Prezident magistral elektr tarmog‘ida amalga oshiriladigan loyihalar bilan tanishdi

Jamiyat 2228
image
-

Kecha, 15 mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatida hamda elektr energiyasi tarmog‘ida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishdi.

Qashqadaryo viloyatida hamma tarmoqlar bo‘yicha salohiyat yuqori. Sanoat uchun zarur xomashyo resurslari, xizmat ko‘rsatish uchun infratuzilma, qishloq xo‘jaligi uchun yer-suv va tajriba bor. Shulardan kelib chiqib, to‘qimachilik, qurilish materiallari, kimyo va oziq-ovqat sanoati, turizm, uzumchilik, bog‘dorchilik va chorvachilik asosiy “o‘sish nuqtalari” sifatida belgilab olingan.

Joriy yil uchun umumiy qiymati 11 trillion 300 milliard so‘m bo‘lgan 1 ming 125 ta hududiy loyiha shakllantirilgan. Xususan, sanoat sohasida 296 ta, xizmat ko‘rsatishda 449 ta, qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida 380 ta korxona tashkil etilishi rejalashtirilgan. Bunda iqtisodiy samaradorlik va bandlikka alohida e’tibor qaratilgan. Bo‘lg‘usi korxonalarda yiliga 6 trillion so‘mlikdan ziyod mahsulot ishlab chiqarish quvvati yaratiladi. Bu 131 million dollarlik import o‘rnini bosish, 180 million dollarlik eksport qilish imkonini beradi. 19 mingdan ziyod kishi ish bilan ta’minlanadi.

Masalan, paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan 26 ta loyiha taklifi bildirilgan. Shundan 10 tasi tayyor mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan. Bularning natijasida paxta xomashyosini viloyatning o‘zida qayta ishlash darajasiga sezilarli oshadi. Birgina shu tarmoqda 7 ming 600 dan ziyod ish o‘rni tashkil etiladi.

Qashqadaryoda yiliga 106 ming tonna gipsokarton, 102 ming kvadrat metr kafel va boshqa qurilish materiallariga talab bor. Lekin, kerakli xomashyo bo‘lishiga qaramay, viloyatda bu mahsulotlar umuman ishlab chiqarilmas edi. Shu bois bu sohada bir nechta loyiha rejalashtirilgan.

Misol uchun, Chiroqchi tumanida 210 milliard so‘mlik loyiha evaziga gipsokarton, pardozbop toshlar, gazobeton, temir-beton konstruksiyalar ishlab chiqarish mo‘ljallangan. Buning natijasida uy-joylar qurilishida 1 kvadrat metr tannarxini 25 foizgacha qisqartirish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Shuningdek, Chiroqchi tumanida kafel ishlab chiqarish, Shahrisabz shahrida granit va marmarni qayta ishlash bo‘yicha loyihalar ham bor.

Qashqadaryoning tog‘li tumanlari meva-sabzavot, uzum, kartoshka, kovrak kabi bozorbop mahsulotlar yetishtirishga, dasht hududlar chorvachilikka ixtisoslashtirilgan. Jumladan, Nishon tumanida chorva kompleksi tashkil etib, sutni qayta ishlash bo‘yicha 110 milliard so‘mlik loyihaga kirishilgan. Bu majmuada 614 bosh naslli qoramol boqilib, yiliga 5 ming 760 tonna sut mahsulotlari tayyorlanadi. 230 nafar qishloq aholisi ishli bo‘ladi.

Shahrisabz tumanining tog‘oldi qishloqlarida kartoshka va sabzavotlar yetishtirish loyihalari ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jahatdan muhim. Buning uchun aholiga yer ajratib berilib, mahsulotlar kooperatsiya asosida sotib olinadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, shu hududning o‘zidan viloyatda kartoshkaga bo‘lgan talabning 34 foizini ta’minlash mumkin. Bu ishlarga 6 ming 500 dan ziyod aholini jalb etib, ularga daromad manbai yaratish maqsad qilingan.

Davlat rahbari loyihalarni bir-biriga yaqin, ixcham joylashtirib, kommunikatsiya xarajatlarini kamaytirish, hududiy korxonalarni yirik sanoat tarmoqlari bilan bog‘lash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi. Har bir loyiha zamirida aholini ish bilan ta’minlash masalasi yotgani uchun ularga mablag‘larni tezroq ajratish zarurligini ta’kidladi.

Taqdimotda joriy yilda elektr energetikasi sohasida amalga oshiriladigan loyihalar ham ko‘rib chiqildi.

Ma’lumki, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining elektr energiyasiga bo‘lgan talabi yildan-yilga ortib bormoqda. Buni ta’minlash maqsadida eskirgan podstansiyalar va uzatish tarmoqlari bosqichma-bosqich yangilab kelinmoqda.

Xususan, bu yil magistral elektr tarmoqlari bo‘yicha umumiy qiymati 140 million dollar bo‘lgan 6 ta loyiha rejalashtirilgan. Ulardan biri 14 ta podstansiyani modernizatsiya qilish loyihasidir. Buning samarasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda jami 1 ming 430 MVt qo‘shimcha quvvat yaratiladi. Yana bir muhim jihati, ushbu podstansiyalardagi yillik elektr energiyasi isrofi 1,5 million dollarga, ta’mirlashga sarflanadigan xarajatlar qariyb 16 million dollarga kamayadi. Hisobga olish tizimidagi xatoliklar barham topadi.

Qolgan 5 ta loyiha yangi podstansiyalar va magistral elektr uzatish tarmoqlarini qurish hamda tiklashga qaratilgan.

Past kuchlanishli elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar belgilangan. Xususan, 15 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlarini, 4 mingta transformatorni yangilash choralari ko‘rilgan. Bu ishlar natijasida mamlakatdagi 5 ming 377 ta mahallaning elektr ta’minoti yaxshilanadi.

Prezident bu loyihalarning iqtisodiy samardorligi va ijtimoiy ahamiyatini alohida ta’kidlab, ularni sifatli bajarish, elektr energiyasi ta’minoti barqarorligini oshirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 17
Reyting: 2.7
t
×