Prezident mas’ullarga energetika tizimini isloh qilish bo‘yicha topshiriq berdi
Jamiyat
−
26 Oktabr 2023
8268Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida energetika bozori regulyatori faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bugun, 26 oktyabr kuni Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov davlat rahbariga joriy yilning 28 sentyabrdagi “Energetika sohasini isloh qilishning navbatdagi bosqichini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmonida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish muddatlari va sohadagi rejalar haqida axborot bergan.
Unda normativ-huquqiy bazani shakllantirish, bozor infratuzilmasini yaratish, energetika tizimini eng quyi bo‘g‘iniga qadar raqamlashtirish, inson omilisiz real vaqtda ishlaydigan aqlli boshqaruv tizimini (SCADA) joriy etish zarurligi aytib o‘tilgan.
Ko‘plab davlatlarda bu islohotlar uchun 15 yil vaqt ketgani, O‘zbekistonda buni uch bosqichda, 2030 yilgacha yakunlash rejalashtirilgani ta’kidlangan.
Shu bois, farmonga muvofiq, Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi tuzildi hamda unga energoregulyator vazifasi yuklatilgan.
Taqdimot davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev mutasaddilarga respublikani elektr bilan ta’minlash konsepsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar bergan.
Bunda, erkin energetika bozoriga o‘tishning asosiy sharti mamlakatimizda elektr energiyasiga bo‘lgan talabni to‘liq ta’minlash uchun yetarli generatsiya quvvatlarini yaratish ekani alohida ko‘rsatib o‘tilgan.
Shuningdek, yagona elektr savdosi platformasini yaratish va 2024 yil yakuniga qadar uni sinovdan o‘tkazib, ishga tushirish vazifasi qo‘yilgan.
Prezident energetika bozorini erkinlashtirish jarayonida elektr energiyasini aholiga respublikaning barcha hududlarida 2035 yilga qadar bir xil narxda sotilishi talabiga hamda tariflarni belgilashda ijtimoiy himoya prinsipiga qat’iy rioya etish shartligini ta’kidlagan.
Yangi tizim samarali ishlashi uchun uchta yo‘nalish – kadrlar tayyorlash, tarmoqning ilm-fan bilan uzviyligini ta’minlash va raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratish zarurligi qayd etilgan. Bunday kompleks ishlash tartibini markazdan tortib hududlargacha tatbiq etish topshirilgan.
Shu bois agentlikka bilimli mutaxassis va xorijiy konsultantlar ishga olinadi. Xodimlar Ispaniya, Xitoy, Turkiya va Germaniyaga malaka oshirishga yuborilishi hamda xorijiy tajriba asosida yurtimizda ham muhandis, dispetcher, SCADA operatori va boshqa mutaxassislarni tayyorlash uchun o‘quv kurslari tashkil qilinishi aytilgan.
Mirziyoyev taqdimot yakunida unda ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan soha mas’ullariga bir qator topshiriqlar bergan.