O‘zbekiston va Pokiston Prezidentlari muzokara o‘tkazdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Islomobod shahriga davlat tashrifi doirasida “Ayvoni Sadr” qarorgohida Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Asif Ali Zardoriy bilan tor doirada va delegatsiyalar ishtirokida uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish, do‘stlik hamda strategik sheriklikni mustahkamlashning joriy holati va dolzarb yo‘nalishlari muhokama qilingan.

Uchrashuv avvalida Asif Ali Zardoriy O‘zbekiston rahbarini Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi muvaffaqiyatli bo‘lgani munosabati bilan tabriklagan hamda ushbu davlat tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni chuqurlashtirishga yangi sur’at bag‘ishlaydigan tarixiy ahamiyatga ega ekanini qayd etgan.

Yangi O‘zbekistonni 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar yuqori baholangan.

Turli darajalardagi faol aloqalar mamnuniyat bilan qayd etilgan. Tovar ayirboshlash va qo‘shma korxonalar soni barqaror o‘sib bormoqda. Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Islomoboddagi sammitga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi va siyosiy maslahatlashuvlar samarali o‘tkazilgan.

Amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiya aloqalarini rivojlantirish hamda ishbilarmonlik almashinuvlarini faollashtirish muhimligi ta’kidlangan.

Yaqin istiqbolda o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish va amalga oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqilgan.

Hududlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Hududlararo forumning birinchi yig‘ilishini shu yil Xivada o‘tkazishga kelishib olingan.

Xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash yuzasidan fikr almashilgan. Tomonlar dolzarb mintaqaviy va xalqaro kun tartibi bo‘yicha pozitsiyasi o‘xshashligi hamda bir-birlarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishlarini yana bir bor tasdiqlagan.

Madaniy va gumanitar almashinuvlarni yanada kengaytirish hamda ta’lim, ekologiya, sport va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni ilgari surishga o‘zaro intilish qat’iy ekani qayd etilgan.

Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Asif Ali Zardoriyni O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif etgan.

Eslatib o‘tamiz, ayni damda Shavkat Mirziyoyev davlat tashrif bilan Pokiston bo‘lib turibdi. Kecha, 5 fevral kuni O‘zbekiston yetakchisi tashrif doirasida “Global sanoat va mudofaa yechimlari” kompaniyasining bosh qarorgohiga tashrif buyurib, Mudofaa kuchlari Oliy Bosh qo‘mondoni – Qurolli kuchlarning quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni, feldmarshal Asim Munir bilan uchrashuv o‘tkazdi va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri Ishoq Dorni qabul qildi.

Shuningdek, Pokiston Bosh vazirining qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, Shavkat Mirziyoyev va Shahboz Sharif tor doirada muzokara hamda oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishini o‘tkazdi va Islomoboddagi ko‘chalardan biriga Toshkent va yangidan barpo etiladigan bog‘ga Zahiriddin Muhammad Bobur nomini berish marosimida qatnashdi. Shu bilan birga, oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va  Shahboz Sharif Qo‘shma deklaratsiyani imzoladi. Shavkat Mirziyoyevga Pokiston Milliy fan va texnologiyalar universitetining faxriy doktori va professori unvolarini berish marosimi bo‘lib o‘tdi.  

Bugun, 6 fevral kuni Shavkat Mirziyoyev Islomobod shahriga davlat tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif bilan birgalikda qo‘shma biznes forumida ishtirok etdi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Asif Ali Zardoriy Ayvoni Sadr

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing