Prezident maktablariga hujjatlar qachondan qabul qilinishi e’lon qilindi
Jamiyat
−
31 may 2023
7799Prezident maktablari 2023/2024 o‘quv yili uchun qabul e’lon qildi. Bu haqda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident maktablariga 2023/2024 o‘quv yili uchun hujjatlar qabuli 10 iyundan – 30 iyunga qadar onlayn shaklda amalga oshiriladi.
Ma’lumot uchun, Prezident maktablariga topshirmoqchi bo‘lganlardan tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma, fotosurat (oxirgi 2 oyda olingan), ota-onasi yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxsning pasport ma’lumotlari va telefon raqamlari (doimiy ishlab turgan telefon raqamlari) aniq va bexato kiritilishi lozim, baholar tabeli nusxasi (direktor tomonidan tasdiqlangan) talab etiladi.
Shuningdek, talabgorning baholar tabelidagi matematika va tabiatshunoslik fanlaridan 4-sinfdagi yillik baholari “5” baho (a’lo) bo‘lishi kerak bo‘ladi.
2023/2024 o‘quv yilida o‘quvchilar Andijon, Buxoro, Guliston, Jizzax, Qarshi, Navoiy, Namangan, Nukus, Nurafshon, Samarqand, Farg‘ona, Xiva, Termiz va Toshkent shaharlaridagi Prezident maktablarining 5-sinfiga qabul qilinadi.