Prezident xorijiy investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi
Jamiyat
−
08 aprel 2019 6246 2 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun, 8 aprel kuni joriy yilning birinchi choragida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va xalqaro moliya tashkilotlari ishtirokidagi loyihalarning amalga oshirilishini tahlil qilish, birinchi yarim yillikka doir vazifalarni belgilash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Keyingi yillarda vazirlar va tarmoqlar rahbarlari hududlarga yuborilib, joylarda yangi korxonalar va doimiy ish o‘rinlari tashkil etishni ta’minlaydigan investitsiya loyihalari ishlab chiqish hamda amalga oshirish bo‘yicha yangi tizim yaratildi. Investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha ko‘plab imtiyoz va yengilliklar joriy etildi.
Xorijiy davlatlar va xalqaro moliya tashkilotlari rahbarlari, jahonning yetakchi ishbilarmonlari bilan muzokaralar o‘tkazilib, mamlakatga o‘nlab milliard dollar investitsiya jalb etish bo‘yicha 700 ga yaqin investitsiya bitimlari imzolandi.
Bunday chora-tadbirlar natijasi o‘sish sur’atlarida ko‘zga tashlanmoqda. Xususan, o‘tgan yili asosiy kapitalga investitsiyalar hajmi 18 foizdan ziyod o‘sgan. Bu, o‘z navbatida, sanoat ishlab chiqarishining 14,4 foizga ko‘payishini ta’minlagan.
Muhim sifat o‘zgarishi shundaki, ilgari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokida hududiy loyihalar deyarli bo‘lmagan bo‘lsa, joriy yilda o‘zlashtiriladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalarning yarmi hududlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
2019 yilgi Investitsiya dasturiga muvofiq jami 3 ming 200 dan ziyod investitsiya loyihasi doirasida qariyb 14 milliard dollar miqdoridagi kapital qo‘yilmalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Shundan 4 milliard dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish belgilangan.
Yig‘ilishda mazkur investitsiya loyihalari tarmoqlar va hududlar kesimida tahlil qilinib, olib borilayotgan ishlar yuzasidan tegishli rahbarlarning hisobotlari eshitildi. Muddatidan kechikayotgan loyihalarning muammoli jihatlari muhokama qilindi.
Birinchi chorakda belgilangan mablag‘lar o‘zlashtirilgan bo‘lsa-da, ayrim tarmoqlar va hududlarda ishlar qoniqarsiz ekani ko‘rsatib o‘tildi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, “O‘zavtosanoat”, “O‘zagrotexsanoatxolding” aksiyadorlik jamiyatlari, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi rahbarlari, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Namangan, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hokimlarining investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari ogohlantirildi.
Davlat rahbari investitsiyalarning o‘z vaqtida o‘zlashtirilishini ta’minlash uchun yangi nazorat tizimini joriy etishni taklif qildi. Unga ko‘ra, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi barcha loyihalar to‘rtta ro‘yxatga bo‘linib, alohida va izchil nazorat qilib boriladi.
Live
Barchasi