Prezident korrupsiyaga qarshi kurashuvchi yangi organ masalasini muhokama qildi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11 fevral kuni korrupsiyaga qarshi kurashish hamda jamoatchilik nazorati tizimlarini takomillashtirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Fuqarolarning fikricha, sog‘liqni saqlash, ta’lim, bank, bojxona, sud, prokuratura, ichki ishlar, kommunal xizmat sohalarida, shuningdek, fuqarolarni ishga qabul qilishda korrupsiya keng tarqalgan.

Davlat rahbari yaqinda Oliy Majlisga yo‘llangan Murojaatnomada korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan ko‘ra barvaqt oldini olishga o‘tish kerakligini ta’kidlab, unga qarshi kurashishga mas’ul bo‘ladigan alohida organ tuzishni taklif qilgan edi.

Bugungi yig‘ilishda ushbu yangi tuzilmani tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Korrupsiya darajasi yuqori bo‘lgan sohalarda bu illatdan qutulish bo‘yicha dastur ishlab chiqib, ijrosini tashkil etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashishning eng asosiy yo‘li davlat organlari faoliyati va ish jarayonlarini shaffof qilishdir. Bunda eng asosiy e’tiborni ishga olish, davlat xaridlari, ruxsatnoma va litsenziyalar berish kabi jarayonlarda ochiq-oshkoralikni ta’minlashga qaratish lozimligi belgilandi.

Adliya vazirligi va Bosh prokuraturaga Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda vazirlik, kompaniya va hokimliklarda ichki korrupsiyaga qarshi choralarni ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi “komplayens nazorat” tizimini joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda, davlat xizmatchilari mol-mulki va daromadlarini deklaratsiya qilish tiziminining barcha tashkiliy-huquqiy asoslarini ishlab chiqib, amaliyotga kiritish shartligi ta’kidlandi.

Mutasaddilarga xorijiy tajriba asosida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha tuzilmani tashkil etishga doir hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi. Mazkur tuzilma nafaqat bu borada davlat siyosatini amalga oshirishi va muvofiqlashtirishi, balki korrupsiyaga qarshi kurashishda barcha kuch va vositalarga ega bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Korruptsiya

Baholaganlar

192

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing