Otabek Muhammadzohid va Munisa Rizayeva O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvonini oldi

Madaniyat-san’at

image

“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi xonandasi Munisa Rizayeva va O‘zbekiston davlat filarmoniyasining Farg‘ona viloyati bo‘linmasi xonandasi Otabek Mamazoitov “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvoni bilan mukofotlandi. Bu haqda bugun, 28 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Madaniyat, san’at va adabiyot sohalari xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Ma’lumot uchun, Munisa Rizayeva 1986 yil 21 oktyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Bolaligidan musiqa va raqsga qiziqib kelgan. Onasi uni mashhur raqqosa, O‘zbekiston xalq artisti Malika Ahmedovaga shogirdlikka bergan. Otasi esa uning qo‘shiqchi bo‘lishini xohlamagan, ammo u yana boshqa musiqa kurslariga ham borgan. Maktabda o‘qiyotgan vaqtida u oilasi bilan Londonga ko‘chib o‘tgan. Keyinchalik esa London joylashgan Thames Valley universitetida musiqa sohasida o‘qigan.  2010 yilda O‘zbekistonga qaytgan Munisa Rizayeva 2011 yildan boshlab sahnaga chiqishni boshladi. Uning birinchi muvaffaqiyatli taronasi “Ayrilma, yor” bo‘lib, keng auditoriya e’tiborini tortdi. 2012 yilda ilk albomini taqdim etdi. Rizayeva “Ko‘zlarim yana”, “Aha-oho”, “Hollywood”, “Ey samo”, “Sekin-asta” kabi qo‘shiqlari orqali O‘zbekiston va qo‘shni davlatlarda mashhurlikka erishgan. U bir nechta filmlarda ham rol o‘ynagan. Jumladan, “Hay-hay qizaloq” (2012) va “Salom Natasha” (2014) kabi filmlarda bosh rollarda namoyon bo‘lgan. 2026 yil 28 mayda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist faxriy unvoni bilan taqdirlangan. 

Otabek Mamazoitov 1974 yilning 24 martida Farg‘ona viloyatida tavallud topgan. Yoshligidan musiqaga qiziqishi bo‘lganligi sabab 4 yoshidan doira, akkordeon va Farg‘ona shahridagi 1-bolalar musiqa va san’at maktabida rubob ijro etishni o‘rgangan. Farg‘ona davlat universitetida Tavakkal Qodirov qo‘lida tahsil olgan. 1995 yilda “Meni unutma” qo‘shig‘i orqali o‘z faoliyatini boshlagan. Keyin esa “Besh kunlik dunyo”, “Malla soch” qo‘shiqlari bilan tanilishni boshlagan. 2014 yil Turkiya davlatining Denizli shahrida “Turkcha nigoh” nomli an’anaviy xalqaro festivalida ishtirok etgan. Otabek Mamazoitov ziyolilar oilasida tug‘ilgan bo‘lib, otasining ismi Mamadali Mamazoitov. Ularning oilasida 2 farzand bo‘lib, uning singlisi xonanada Gulsanam Mamazoitova. Uning 3 qizi va bir o‘g‘li bor.

Eslatib o‘tamiz, ushbu farmon bilan O‘zbekiston davlat filarmoniyasi xonandasi G‘iyos Boytayev, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi xonandasi Rustamjon G‘oipov, O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi raisi, kinoaktyor Matyoqub Matchonov va O‘zbek Milliy akademik drama teatri aktrisasi Ra’no Yarasheva O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Munisa Rizaeva O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan artist Otabek Muhammadzohid

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing