Prezident loy kechib “Sardoba” suv ombori yaqinidagi mahallalarni aylandi

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Sardoba” suv omborining yorilishi ortidan kelib chiqqan favqulodda holatning bartaraf etilishi bilan bog‘liq jarayonlar bilan tanishish uchun Sirdaryo viloyatiga borgani haqida xabar bergan edik. 

Davlat rahbari kecha suv toshqiniga duch kelgan qishloqlarda bo‘lib, hududni tozalash, infratuzilma ob’ektlarini tiklash, aholi uchun sharoit yaratish bo‘yicha topshiriqlar bergan.

Prezident Matbuot xizmatining xabar berishicha, Favqulodda vaziyatlar, Mudofaa, Suv xo‘jaligi vazirliklari, huquq-tartibot idoralari, qurilish-ta’mirlash tashkilotlari va mahalliy hokimliklarning o‘zaro muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlari natijasida bu yo‘nalishda jadal ishlar olib borilmoqda. Toshqin tufayli hosil bo‘lgan chiqindilar yig‘ishtirilib, hudud dezinfeksiya qilinmoqda. O‘t o‘chirish mashinalari yordamida ko‘lmaklardagi suv tortib olinmoqda. Yo‘llar ochilib, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari tiklanmoqda.

Natijada bugun ayrim mahallalarda oilalar o‘z uylariga qayta boshladi. Boshqa joylarda tozalash-ta’mirlash ishlari tezkor sur’atlarda davom etmoqda. Yaqin vaqtlarda ularda ham zarur sharoitlar yaratilib, hayot yana o‘z iziga tushadi.

Prezident Sardoba tumanidagi Qo‘rg‘ontepa mahallasini borib ko‘rdi. Hukumat komissiyasi mutasaddilari amalga oshirilgan chora-tadbirlar yuzasidan axborot berdi.

Ushbu mahalla fuqarolar yig‘inida 530 ta xonadon bo‘lib, 4200 nafar aholi istiqomat qiladi. Hudud suv toshqiniga birinchi bo‘lib duch kelgan, odamlar tezkor ravishda xavfsiz joylarga ko‘chirilgan edi.

Katta kuch va texnika vositalari, askarlar, xodimlar jalb qilinib, amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar natijasida tabiiy ofat oqibatlari bartaraf etilyapti, odamlar o‘z uylariga qayta boshladi.

Davlat rahbari shunday uylardan biriga kirib, xonadon egalaridan hol-ahvol so‘radi. Barcha qatori ularga ham moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilishi, hech kim e’tibor va g‘amxo‘rlikdan chetda qolmasligini yana bir bor ta’kidlangan. 

Shavkat Mirziyoyev qadrdon makoniga qaytgan mahalla aholisi bilan muloqotda bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Sardoba suv ombori Sardoba fojiasi

Baholaganlar

849

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing