Prezident neft narxi va koronavirus ortidan keladigan iqtisodiy yo‘qotishlarga to‘xtaldi

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev koronavirus bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha xalqqa murojaat qilgani haqida xabar bergan edik.

Prezident o‘z murojaatida koronavirus dunyo iqtisodiyotiga qanday salbiy ta’sirlar ko‘rsatayotganiga ham to‘xtalib o‘tdi va bu O‘zbekistonni chetlab o‘tmasligini ma’lum qildi.

“Koronavirus pandemiyasining butun dunyo mamlakatlari qatori bizning ham iqtisodiyotimizga salbiy ta’siri bo‘lishi tabiiy.

So‘nggi ikki haftada jahon bozorida neftning narxi (bir barrel 60 dollardan qariyb 30 dollarga) keskin pasayib ketgani oqibatida gaz eksportimiz tushumlari qisqarishi mumkin.

Xorijdagi asosiy savdo hamkorlarimizning milliy valyutalari qadrsizlanishi respublikamizga ham, albatta, valyuta tushumini kamaytiradi.

Xorijiy turistlar soni va tushum miqdori kamayishi mumkin. Bular, tabiiyki, yalpi ichki mahsulot va eksport hajmiga ta’sir qilmasdan qolmaydi”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari koronavirus pandemiyasining O‘zbekiston iqtisodiga ta’sirini kamaytirish uchun maxsus ishchi guruh tuzishga topshiriq bergani va ular “sinishi” mumkin bo‘lgan sohalarga yordam ko‘rsatishini ma’lum qildi.

“Mening topshirig‘imga muvofiq, Maxsus ishchi guruh turizm, transport, farmatsevtika va yengil sanoat kabi sohalarga soliq ta’tillari berish, kreditlarni qaytarish muddatini kechiktirish, kechiktirilgan tashqi qarzdorlik uchun jarima qo‘llamaslik tartibini joriy qilish choralarini ko‘rmoqda.

Hukumat qiyin ahvolga tushishi mumkin bo‘lgan soha va tarmoqlarni, yirik korxonalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha alohida chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqib, amalga oshirishi zarur”, deya qayd etdi Prezident.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, bu jarayonda, avvalo, moliya va xomashyo bozorida beqarorlik yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 18 mart kuni Brent markali neft narxi 27,62 dollarga, WTI nefti 25,95 dollargacha pasaydi.Buning ortidan O‘zbekistonning iqtisodiy sheriklari Rossiya va qozog‘istonda milliy valyutalar sezilarli qadrsizlandi. Xususan, bir dollar 79,77 rublga, bir yevro 87,5 rublga baholandi. Qozog‘istonda bir dollar 442 tengega, bir yevro 483,17 tengega baholandi. Neft narxining pasayshi jahon fond bozorlaridag pasayish bilan parallel yuz berdi.


Maqola muallifi

Teglar

neft' koronavirus

Baholaganlar

133

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing