Prezident karantin bo‘yicha cheklovlarni bosqichma-bosqich yumshatish bo‘yicha topshiriq berdi

Jamiyat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 aprel kuni sanoat, qurilish va infratuzilma tarmoqlari korxonalarining to‘liq ishlashini ta’minlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Mamlakatda koronavirus epidemiyasiga qarshi o‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ko‘plab hududlar bu xavfdan saqlab qolindi. Shunga qaramay, aksariyat viloyat va tumanlarda korxonalar o‘z ishini to‘xtatgan yoki to‘liq quvvat bilan ishlamayapti. Bu holat hududlar iqtisodiyoti va ijtimoiy sohaga, oddiy qilib aytganda, aholi hayotiga salbiy ta’sir qilmoqda.

Davlat rahbari yig‘ilish avvalida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Vaqtincha ishlamayotgan va yordamga muhtoj oilalarni aniqlab, ularni manzilli asosda oziq-ovqat va dori-darmon bilan ta’minlash ko‘lamini yanada kengaytirish kerakligi ta’kidlandi.

Hozirgi pandemiya paytida ishsizlar, yordam va ko‘makka muhtoj aholi soni ortishi tabiiy. Turli mamlakatlar kasallikka qarshi kurashish barobarida ish joylarini saqlab qolish va iqtisodiyotni keskin tanazzulga uchramasligi uchun bor imkoniyatlarni ishga solmoqda.

Butun dunyoda bo‘lgani kabi bu murakkab jarayon O‘zbekistonni ham chetlab o‘tayotgani yo‘q. Xalqni ta’minlash uchun ham, iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash uchun ham mamlakatning zaxiralari va imkoniyatlari yetarli.

Shu bois Prezident o‘zbek xalqining tarixiy va ma’naviy qadriyatlarini, mehr-saxovat, oqibat va himmat kabi yuksak fazilatlarini inobatga olgan holda, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish tashabbusini ilgari surdi.

“Yaqin kunlarda barchamiz uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyi kirib keladi. Bu oyda ehtiyojmand va muhtoj oilalarga yordam ko‘rsatish ham qarz, ham farzdir. Shuning uchun ushbu muqaddas oyda har bir tadbirkor o‘zi faoliyat yuritayotgan hududda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini, avvalo mahalladoshlari, qo‘ni-qo‘shnilarini faol qo‘llab-quvvatlashi maqsadga muvofiq”, deydi davlat rahbari.

Buning natijasida Ramazon oyida amalga oshiriladigan ehson va xayriyalar manzilli bo‘ladi, iftorliklarga sarflanadigan mablag‘lar va oziq-ovqat mahsulotlari aholining kam ta’minlangan qatlamlariga yo‘naltiriladi.

Imkoniyatidan kelib chiqib, qaysidir tadbirkor bir oyda misol uchun, 10 ta, boshqa biri esa 20 ta oilaga ko‘maklashishi, eng muhimi muhtoj oilalar a’zolarini ishga jalb qilishi mumkin. Davlat tomonidan o‘z navbatida bunday tadbirkorlarga soliq, lizing, kredit to‘lovlari,  zarur resurslar bilan ta’minlash bo‘yicha turli imtiyoz va preferensiyalar beriladi. Ya’ni, bu aholiga davlat tomonidan tadbirkorlik sub’ektlari orqali ko‘rsatiladigan saxovat va ko‘mak bo‘ladi.

Bu jarayonda yirik korxonalar, ularning joylardagi tarkibiy bo‘linmalari, fermerlar va klaster xo‘jaliklari ham ixtiyoriy qatnashishi muhim ekanligi ta’kidlandi.

Ushbu tashabbus Savdo-sanoat palatasining joylardagi bo‘limlari, banklar, ijtimoiy muhofaza idoralari hamkorligida amalga oshirilishi belgilandi.

“Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati davlatimiz va xalqimiz qudratining amaliy namoyoniga aylanishiga ishonaman”, deydi Prezident.

Mavzuni davom ettirar ekan, davlat rahbari Respublika komissiyasiga koronavirus umuman aniqlanmagan yoki epidemiologik vaziyat yaxshilangan viloyat, tuman va shaharlarda karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yumshatish choralarini ko‘rish bo‘yicha topshiriq berdi. Faoliyati tiklanadigan ob’ektlarda ishlar sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda tashkil etiladi.

Aholi bandligi va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash borasida katta imkoniyatlarga ega “drayver”lardan biri qurilish sohasi hisoblanadi. Xususan, bu tarmoq 1 million 325 ming nafar aholini ish bilan ta’minlaydi, boshqa sanoat yo‘nalishlari uchun ham talab yaratadi. Shu bois, karantin davrida qurilish hajmi kamayishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bu sohaga qo‘shimcha 3,6 trillion so‘m mablag‘ ajratildi.

Joriy yilning birinchi choragida qurilish ishlari hajmi 6,5 foizga o‘sgan bo‘lsa-da, o‘tgan yilning shu davridan 4 foizli bandga orqada qolmoqda.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, karantin qoidalariga to‘liq rioya qilgan holda, barcha qurilishlarni davom ettirishga ruxsat beriladi. Ichki ishlar vazirligiga soha korxonalari va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarning harakatlanishiga sharoit yaratish vazifasi qo‘yildi.

Joriy yilda 30 ming xonadonli ko‘p qavatli uylar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Lekin 25 ta shaharda buning uchun yer maydonlari haligacha ajratilmagan. Ipoteka krediti olish bo‘yicha arizalarni ko‘rib chiqishda ham sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan.

Yig‘ilishda bu kamchiliklarni tez kunlarda bartaraf etish, ko‘p qavatli uylar uchun yerni aholi talablari yuqori bo‘lgan hududlardan ajratish zarurligi ta’kidlandi.

Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan xususiy pudrat tashkilotlariga kreditlarning foiz xarajatlarini qisman qoplash va kredit summasining 50 foizigacha kafolat berish mexanizmi joriy etilishi belgilandi.

Yangi tartib asosida berilayotgan ipoteka kreditlari muddatini 15 yildan 20 yilga uzaytirish, shuningdek, ipoteka kreditining eng yuqori chegarasini bozor talablari asosida ko‘paytirish kerakligi qayd etildi.

Qurilish sifatini oshirish, soha korxonalari faoliyatini baholash reytingi va elektron tender tizimini ishga tushirishni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

554

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing