Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga tashrifi yakunlandi
Jamiyat
−
16:45 1124 2 daqiqa
Bugun, 6 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokiston Islom Respublikasiga davlat tashrifining tadbirlarga boy dasturi yakuniga yetdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston rahbari Islomobodda Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Asif Ali Zardoriy va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan batafsil muzokaralar o‘tkazdi. O‘zbekiston – Pokiston do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda siyosat, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, transport, logistika va gumanitar sohalardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish bilan bog‘liq asosiy masalalar muhokama qilindi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida ustuvor sohalarda hamkorlikni chuqurlashtirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami imzolandi.
Shuningdek, Pokiston Mudofaa kuchlari Bosh qo‘mondoni – Qurolli kuchlarning quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni Asim Munir, Bosh vazir o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri Ishoq Dor bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston rahbari ikki kunlik tashrif davomida O‘zbekiston – Pokiston biznes forumida ishtirok etdi va Pokistonning yetakchi ishbilarmon doiralari vakillari bilan uchrashdi.
“Ayvoni Sadr” qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga Pokistonning oliy davlat mukofoti – “Nishoni Pokiston” ordenini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston rahbariga Pokistonning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan birining faxriy doktori va professori unvonlari berildi.
Pokiston poytaxtidagi ko‘chalardan biriga Toshkent, yangi barpo etilayotgan bog‘ga esa Zahiriddin Muhammad Bobur nomi berilgani tarixiy meros mushtarakligi, O‘zbekiston va Pokiston xalqlarini yanada yaqinlashganining ramzi bo‘ldi.

Davlat tashrifi yakunlangach, Prezident Toshkentga jo‘nab ketdi. “Nurxon” aeroportida oliy martabali mehmonni Pokiston Bosh vazirining maxsus maslahatchisi – sanoat va ishlab chiqarish vaziri Horun Axtar va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi.
Live
Barchasi