•    qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sektorida yuqori qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishni rag‘batlantirish maqsadida ekinlarni joylashtirish va qayta ishlashning samarali infratuzilmasini yaratish;

•    mahsulotlarni yig‘ish, tashish, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash, ichki va tashqi bozorga yetkazib berish borasida xizmat ko‘rsatuvchi zamonaviy agrologistika komplekslari va markazlari tizimini shakllantirish;

•    agrologistika komplekslari va markazlarini joylashtirish, qurish, ularni boshqarish bo‘yicha kompaniyalarni tashkil etish;

•    xususiy sektorni keng jalb qilgan holda agrologistika komplekslari va markazlarida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini xalqaro talablar asosida, sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha to‘liq sinovlarni o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lgan laboratoriyalar, bojxona terminallari va boshqa xizmatlarni yo‘lga qo‘yish;

•    kooperatsiya ishtirokchilari, dehqon va fermer xo‘jaliklari, agroklasterlar va qishloq xo‘jaligi birlashmalarini yaratilayotgan agrologistika komplekslari va markazlari faoliyatiga keng jalb qilgan holda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va eksport hajmlarini oshirish bo‘yicha manfaatdor vazirlik va idoralar faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;

b) O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi:

•    1-ilovaga muvofiq tasdiqlangan prognoz ko‘rsatkichlariga erishish uchun amalga oshirilayotgan ishlarni;

•    manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda “Yo‘l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarning muddatida va sifatli bajarilishini muvofiqlashtirib boradi;

v) “O‘zbekoziqovqatxolding” XK:

•    mazkur qarorning 5-ilovasida nazarda tutilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish yuzasidan choralar ko‘radi;

•    import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlarini oshirish bo‘yicha ishlarni tizimli tashkil etadi.

7. 2019 yil 1 avgustdan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

a) qishloq xo‘jaligi mahsulotini eksport qiluvchilarning mahsulotni sertifikatlashtirish bo‘yicha xarajatlari“O‘zstandart” agentligining asoslantirilgan hisob-kitoblariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Eksportni rag‘batlantirish agentligi tomonidan qoplanadi;

b) qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash sohasidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun jalb qilinadigan tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasimablag‘lari hisobidan:

•    milliy valyutada, qiymati 10 milliard so‘mdan oshmaydigan miqdordagi, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalashtirish stavkasining 1,5 baravaridan oshmaydigan foiz stavkasida – qayta moliyalashtirish stavkasidan oshadigan qismiga, biroq 5 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorda;

•    xorijiy valyutada, qiymati ekvivalentda 10 milliard so‘mdan oshmaydigan miqdorda jalb qilinadigan kreditlar bo‘yicha – tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 40 foizi, ammo 4 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorda foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya beriladi;

•    kredit summasining 50 foizigacha, biroq 8 milliard so‘mdan oshmagan miqdorda kafilliklar beriladi;

v) mazkur qarorning 6-ilovasiga muvofiq samarasiz bog‘lar o‘rnida intensiv bog‘lar tashkil etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 martdagi PQ-4246-son “O‘zbekiston Respublikasida bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori 7-bandining “b” va “v” kichik bandlarida nazarda tutilgan davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari tatbiq etiladi.

8. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi:

•    Samarqand, Andijon, Toshkent, Farg‘ona, Jizzax va Surxondaryo viloyatlari hokimliklari bilan birgalikda 2019 yil 1 oktyabrga qadar mazkur qarorning 2-ilovasiga muvofiq hududlarda barpo qilinadigan yirik agrologistika komplekslari uchun yer maydonlarini ajratish, agrologistika komplekslarini muhandislik, yo‘l va transport infratuzilmalariga ulanishini ta’minlash yuzasidan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirsin;

•    Buxoro va Xorazm viloyati hokimliklari bilan birgalikda 2019 yil 1 dekabrga qadar Buxoro va Xorazm viloyatlarida yirik agrologistika komplekslarini barpo etish uchun xalqaro moliya institutlari hamda xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining mablag‘larini jalb etish choralarini nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan kooperatsiya birlashuvini joriy qilish bo‘yicha Jizzax viloyatining G‘allaorol va Zomin tumanlarida, Samarqand viloyatining Bulung‘ur va Urgut tumanlarida, Farg‘ona viloyatining Oltiariq va Quva tumanlarida, Toshkent viloyatining Qibray va Parkent tumanlarida o‘tkazilgan tajriba-sinovlarning ijobiy natijalariga ko‘ra mazkur tajribani respublikaning boshqa hududlarida ommalashtirish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin.

Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash, sotish (sotish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish), ta’minot, bog‘dorchilik, tomorqa, chorvachilik xizmatlari va boshqa xizmatlar ko‘rsatuvchilar tomonidan a’zolik badallari (paylarni) kiritish asosida tashkil qilingan qishloq xo‘jaligi birlashmalari sub’ektlari sonini oshirish, ularga keng imkoniyat va qo‘shimcha qulayliklar yaratish mazkur sohadagi ustuvor yo‘nalishlar deb belgilansin.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi va boshqa manfaatdor vazirlik, idoralar va uyushmalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida aholi, tomorqa yer egalari, dehqon va fermer xo‘jaliklari tomonidan qishloq xo‘jaligi kooperatsiya birlashmalarini tashkil qilish, kooperatsiya asosida tadbirkorlik faoliyatini boshlash va yuritishni keng joriy qilish choralarini ko‘rsin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Moliya vazirligi bilan birgalikda:

•    2019 yil 1 oktyabrga qadar bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaliklarini qo‘shimcha moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning aniq manbalarini ko‘zda tutgan hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

•    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 14 martdagi PQ-4239-son “Meva-sabzavotchilik sohasida qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 5-bandida nazarda tutilgan qishloq xo‘jaligi birlashmalari va ularning a’zolariga davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarining ta’sirchanligini ta’minlasin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi:

2019 yil 1 sentyabrga qadar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha xalqaro standartlar talablariga muvofiqligini ta’minlash, xalqaro bozorlarda “o‘zbek sifati” belgisini yanada mustahkamlash va unga e’tiborni kuchaytirish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;

davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralaridan foydalangan holda quriladigan agrologistika komplekslari va markazlarida zamonaviy saqlash joylari, shu jumladan, tez buziladigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini maqbul va uzoq saqlashga mo‘ljallangan muzlatish omborlari va termo-rejim omborlari, transport parki, mahsulotning raqobatbardoshligi va eksport salohiyatini oshirish uchun ularni milliy va xalqaro standartlarga muvofiq kalibrlash, qadoqlash va markirovkalash uchun uskunalarning mavjudligi, mahsulot va uni yetishtirish agrotexnologik jarayonlarining sifat ko‘rsatkichlari muvofiqligini tekshirish uchun laboratoriya mavjudligiga e’tibor qaratsin.

12. “O‘zstandart” agentligi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda:

•    mazkur qarorning 8-ilovasida nazarda tutilgan hujjatlarni asli yozilgan tillarda qabul qilish;

•    xalqaro standartlarni davlat tiliga tarjima qilish orqali davlat fondiga kiritish ishlarini Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish va 2019-2021 yillarda teng ulushlarda 4,5 milliard so‘m mablag‘ ajratish;

2019-2021 yillarda hududlarda oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining xalqaro talablar asosida, sifat va xavfsizlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha to‘liq sinovlarni o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lgan laboratoriyalarni tashkil etish choralarini ko‘rsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi:

•    2019 yil 1 noyabrga qadar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari bilan birgalikda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Navoiy, Namangan va Buxoro viloyatlari hududiy inspeksiyalarini bino bilan ta’minlash va zamonaviy xalqaro laboratoriya talablariga javob beradigan uskunalar bilan jihozlash;

•    markaziy karantin laboratoriyasi hamda Sirdaryo, Surxondaryo, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari hududiy inspeksiyalarining zamonaviy laboratoriya binolarini qurish ishlarini 2020 yil 1 aprelga qadar yakunlash;

•    2020 yil 1 sentyabrga qadar markaziy karantin laboratoriyasini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish;

•    2020 yil 1 noyabrga qadar markaziy va hududiy karantin inspeksiyalarini qo‘shimcha 5 ta sayyor (mobil) laboratoriyalar bilan ta’minlash choralarini ko‘rsin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 29 iyundagi PQ-3818-son “O‘zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga 2-ilovadan “8418 69 000 9” va “8415 81 001 0” pozitsiyalar chiqarib tashlansin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan hamkorlikda 2019 yil 1 oktyabrga qadar“agroonline.uz” axborot tizimi negizida:

•    aholi xonadonlari, dehqon hamda fermer xo‘jaliklari dalalarida yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining turlari va hajmlari bo‘yicha elektron ma’lumotlar bazasini;

•    tayyorlov korxonalari, saqlovchi, qayta ishlovchi, eksport qiluvchi tashkilotlar va boshqa xaridorlarning qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini mahsulot turlari va hajmlari bo‘yicha yagona elektron axborot tizimini;

•    qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, qishloq xo‘jaligi birlashmalari va ulgurji xaridorlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamda shartnomaviy munosabatlarni (kontraktatsiya) elektron tijorat shaklida tashkil etish tizimini ishlab chiqib, joriy etilishini ta’minlasin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi R.A.Gulyamov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 
Shavkat Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2019 yil 29 iyul


Maqola muallifi

Teglar

qaror qishloq xo'jaligi oziq-ovqat

Baholaganlar

9

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing