Prezident xorijdan sportchilar olib kelish amaliyotini tanqid qildi
Sport
−
13 avgust 2021
3272Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 13 avgust kuni Tokio Olimpiadasida ishtirok etgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashuvdagi nutqida 2024 yil Parij shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish doirasida ko‘rilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar va xorijdan sportchi olib kelish amaliyoti to‘g‘risida fikr bildirdi.
“Parijda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi yozgi Olimpiadaga 100 dan ziyod litsenziyani qo‘lga kiritish va medallar bo‘yicha yetakchi 15 ta mamlakat qatoridan joy olish uchun hamma imkoniyatlarimiz bor.
Har bir hudud kesimida Olimpiada o‘yinlariga hozirlik ko‘rish dasturlarini ishlab chiqib, uni tizimli tashkil etish kerak.
Sport ta’lim muassasalarida Paralimpiya bo‘limlarini tashkil etib, ularga 10 foiz qo‘shimcha kvotalar ajratish yaxshi natija berishi mumkin.
Sportchilarni o‘qitishda ota-onalar tomonidan pul to‘lash tartibini bekor qilish zarur. Shuningdek, bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalariga jismoniy tarbiya va sport yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ikkinchi bosqichga, imtihon sinovlarisiz qabul qilish tizimini ham joriy etishimiz kerak.
Shu o‘rinda katta xarajatlar evaziga xorijdan sportchilarni (legioner) olib kelish tajribasi unchalik ham o‘zini oqlamayotganini ochiq aytishimiz kerak.
Bunday amaliyotdan voz kechib, mahalliy sportchilarimizni tarbiyalashga jiddiy e’tibor qaratadigan payt keldi.
Xorijdan legionerlar emas, yetuk mutaxassislar hamda sportchilarni tayyorlash metodikasini olib kelish kerak”, deydi Shavkat Mirziyoyev.
Avvalroq, Prezident Tokio Olimpiadasida ishtirok etgan sportchilar va ularning ota-onalari bilan uchrashgani haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi