Prezident Maktabgacha ta’lim vazirining birinchi “zam”ini ishdan oldi. Qolgan o‘rinbosarlar ham quruq qolmadi
Jamiyat
−
24 may 2021
24633Bugun, 24 may kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hududlarda maktabgacha ta’lim muassasalari qamrovini kengaytirish masalalari muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Bolalarda maktabgacha bo‘lgan yoshda aqliy faollik oshadi, axloqiy va jismoniy xislatlar shakllanadi. Shu bois maktabgacha ta’lim sohasini rivojlantirish bo‘yicha ham tashkiliy, ham mazmun jihatidan ko‘p ishlar qilinmoqda.
Xususan, oxirgi to‘rt yilda bog‘chalar soni 5 ming 200 tadan 18 ming 300 taga oshdi. Bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 2 barobar ortib, 60 foizga yetdi. Davlat tomonidan berilgan imkoniyat va imtiyozlar natijasida xususiy va oilaviy bog‘chalar ham ko‘paydi. Bugungi kunda barcha maktabgacha ta’lim muassasalarida 1 million 700 ming nafar bola tarbiyalanmoqda.
Lekin, bu ishlar hali yetarli emas. 53 ta tumanda bog‘chalar yetishmaydi. Masalan, Surxondaryo viloyatining Bandixon, Denov, Qumqo‘rg‘on, Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi, Qamashi va Kitob, Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanlarida qamrov darajasi juda past.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda sohadagi shu kabi kamchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Ularni bartaraf etish, maktabgacha ta’lim qamrovi va sifatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Mazkur 53 ta tumanda 34 ming o‘rinli 2 mingta oilaviy bog‘cha tashkil etish choralari belgilandi. Bunday bog‘chalarga qo‘shimcha ishchi yollashga ruxsat berib, qabul qilinadigan bolalar sonini ikki barobar oshirish taklifi ma’qullandi.
Davlat rahbari asosiysi ta’lim-tarbiya mazmuni ekanini ta’kidlab, oilaviy bog‘chalarga o‘quv qo‘llanma va metodik materiallarni bepul yetkazib berish vazifasini qo‘ydi. Buning uchun davlat tomonidan jami 30 milliard so‘m ajratiladi. Shuningdek, bunday muassasalarni zarur jihozlar bilan ta’minlash uchun 5 foiz stavkada 30 million so‘mgacha imtiyozli kreditlar beriladi.
Olis hududlarda maktabgacha ta’lim qamrovini kengaytirishning yana bir manbasi – davlat-xususiy sheriklik asosidagi bog‘chalardir. Bugungi kunda bunday muassasalarda bir bola uchun 50 foiz xarajatlar subsidiya qilib kelinmoqda.
Yig‘ilishda ushbu subsidiya miqdorini 75 foizga yetkazish, xususiy bog‘chalarning elektr energiyasi va tabiiy gaz to‘lovining 50 foizini davlat byudjetidan qoplash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Bundan tashqari, pandemiya sababli to‘liq quvvatda ishlamagan davlat-xususiy sheriklik bog‘chalarning kreditlari bo‘yicha asosiy qarz to‘lovi muddati ham yil yakuniga qadar uzaytirildi.
Davlat tomonidan yangi bog‘chalar qurish ishlari ham davom ettirilmoqda. 2021-2022 yillarda 23 ta tumanning olis va chekka hududlarida 50 ta maktabgacha ta’lim muassasasi barpo etish rejalashtirilgan. Buning uchun qamrov darajasi eng past va bolalar soni 250 tadan oshgan 50 ta mahalla tanlab olingan.
Prezident ushbu bog‘chalarni ilg‘or xorijiy tajriba asosida qurish, zamonaviy jihozlar va qo‘llanmalar bilan ta’minlash yuzasidan topshiriqlar berdi.
Maktabgacha ta’lim muassasalarining 12 ming nafar xodimini o‘qitish va malakasini oshirish bo‘yicha qisqa muddatli kurslar tashkil etilishi belgilandi.
O‘z faoliyatida sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun maktabgacha ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi. Vazirning boshqa o‘rinbosarlari hamda vazirlikning barcha hududiy boshqarmalari boshliqlari o‘z vazifasini bajaruvchi darajasiga tushirildi. Ularning o‘z lavozimiga loyiqligi keyingi faoliyati natijadorligi tahlili asosida ko‘rib chiqilishi belgilandi.
LiveBarchasi