Prezident odam savdosi va majburiy mehnatga oid farmonni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Quyida farmonning to‘liq matni bilan tanishing.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

So‘nggi yillarda respublikada fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, sud-huquq tizimini isloh qilish bo‘yicha keng miqyosli ishlar amalga oshirildi. Huquqbuzarliklarning barvaqt profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish, shu jumladan, ustuvor yo‘nalish hisoblangan odam savdosiga qarshi kurashish va majburiy mehnatni tag-tomiri bilan yo‘qotish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Odam savdosi qurbonlarini aniqlash, himoya qilish va ijtimoiy reabilitatsiya qilish, shunday jinoyatlar qurboniga aylangan fuqarolarga tibbiy, psixologik va boshqa yordam ko‘rsatish, odam savdosiga aloqador shaxslarni tergov qilish va javobgarlikka tortish, shuningdek, bunday jinoyatlarni sodir etishga imkon berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rilmoqda.

Bolalar mehnatiga barham berildi, qishloq xo‘jaligi ishlari, hududlarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish davrida kattalarning majburiy mehnatidan foydalanishga chek qo‘yish bo‘yicha misli ko‘rilmagan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kafolatli himoyalash hamda xalqaro maydonda davlatimiz imijini oshirish maqsadida fuqarolik jamiyati vakillari va mazkur sohadagi xorijiy nohukumat tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikni ta’minlash bo‘yicha ish olib borilmoqda.

Shu bilan birga hozirgi vaqtda odam savdosiga va majburiy mehnatdan foydalanishga qarshi samarali kurashishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator salbiy omillar saqlanib qolayotganligini tahlillar ko‘rsatib turibdi. Jumladan:

birinchidan, vakolatli organlarning tashabbuskorligi yetarli bo‘lmayapti, vakolatli organlarning yagona rahbarlik ostida yetarli darajadagi idoralararo hamkorligi mavjud emas;

ikkinchidan, mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida xolis va ishonarli axborotni keng jamoatchilikka va xalqaro hamjamiyatga yetkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar uyg‘unlashtirilmagan;

uchinchidan, qonunchilik bazasi xalqaro standartlarga nomuvofiq, bu esa odam savdosiga va majburiy mehnatga aloqador shaxslarni samarali ta’qib qilish va jazolashga to‘sqinlik qilmoqda.

Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurash sohasida, mamlakatimizning xalqaro maydondagi ijobiy imijini olg‘a surishda davlat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishning ta’sirchan tizimini yaratish maqsadida, shuningdek, 2017-2021yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi bo‘yicha belgilangan vazifalarga muvofiq:

1. Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Milliy komissiya) etib qayta tashkil qilinsin va uning tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, Milliy komissiya:

a) Milliy komissiya raisining o‘rinbosari hisoblanadigan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri rahbarlik qiladigan Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiyadan;

b) Milliy komissiya raisining o‘rinbosari hisoblanadigan O‘zbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri rahbarlik qiladigan Majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiyadan iborat bo‘ladi.

2. Quyidagilar Milliy komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilansin:

davlat organlari va hududiy organlarning, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati samaradorligini, yaqin hamkorligi va bahamjihat ishlashlarini ta’minlash maqsadida ularning odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;

milliy qonunchilikni va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish maqsadida odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat dasturlari hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkillashtirish, shuningdek, ularning ijrosini nazorat qilish;

odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni tahlil qilish, baholash, monitoring qilish va samaradorligini oshirish, ushbu sohadagi jinoyatlarni aniqlash, tergov qilish, oldini olish va ularga chek qo‘yish amaliyotini o‘rganish;

odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida samarali xalqaro hamkorlik va bahamjihat harakatni tashkil etish, shuningdek, mazkur sohada axborotlarni yig‘ish, tahlil qilish va ma’ruzalar tayyorlash.

3. Milliy komissiya bir oy muddatda:

Odam savdosiga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiya to‘g‘risidagi nizomni;

Majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha kichik komissiya to‘g‘risidagi nizomni;

2019-2020 yillarda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”)ni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hokimlari zimmasiga odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy komissiyalarga (keyingi o‘rinlarda – Hududiy komissiyalar) rahbarlik qilish vazifasi yuklansin.

5. Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasidagi milliy qonunchilik, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va Milliy komissiyaning taqdimnomalari so‘zsiz, o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash hududiy komissiyalarning asosiy vazifasi etib belgilansin.

6. Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish bo‘yicha milliy ma’ruzachi (keyingi o‘rinlarda – Milliy ma’ruzachi) instituti ta’sis etilsin, uning funksiyalari Milliy komissiya raisi zimmasiga yuklansin.

7. Quyidagilar Milliy ma’ruzachining asosiy vazifalari etib belgilansin:

odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida mamlakatimiz va jahonda yuzaga kelayotgan vaziyat to‘g‘risida, ushbu jinoyat turiga aloqador shaxslarni tergov qilish va jazolash hamda odam savdosi qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga har yili axborot taqdim etish;

mazkur sohada respublikamizda ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqidagi ishonchli axborotni keng jamoatchilikka va xalqaro hamjamiyatga yetkazish maqsadida O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilingan xorijiy davlatlarning diplomatik korpusi va xalqaro tashkilotlarning vakolatxonalarini jalb etgan holda ommaviy axborot vositalari uchun muntazam ravishda brifinglar tashkil etish;

odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida xalqaro hamjamiyat bilan ushbu yo‘nalishga ixtisoslashgan tashkilotlar va huquq himoyachilari o‘rtasida samarali hamkorlik va hamjihatlikni, davlatimizga nisbatan xurujlarga qarshi tezkor chora ko‘rishni, shuningdek, mazkur sohada respublikaning xalqaro maydondagi milliy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash.

8. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda tegishli ravishda quyidagi qonunlarning loyihalarini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

a) quyidagilarni nazarda tutuvchi “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi loyiha:

– odam savdosi qurbonlarini xalqaro standartlarga muvofiq identifikatsiya qilish mexanizmini belgilash;

– odam savdosi qurbonlarini qayta yo‘naltirishning milliy mexanizmini joriy etish;

b) bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilganlik uchun javobgarlik normasini belgilaydigan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi loyiha.

9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bir oy muddatda:

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda Milliy komissiyaning rasmiy veb-sayti ishlab chiqilishi va faoliyat yuritishini ta’minlasin;

Milliy komissiya bilan birgalikda, shu jumladan, xorijiy ommaviy axborot vositalari va internet-resurslarda keng axborot-targ‘ibot ishlarini tashkil etish chora-tadbirlarini amalga oshirsin, bunda davlat organlarining rahbarlari va jamoatchilik vakillarining chiqishlari nazarda tutilsin hamda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha brifinglar, internet-konferensiyalar, televizion ko‘rsatuvlarda ularning ishtirok etishlarini ta’minlasin.

10. O‘zbekiston Respublikasi Xalqaro mehnat tashkilotining xalqaro mehnat normalari qo‘llanilishiga ko‘maklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar to‘g‘risidagi 144-son Konvensiyasini (Jeneva, 1976 yil 21 iyun) ratifikatsiya qilganligi hamda Ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha respublika uch tomonlama komissiyasi tashkil etilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘n kun muddatda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalarini amalga oshirish bo‘yicha Respublika idoralararo komissiyasining faoliyatini tugatish to‘g‘risida hukumat qarorini qabul qilsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash masalalari bo‘yicha Parlament komissiyasini tugatish tavsiya etilsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida takliflar kiritsin.

13. Vazirliklar va idoralar ikki oy muddatda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu Farmonga muvofiqlashtirsin.

14. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Mahmudov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Mirziyoyev


Maqola muallifi

Teglar

odam savdosi farmon majburiy mehnat

Baholaganlar

13

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing